Yog‘ochning chidamliligini oshirish usullari. Yog‘ochning zararli hasharotlar ta’siriga hamda chirish kasalligiga qarshilik ko‘rsatishiga uning chidamliligi deb ataladi.
Pardozbop yog‘ochni chirishdan va hasharotlardan muhofaza qilish choralari ko‘rilsa, juda uzoq muddatgacha buzilmaydi. Yog‘ochning chidamliligini oshirish uchun, mikroorganizmlar, zamburug‘lar va zararli hasharotlar ko‘paya olmaydigan sharoit yaratish kerak. Buning uchun yog‘och yaxshilab quritiladi, bo‘yaladi, maxsus kimyoviy bo‘yoq surtiladi va unga antiseptik (chirish kasalliklaridan saqlaydigan) suyuqliklar shimdiriladi. Nam va boshqa zararli muhit ta’siridan xoli bo‘lgan yog‘och konstruksiyalarining 150—160 va bundan ko‘p yillar buzilmay turganligi ma’lum.
Pardozbop yog‘och buyumlar va konstruksiyalarning chidamliligini oshirishning oson va arzon usuli — quritishdir. Nam sharotdagi pardozbop yog‘ochning tez chirishi hammaga ma’lum. Yog‘ochni quritish undan ishlangan buyum va konstruksiyalarning sifatli bo‘lishini ta’minlaydi. Shuning uchun yangi kesilgan daraxtdan yog‘och ashyolar olishdan avval u tabiiy (ochiq havoda) yoki sun’iy (quritish kameralarida) quritiladi.
Ayrim hollarda daraxtdagi namni uni kesmasdan turib ham kamaytirish mumkin. Buning uchun yer sathidan 70 sm yuqorida daraxt tanasining po‘stlog‘i halqa shaklida tasmasimon qilib shilinadi, natijada oziqa o‘tmaydi va daraxt quriydi.
Yog‘ochning tabiiy namligini kamaytirishning oddiy usuli, O‘zbekiston sharoitida uni ochiq havoda quritishdir. Buning uchun kesilgan daraxtlar naviga va katta-kichikligiga qarab ajratiladi va toza, quruq joyga, orasidan shamol o‘tib turadigan qilib to‘g‘ri shtabellar tarzida taxlanadi. Shtabelning ustki qatoridagi xarilar bir tomonga biroz qiya qilib taxlanadi va yomg‘irdan namlanmasligi uchun biror tombop ashyo bilan yopib qo‘yiladi.
Ma’lumki, xari va xodalar tez qurisa, ularda ichki hamda tashqi yoriqlar hosil bo‘ladi. Buning oldini olish uchun yog‘ochlarning uchiga ohak, bo‘r, suyuq yelim yoki osh tuzi eritmasi surtiladi. Yog‘ochlar shtabel tariqasida taxlanishi lozim. Tilingan pardozbop yog‘och ashyolar tabiiy usulda quriganda taxminan 75% namligini yo‘qotadi. Lekin tabiiy usulda quritishga ko‘p vaqt ketadi. Ignabargli va yassi bargli daraxtlar qalinligiga va naviga ko‘ra 1-2 yil davomida quriydi. Umuman, yog‘och ashyolarning ochiq havoda har bir santimer qalinligining qurishi uchun o‘rta hisobda 1 yil, O‘zbekiston sharoitida esa 6-7 oy ketadi.
Sun’iy quritish usulida yog‘och ashyolari kameralarga kiritiladi va issiq havo yoki yuqori chastotali tok yordamida quritiladi.
Yog‘ochni yuqori chastotali tok bilan quritish uchun 2, 4 yoki 6 ta to‘rsimon elektrodlar yog‘och sirtiga o‘rnatiladi va generatordan tok yuboriladi (2.22-rasm). O‘zgaruvchan tok yog‘och tanasiga o‘tib, issiqlik energiyasiga aylanadi va uni quritadi. Bu usulning yuqoridagilardan afzalligi shundaki, bunda yog‘och tez va bir me’yorda juda sifatli bo‘lib quriydi. Unda yorilish, buralish kabi nuqsonlar paydo bo‘lmaydi.
Yuqorida aytilgan usullar bilan quritilgan pardozbop yog‘ochdan tayyorlangan buyumlar bo‘yaladi yoki ularga isitilgan alif moyi shimdiriladi. Hozir yog‘och ashyolar juda serob bo‘lgan joylarda yuqori haroratda quritish usuli keng qo‘llanilmoqda. Buning uchun tabiiy nam yog‘och maxsus vannalarda 120—140°C gacha qizdirilgan moysimon petrolatum suyuqligiga botiriladi (petrolatum — neftni qayta ishlashda chiqadigan och-jigarrang moysimon modda). U 56-60°C da erib suyuq holatga o‘tadi, 260—320°C da esa birdan yonib ketadi. Moysimon suyuqlik yog‘ochni tezda isitib, undagi namni bug‘lantiradi. Natijada, yog‘och g‘ovaklarida bosim hosil bo‘ladi va suv bug‘i bilan to‘yingan havo tez sur’atda chiqib ketadi. Vannadagi petrolatumning yog‘ochni quritish vaqtida ko‘pirishi undagi namlikning bug‘ bo‘lib chiqishidan darak beradi. Bu usul bilan quritilgan yog‘och yorilmaydi. Shuningdek, quritishga kameradagiga nisbatan kam vaqt ketadi.
Umuman, pardozbop yog‘ochning namligini 20% dan kamaytirishga erishilsa, havo quruq sharoitda unda chirish kasalliklarini keltiruvchi zamburug‘lar hosil bo‘lmaydi. Antiseptik moddalar yog‘ochda chirish kasalliklarini tug‘diruvchi zamburug‘larni zaharlashda ishlatiladi.
Yog‘och sanoatida ishlatiladigan antiseptik moddalar suvda eruvchan va suvda erimaydigan xillarga bo‘linadi. Antiseptiklar davlat standartlariga ko‘ra quyidagi shartlarni qoniqtirishi lozim: yog‘ochdagi zararli organizmlarni nobud etishi, shuningdek, uzoq muddatga chidamli bo‘lishi; yog‘ochga, hamda temir bo- g‘ichlarga nisbatan zararsiz va oson shimiluvchan bo‘lishi; hidsiz va suvda namlanmaydigan, shuningdek, ishchilar uchun zararsiz bo‘lishi kerak va hokazo.
Qurilishda quyidagi antiseptik moddalar qo‘llaniladi. Natriy ftorid — oq rangli, kukunsimon, suvda erishi qiyin bo‘lgan hidsiz moddadir. Natriy ftorid 3 va 4,5 % li eritma sifatida binoning ichki qismiga ishlatiladigan yog‘och konstruksiyalarni shimdirishda ishlatiladi.
Shuningdek, kremniy kukuni, mis kuporosi, slanes va antratsen moyi, bitumli, ekstraktli va silikat pastalar ishlatiladi.