Ko‘p ishlatiladigan gidravlik qorishmalar tarkibi Havoyi ohak qorishmalari asosan binoning namlik ta’siridan xoli bo‘lgan qismlarida ishlatiladi. Uning siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 0,4-1,0 MPa ga teng.
To‘ldirgichlarning yirikligi devor choklarining qalinligiga qarab belgilanadi. Umuman, qumning yirikligi chok qalinligining 1/4-1/5 qismidan oshmasligi yoki uning yirikligi ko‘pi bilan 2,5 mm bo‘lishi kerak. Yuqori (100 dan katta) markali qorishmalar uchun qum tarkibidagi zararli aralashmalar 5% dan oshmasligi kerak. Davlat standartlariga ko‘ra markasi 25 va 50 bo‘lgan qorishma uchun qum tarkibida chang va loy zarrachalari miqdori 10% gacha ruxsat etilgan.
Qorishmalarni ishlash dastlab ashyolarni tayyorlash, tortish va aralashtirishdan boshlanadi. Qorishma tayyorlashda ishlatiladigan to‘ldirgichlar katagining kattaligi 2 mm li g‘alvirdan o‘tkazilishi kerak. Agar qorishmaga tuproq qo‘shilsa, uning yoyiluvchanligini 14-15 sm ga teng qilib suvda qorishtiriladi, so‘ngra qorishmaga qo‘shiladi. Agar qorishma yetarli darajada mustahkam bo‘lmasa, unga 10—15% sement qo‘shiladi, mustahkamligi keragidan ortiq bo‘lsa sement miqdori kamaytiriladi.
QURILISH QORISHMALARINING XILLARI
Pardozbop-suvoqbop qorishmalar. Suvoqbop qorishmalar g‘isht, tosh terishda ishlatiladigan qorishmaga nisbatan mustahkamligi kam bo‘ladi (0,2-1MPa). Bunday qorishma uchun asosiy ko‘rsatkich uning qulay joylanuvchanligi, mayinligi, yuqori yopishqoqligi, asos bilan mustahkam birikishi va qotish jarayonida uning sirtida darz va yoriqlar hosil bo‘lmasligi hamda rang beruvchi pigmentlarning chidamliligidir. Agar pardozbop-suvoqbop qorishma konstruksiyani korroziyadan saqlash maqsadida ishlatilsa, u holda qorishmaning mustahkamligi yuqori, zich, chidamli va o‘zidan suv o‘tkazmaydigan bo‘lishi kerak. Pardozbop- suvoqbop qorishma quyuq bo‘lsa, yupqa qatlamda devor yuzasiga yotqizilganda u kichik choklarni to‘lg‘azmaydi va tegishli sirt bilan mustahkam birikmaydi. Shu sababli suvoqbop qorishmalar yuqori yoyiluvchi, ya’ni mayin qilib tayyorlanadi.
Oddiy suvoq uch qatlamdan iborat bo‘ladi. Birinchi qatlam —qora suvoqdeb ataluvchi yuzani tayyorlash qatlam bo‘lib, uning qalinligi 5—8 mm ga teng. Bunda, qorishmaning yoyiluvchanligi yoki konusning cho‘kish chuqurligi 3—12 sm bo‘lishi kerak. Ikkinchi qatlam — asosiy qatlamning qalinligi 5— 12 mm, qorishmaning yoyiluvchanligi esa 7-8 sm bo‘ladi. Uchinchi qatlam —pardozlash yoki tekislash qatlami qalinligi 1,5-2 mm. Bu qatlam uchun qorishmaning yoyiluvchanligi 7-10 sm bo‘lishi kerak.
Bino devorlarining ichki tomon sirtini suvashda asosan ohakli va ohak-gipsli qorishmalar ishlatiladi.
Bunda birinchi qatlam uchun qorishma tarkibi 1:3, ikkinchi qatlam uchun esa 1:2 nisbatda olinadi.