11-modda. Oilaviy huquqlarni himoya qilish Oilaviy huquqlarni himoya qilish sud tomonidan fuqarolik sud ishlarini yuritish qoidalari bo’yicha, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa, vasiylik va homiylik organlari yoki boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Oilaviy huquqlarni himoya qilish ushbu Kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan usullarda amalga oshiriladi.
12-modda. Oilaviy munosabatlarda da’vo muddatining qo’llanilishi Oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan talablarga nisbatan da’vo muddati joriy qilinmaydi, ushbu Kodeks bilan belgilangan hollar bundan mustasnodir.
Da’vo muddatini belgilovchi normalarni qo’llashda sud O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga amal qiladi.
II bo’lim. Nikoh 3-bob. Nikoh tuzish tartibi va shartlari 13-modda. Nikoh tuzish tartibi Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi.
Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.
Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o’tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.
Uzrli sabablar bo’lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o’tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin.
Alohida hollar (homiladorlik, bola tug’ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.
Nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi nikohni ro’yxatga olishni rad etganda, shikoyat bilan bevosita sudga yoki bo’ysunishiga ko’ra yuqori turuvchi organga murojaat qilinishi mumkin.
14-modda. Nikoh tuzishning ixtiyoriyligi Nikoh tuzish ixtiyoriydir.
Nikoh tuzish uchun bo’lajak er-xotin o’z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo’lishi kerak. Nikoh tuzishga majbur qilish taqiqlanadi.