Ijtimoiy-psixologik muhit — bu jamoaning ichida ishlar jarayonida shakllanadigan ma’naviy-psixologik ruhiy holat bo‘lib, u odamlar orasidagi obyektiv va subyektiv bog‘lanishlar asosida o‘rnatiladigan o‘zaro munosabatlarda namoyon bo‘ladi.
Jamoaning ijtimoiy-psixologik muhitiga (IPM) bir qator omillar: umuman jamiyatning ijtimoiy-psixologik muhiti, hayotiy faoliyatning sharoitlari, guruhiy dinamika ta’sir ko‘rsatadi. Atrofidagi odamlarni jipslashtirish va o‘zining ketidan ergashtirish qobiliyatiga ega bo‘lgan rahbar guruhning psixologik yetakchisi bo‘lsa, jamoadagi muhit barqarorlashadi.
IPM jamoaning ijtimoiy jihatdan yetukligini ko‘rsatkichi sifatida xizmat qilishi mumkin. Mehnat jamoasidagi ijtimoiy-psixologik jarayonlarni o‘rganish uchun tadqiqot maxsus usullari: kuzatish, hujjatlarni tahlil qilish, eksperiment, anketalashtirish, intervyu olish, testlash, sotsiometriyadan foydalaniladi.
„Sotsiometriya“ atamasi shaxslararo munosabatlarni o‘lchash uslublarini ishlab chiqqan amerikalik olim Djon Moreno tomonidan taklif etilgan. Bunday tadqiqotlarning maqsadi — mehnat jamoasidagi shaxslararo va guruhli munosabatlar, jamoa a’zolarining psixologik jihatdan bir-biri bilan chiqisha olishi, ularning simpatiyalari, antipatiyalari, rahbarlik usulining jamoadagi ma’naviy-psixologik muhitga ta’siri to‘g‘risidagi axborotni to‘plashdan iborat. Тadqiqot uslublarini mohirona (har bir xodim hamda jamoaning psixologiyasiga aralashish chegaralarini hisobga olgan holda) tatbiq etish kichik guruhlar va jamoalarni jamlash va ularni boshqarish, ya’ni boshqaruvning psixologik usullarini amalga oshirish imkonini beradi.
Sotsiometriya usulining mohiyati tadqiqot o‘tkazilayotgan jamoaning har bir a’zosiga faoliyat va dam olishning ma’lum turi uchun sherik tanlash, taklif etilishidan iborat. Sheriklarni tanlashda moyilliklarning taqsimlanishi jamoa ichidagi munosabatlarni aks ettiradi. Amalda sotsiometriya muolajasi quyidagilardan iborat bo‘ladi: guruh (jamoa) a’zolaridan individual tartibda guruhdagi o‘zaro munosabatlarning turli jabhalari bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator savollarga (10—15) javob berish so‘raladi. Eng muhimi, savollarda hamkasabalar bilan o‘zaro munosabatlarning ikki turi: mutaxassislar va hamkasabalar sifatida hamda o‘rtoqlar sifatidagi munosabatlar asos qilib olingan bo‘lishi kerak. Javoblar yozma ravishda, izohlarsiz beriladi, ularda faqat ish (o‘qish) bo‘yicha o‘rtoqlarning familiyasi yoziladi. Sotsiometrik tadqiqotlarning natijalari ikki usul: grafik va tahlil usulida qayta ishlab chiqiladi. Olingan sotsiomatritsa guruh a’zolarining bir-biriga bo‘lgan muno-sabatlarini, guruhning jipsligini, uning yetakchisini aniqlash, sotsiometrik maqomni va emotsional ekspansivlikni belgilash imkonini beradi.
Jamoaning ijtimoiy madaniyati dinamik omillar tizimi bilan belgilanadi:
· xodimlarni o‘zining mehnat faoliyati va ish joyiga bo‘lgan munosabati, · firma ichidagi ijtimoiy kommunikatsiya, · boshqaruv madaniyati, · hukmronlik qiladigan asoslar va axloq. Tashkilotda ishlaydigan odamlar bir-biridan jinsi, yoshi, ma’lumoti, millati, oilaviy holati va hokazolar bo‘yicha farqlanadi. Bu munosabatlarning barchasi ham alohida xodimlarning ishlash xususiyatlari va o‘zini tutishiga, ham tashkilotning boshqa a’zolari harakatlari hamda o‘zlarini tutishlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu boyis menejer qo‘l ostidagi xodimlar bilan ishini shunday tashkil etishi kerakki, u har bir odamning o‘zini tutishi va faoliyatining ijobiy natijalarini rivojlantirishga yordam ko‘rsatishi va negativ oqibatlarni bartaraf etishga harakat qilishi zarur.