ELEKТR ENERGIYANI ISHLAB CHIQARISH, UZAТISH VA ТAQSIMLASH Elektr energiyani ishlab chiqarish Elektr energiya ishlab chiqaradigan qurilmalarni elektr stansiyalar deyiladi. Elektr energiya ishlab chiqarish uchun qandaydir birlamchi energiyani sarf qilish kerak. Issiqlik elektr stansiyalarida neft mahsulotlari, gaz, ko‘mir va boshqa turdagi yoqilg‘ilar ishlatiladi. Gidroelektrstansiyalar daryolarda qurilib, suvning bosimi bilan ishlaydi. Shamol bilan ishlaydigan elektr stansiyalar ko‘proq Xitoy va Germaniyada qurilgan. Hozirgi davrda quyoshning energiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri elektr energiyaga aylantiriladi. Elektr energiya ishlab chiqarish uchun Yer yuzida ishlatiladigan xomashyo kamligi uchun atom elektr stansiyalari qurilgan va qurilmoqda. O‘zbekistonda elektr stansiyalarning quvvati 12 mln kW dan ortib ketdi. 1 million kW dan oshiq gidroelektrstansiyalar ishlab turibdi. Sirdaryo GRESning quvvati 3 mln kW, Chorvoq GESning quvvati 600 ming kW va Тoshkent GRESining quvvati 1,9 mln kW. Uzoq joylarda elektr energiya ishlab chiqarish uchun olib yuriladigan, suyuq yoqilg‘ida ishlaydigan elektr stansiyalar ham ishlab chiqariladi.
Elektr stansiyalarning yuklanish grafigi Elektr stansiyalarni ishlatilganda bir sutkali, oylik va yillik yuklanish (nagruzka) grafiklari tuziladi. Elektr stansiyaning sutkali yuklanish grafigi tuzilganda, gorizontal chiziq bo‘yicha soatlar, vertikal chiziq bo‘yicha esa o‘rta yuklanish siniq chiziqlar bilan belgilanadi. Unda bir kecha-kunduzda iste’molchilar sarf qilgan elektr energiya aniqlanadi. Bundan tashqari, grafikda har bir soatda yuklanish o‘zgarib turishi aniqlanadi. 1.83-rasmda elektr stansiyaning bir sutkada yuklanish o‘zgarishi ko‘rsatilgan.
Har bir oy va yil uchun 1.83-rasmga o‘xshash grafiklar tuziladi. Grafiklarga qarab elektr energiya ishlab chiqarish uchun xomashyo yetkazib berish, suvni tejash va elektr stansiyalarni ta’mirlash dasturlari ishlab chiqiladi.
Elektr stansiyalarning quvvatini tanlash Gidroelektrstansiyalarni tanlashda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va aholini suv bilan ta’minlash hisobga olinadi. Shuning uchun to‘g‘onlar qurilganda suvni tejash masalalari va suv ostida qolib ketadigan yerlar hamda inshootlar hisobga olinadi. Issiqlik elektr stansiyalarining quvvatini tanlashda 15—20 yillar mobaynida iste’molchilarning ko‘payib borishi, quvvatning maksimal ravishda ishlatilishi va elektr energiyani masofadagi iste’molchilarga yetkazib berishi uchun 10—15 % yo‘lda yo‘qolib ketadigan quvvat hisobga olinadi. Hamma iste’molchilarning belgilangan umumiy quvvati tokopriyomniklarning o‘rnatilgan quvvati deb ataladi. Elektr stansiyaning bir yilda ishlab chiqargan elektr energiyasini kilovatt-soatlarda uning (generatorlarning) quvvatiga kilovattlarda nisbati elektr stansiyaning yil mobaynida quvvatidan foydalanilgan soatlarini ifodalaydi. Elektr stansiyalarning quvvatidan bir yilda 6000—7000 soat foydalaniladi. Qolgan vaqtda uskunalar ta’mir qilinadi. Agarda elektr stansiya yaxshi ishlab tursa, yozda ta’mirlanadi, chunki iste’molchilar bu vaqtda kam elektr energiya oladi.