Simlardan elektr tokini uzatishida isroflar aynan qarshiliklarda ro‘y beradi. Qarshiligi yo‘q simlardan foydalanish qanchalik foydali ekanligi ravshan. Hozirda ishlab chiqarilayotgan energiyaning 10% i simlarda isrof bo‘lmoqda. Bu juda katta energiya - har 10ta elektrostansiyaning biri isroflarni qoplashga ishlamoqda. Bu muammoni hal qilishda o‘ta o‘tkazgichlar qo‘l keladi. Biroq, ularni tayyorlash juda qiyin, qimmat va murakkab masala.
O‘ta o‘tkazuvchanlikni hosil qiluvchi past temperaturani murakkab jihozlar yordamida hosil qilinadigan suyuq geliy ta’minlaydi. Suyuq geliyni suyuq holda ushlab turish uchun unda hosil bo‘layotgan issiqlikni ko‘p miqdordagi suyuq azot vositasida tashqariga uzatib turish kerak. Ularni tashqi issiq muhitdan izolyatsiyalash kerak. Suyuq geliy kamyob va qimmat. Apparatura va uni ishlatish uchun odamlar yuqori texnologiyalarga mansub bo‘lishi talab qilinadi. Shuning uchun o‘ta o‘tkazgichlarning kritik temperaturasini ko‘tarish juda muhim masala. yuqori kritik temperaturali (masalan, minus 2000S va udan yuqori) o‘ta o‘tkazgichlar yaratish texnologiyasi yo‘lga qo‘yilsa, bu temperaturani ta’minlash uchun arzon va mo‘l suyuq azotdan foydalanish mumkin. Hozircha faqat ixcham texnologik jihozlardagina suyuq geliy bilan sovo‘tiladigan o‘ta o‘tkazgichlar qo‘llanilmoqda.
Doimiy magnitlar bizga tanish. Ularning maydon kuchlanganligi uncha yuqori emas. Kuchli magnit oqimlarini elektromagnitlar (po‘lat yoki boshqa, magnit oqimini yaxshi o‘tkazuvchi o‘zakli katta cho‘lg‘am)lar bilan hosil qilinadi. Katta maydon kuchlanganligiga cho‘lg‘amning o‘ramlar soni va (yoki) tokini oshirib erishish mumkin. Tok oshgan sari sim qiziydi. Uni suv bilan sovitib bir necha ming Ersted kuchlanganlik olish mumkin. O‘n minglab Ersted kuchlanganlik olish uchun o‘ta o‘tkazgichlardan foydalanmasdan boshqa iloji yo‘q.
O‘ta o‘tkazgichli magnitlar yaratishda dastlab 1-tur o‘ta o‘tkazgichlardan foydalanishga harakat qilindi. Ularning past kritik magnit maydon kuchlanganliklari (Ns) bu yerda asosiy to‘siq bo‘lib qoldi. 2-tur o‘ta o‘tkazuvchanlik ochilgandan so‘ng kuchli magnitlar yaratishga amaliy va samarali urinishlar boshlandi. Bunda muammo o‘ta o‘tkazgichning ba’zi uchastkalarida normal o‘tkazgich (qarshilik) paydo bo‘lib qolishi hodisasi, yani o‘ta o‘tkazgichning turg‘unligi muammosi katta to‘siq bo‘ldi. Uni turli usullar bilan oshib o‘tishga erishilmoqda.