Goʻdak Goʻdak, emadigan bola — bir yoshgacha boʻlgan bola (shartli ravishda tugʻilganidan keyin toʻrt haftagacha — chaqaloq). Goʻdak organizmi hali tuzuk rivojlanmagan, aʼzolari takomillashmagan, turli xil kasalliklarga tez chalinadigan, shu sababli sinchiklab parvarish qilishga muhtoj boʻladi. Bu davrda bolaning boʻyi va vazni tez oʻsadi, unda energiya sarfi ortadi, shu bois uning koʻpgina, xususan hazm, nafas, yurak-tomir va boshqa sistemalari faoliyati jadal takomillasha boradi. Bolani yaxshi parvarish qilinsa va toʻgʻri, iloji boricha ona suti bilan boqilsa, u sogʻlom boʻlib, vazni oshaveradi. Goʻdak uchun eng zarur ovqat — ona suti, unda bolaning sogʻlom va toʻgʻri oʻsishi uchun zarur moddalar — oqsil, yogʻ, uglevod, tuz, suv, vitaminlar, shuningdek, himoya antitelolari bor, ular bola hayotining dastlabki oylarida baʼzi bir yuqumli kasalliklardan saqlab qoladi. Koʻkrak suti boshqa ovqatlarga qaraganda yaxshi hazm boʻladi va toʻla-toʻkis singadi, tarkibida mikroblar boʻlmaydi. Bolaning normal oʻsishi uni bekam-u koʻst ovqatlantirishga bogʻliq. Bola bir oylik boʻlishiga yaqin boʻyi 3-3,5 sm, bir yoshida esa 25-27 sm uzayadi. Dastlabki 3 oyda vazn hafta sayin 200-250 g dan, 6-oylarda 150-200 g dan oshib boradi. 6 oylik Goʻdak vazni tugʻilgandagi vazniga nisbatan ikki hissa, 1 yoshida uch hissa oshadi, bu davrda vazni 10–11 kg ga yetib qoladi. Bolaning harakat faoliyati va psixikasi juda tez rivojlanadi: avvaliga bola oʻtira boshlaydi, keyin emaklab ketadi va nihoyat, turadigan boʻladi, ota-onasini taniydi. Bir yoshga yaqin avval kattalar yordamida, keyin oʻzi yuradi; tili chiqadi va murgʻak qiyofasiga kiradi; u nimjonligiga qaramay oʻzining hissiyotlari, kechinmalari boʻladi. Bu davrda bola organizmining hamma aʼzo va sistemalari yana ham rivojlanadi, biroq uncha takomillashmagan va oʻziga xos boʻladi. Terisi nozik, salga shikastlanadigan va oʻziga xos parvarishni talab etadi. Dastlabki 3-4 oyda ter bezlari funksiyasi sust boʻlib, bu issiqlik idora etilishini yomonlashtiradi, harorat oʻzgarganida bola salga issiqlab ketishi yoki sovqotishi mumkin. Goʻdak yarim yoshligida ayniqsa yuzda teri osti yogʻ qavati yaxshi rivojlanadi. Goʻdak hayotining dastlabki oylarida suyaklari qisman togʻay toʻqimasidan iborat boʻlib, bora-bora suyak toʻqimasiga aylanadi. Togʻaylar sohasida suyaklanish nuqtalari paydo boʻladi. Katta liqildoq kechi bilan 1,5 yoshga borib yopiladi; kalla suyaklari oralig'idagi choklar 3-4 oyga borib sekin-asta zichlashadi. Bolaning umurtqa pogʻonasi juda mayin boʻlib, salga qiyshayadi. Bola notoʻgʻri parvarish qilinsa, u sof havoda kam boʻlsa, skeletining shakllanishi buziladi — bu raxit va boshqa kasalliklarning paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. taxminan 6 oygacha bolada tish boʻlmaydi; 6-8 oylikda tish chiqa boshlaydi, bola bir yasharligida 8 ta tishi boʻladi. Tish chiqishi maromida, hech qanday kasallik alomatlarisiz kechadi, baʼzan tishi chiqayotgan bola injiq boʻlib qoladi; darmonsizlanish, uyqusizlik, isitmalash, ich ketishi va boshqa kuzatilishi mumkin. Bu vaqtda darhol vrachga murojaat etish kerak .
Aʼzolarining oʻziga xosligi Goʻdak hayotining dastlabki oylarida hazm aʼzolari faqat ona sutini hazm qila oladi, 1,5—2 oyligida vitaminlarga boy sabzavot va meva sharbatlari, asta-sekin 4—5 oylik boʻlganida sutli va sabzavotli omuxtalar, 6—7-oylarga kelib goʻshtli (qiymalangan) ovqatlar va tvorog berish mumkin. Bola 10—12 oylik boʻlganida xilma-xil ovqatlarni beraversa ham boʻladi. Bolaga ovqatni maʼlum tartib-qoidalarga amal qilgan holda, uning murgʻaqligini nazarda tutib tayyorlash talab etiladi. Aks holda meʼda-ichak va moddalar almashinuvining turli kasalliklari tez avj oladi. Bu davrda Goʻdakning muskul sistemasi hali tuzuk rivojlanmagan boʻlib, bola oʻsgan sari u takomillashib, birmuncha kuchli, chidamli boʻlib boradi. Bolani muntazam badan tarbiya qildirilganda muskullari juda toʻgʻri va bekamu koʻst rivojlanadi. Nafas muskullari ancha rivojlanadi va koʻkrak qafasi nafas olishda faol qatnashadi: oʻpka sigʻimi kattalashadi. Bu yoshda oʻpkaga ancha zoʻr keladi. Nafas yoʻllarining shilliq qavati nozik boʻladi, shu sababli, bola pala-partish parvarish qilinsa, nafas aʼzolari botbot kasallanadi. Yurak-tomir sistemasi birmuncha rivojlanib, takomillashib boradi, yurak vazni ortaveradi. Yuraktomir sistemasining oʻziga xos xususiyatlari qon aylanishini osonlashtiradi. Siydik-tanosil aʼzolari ham rivojlanib boradi; qovuq kattalashadi, siydik ajralishi ancha kamayadi. Goʻdakning nerv sistemasi juda tez rivojlanadi. Sezgi aʼzolari yaxshi rivojlangan boʻlib, ilk goʻdaklik kunlaridanoq bola shirin va achchiqni ajratadi; qattiq tovush kelganda seskanib tushadi, ravshan yorugʻlikka yalt etib qaraydi. Bir oylik bola rangli buyumlarga tikilib turadi. Bola tugʻilishidan hid biladi, ona koʻkragini yaqinlashtirsa, jonlanadi — boshini buradi, ogʻzini ochadi, soʻrish va yutish harakatlarini qiladi.