Eng katta materik – Yevrosiyo. Maydoni – 54 600 000 km.kv. Geografik o`rni ancha qulay, shimolda Shimoliy Muz, sharqda Tinch, janubda Hind, g`arbda Atlantika okeanlari o`rab turadi. Materik o`zida Osiyo va Yevropa qit`alarini birlashtiradi. Shuningdek, materik bir qator ko`rsatkichlar bo`yicha dunyoda "rekordsmen” yoxud "super materik” hisoblanadi.
Eng kichik materik– Avstraliya. 7 659 000 km.kv. Avstraliya sharqda Tinch okeani va g`arbda esa Hind okeani bilan chegaradosh. Materikda yagona davlat Avstraliya Ittifoqi joylashgan.
Eng sernam materik – Janubiy Amerika. Materikning sernam bo`lishida Atlantika okeanidagi Braziliya va Gviana iliq oqimlarining olib kiradigan yog`ingarchilik miqdori katta. Namgarchilikning ko`p saqlanib qolishining yana bir sababi materik qalin o`rmonzorlar bilan qoplanganligidadir.
Eng issiq materik – Afrika. Materikka bunday nom berilishining sababi, geografik o`rniga (ekvator chizig`ida joylashganligi), havo bosimi, havo massalari, okean oqimlari va relyefiga bog`liq. Yuqoridagi unsurlarning barchasi Afrikadagi issiq iqlimining tarkib topishiga sababchi bo`lgan.
Eng qurg`oqchil materik – Avstraliya. Ushbu eng kichik materikda bunday iqlim xususiyatining tarkib topishida tropik iqlim mintaqasi hukmronlik qilishidadir. Afrikaga nisbatan besh baravar kam yog`in yog`adi. Yog`ingarchilikning asosiy qismi Katta Suvayirg`ich tizmasining sharqiy qismiga tushadi.
Eng sovuq materik – Antarktida. Ushbu muzli materik geografik o`rniga mos ravishda muz va qor bilan qoplangaligi boisdan unda sovuq iqlim xususiyatlari tarkib topgan. Bu yerda dunyodagi eng sovuq harorat kuzatilgan.
Eng katta qit`a – Osiyo. Maydoni – 44 000 000 km.kv. Qit`a Yevrosiyo materigining sharqiy qismidagi katta hududlarni egallaydi. Yevropa qit`asidan Ural tizmasi orqali bo`linib turadi.