1. Qadimgi Hindistonning tabiati va aholisi.Hindiston Osiyoning janubida joylashgan mamlakat. Uning shimol tomoni Himolay tog`lari, qolgan uch tomoni esa Hind okeani, Eriteriya dengizi va Bengal ko`rfazi suvlari bilan o`ralgan.
Mamlakatning markaziy qismini Dekan tog`lari egallab yotadi. Hindistondan Hind, Gang, Jamna, Braxmaputra va boshqa daryolar oqib o`tadi. Mamlakat iqlimi shimolda mo`tadil, hatto tez-tez qorlar yog`ib turadi. Uning janubiga tushilgan sari iqlim issiqlashib, chekka janubda hatto qish bo`lmaydi. Yog`ingarchilik mavsumlarida Gang, Hind va Braxmaputra sohillarida jala quyib tez-tez toshqinlar bo`lib turadi. Hindistonning o`simlik va hayvonot dunyosi boy. Hindiston odamzodning ilk vatanlaridan biri hisoblanadi. U yerda 600–500 ming yillardan beri aholi yashab keladi. Qadim zamonda bu mamlakatda dravid, bengal, bihar, gujarat, assam va boshqa qabilalar yashaganlar. Keyinchalik bu yerga oriylar, shaklar, xioniy, eftoliy kabi O`rta Osiyo va Eron qabilalari kelib joylashganlar.
2. Eng Qadimgi Hindiston jamiyati va madaniyati. Hindiston yarim orolining shimoli-g`arbidan Hind daryosi oqib o`tadi. Bu daryo sanskrit tilida Sindxu, pushtu tilida esa Abbasin – «daryolar otasi», – deyiladi. Bu daryoning besh irmog`i oqib o`tadigan joy Panjob – Beshsuv deyiladi. Hind daryosi, ayniqsa uning yuqori qismi Panjobda ibtidoiy davrdan boshlab oadamlar yashab kelishgan.
1920–1922-yillarda arxeologlar Panjob va Maxenjo-Doro yodgorligini topganlar. Tekshirishlardan bu yodgorlik Hind shaharlarining xarobasi bo`lib chiqdi. Moxenjo-Doro Hind daryosining o`rta qismida joylashgan bo`lib, har biri ikki yarim kv. km joyni egallab yotar edi. Xarappa va Moxenjo-Doro miloddan avvalgi III mingyillik va II mingyillikning o`rtalarida mavjud bo`lgan davlatlarning markaziy shaharlari bo`lgan ekan. Bu shaharlarda aholi zich yashagan. Har ikki shahar xarobasini qazigan arxeologlar pishiq va xom g`ishtdan qurilgan 1,2,3 qavatli uy-joy, ibodatxona, hukmdorlar saroyi, omborxona hamda podsho qarorgohlarining qoldiqlarini topganlar. Bu joylardan g`isht yotqizilgan ko`chalar, pishiq g`ishtdan qurilgan quduq va hovuzlar ham topilgan. Shahar sopol quvurlar orqali keladigan suv bilan ta`minlangan. Shaharda iflos suvlarni tashqariga chiqarib yuboradigan yer osti qurilma inshootlari bo`lgan. Har ikki shaharda zargarlik, me`morchilik, to`qimachilik, kulolchilik, qurolsozlik va hunarmandchilikning boshqa sohalari rivojlangan ekan. Xarappa va moxenjo-doroliklar sol, qayiq va kemalar yasab, daryo va dengizlarda bemalol suzganlar. Har ikki shahar ham qal`alar, qalin, baland minorali mudofaa devorlari bilan muhofaza qilingan. Xarappa va Moxenjo-Dorodan iyeroglif yozuvlari va tosh tarozlari ham topilgan.