3. Yozuv va adabiyot. Hind vohasi va Panjobda yashagan hind xalqlarining eng qadimgi ajdodlari o`z yozuvlariga ega bo`lganlar. Arxeologlar Xarappa va Moxendjo-Dorodan hayvon va qandaydir rasm-belgilar tushirilgan muhrlar va sopol idishlarning parchalarini topganlar. Tilshunos olimlar Hind vohasidagi yozuvlarni tekshirib ko`rganlar. Ba`zi tilshunoslar hind yozuvi 400 belgi-rasmdan iborat desalar, boshqalari 250 va yana o`zgalari 300 belgi-rasmdan iborat deb o`ylaydilar. Ammo hanuzgacha qadimgi hind yozuvlari to`liq o`rganilmagan. Ba`zi olimlar hind yozuvini shumerlarnikiga, boshqa olimlar esa xett yozuviga o`xshash deydilar.
Lekin miloddan avvalgi V asrdan boshlab Hindistonda braxmi, kxaroshtxi, aramey, gupta va boshqa yozuvlardan foydalanganlar. Qadimgi Hindistonda xalq og`zaki ijodi va uning davomi hisoblangan yozma adabiyot ham erta rivoj topgan. Ular maqol, matal, ertak, hikoya, doston, qo `shiqlar va ajoyib afsonalar yaratganlar.
Vedalar – jinlar, qo`shiqlar, afsunkor va diniy duolardan iborat katta to`plamdir.
Qadimgi Hind adabiyotining eng nodir asarlari qatoriga «Maxabxarata», «Ramayana», «Pancha tatra», «Kalila va Dimna»kabi asarlarni kiritish mumkin.
«Ramayana» dostonida o`gay onasining bergan azoblariga chiday olmagan shahzoda Ramaning o`z shahri Ayodxiyani tashlab ketib, o`zga yurtlarda boshidan kechirgan sarguzashtlari haqida hikoya qilinadi. Hikoya qilinishicha Seylonda devlar Ramaning xotini Sitani o`g`irlab ketadilar. Rama ayiq ya maymunlardan qo`shin tuzib, devlarni tor-mor etib, xotinini ozod qiladi. Nihoyat Rama o`z vataniga qaytib, otasi taxtini egallaydi.
«Maxabxarata» dostonida Bxarata podsho urug`ining ikki avlodi – Kauravlar va Pandavlarning toj-taxt, boylik talashib olib borgan kurashlari hikoya qilinadi.
V asrda yashagan Kalidasa ajoyib drama asarlari yozgan mashhur adib. U yozgan drama asarlaridan eng mashhuri «Shakuntala» dir.
4. Hindistonda ilmiy bilimlarning rivojlanishi. Hindistonda aniq fanlaiga ham katta e`tibor berganlar. Hindistonda geografiya, tarix, astranomiya, matematika fanlari ham rivoj topgan edi. Hind faylasuflari Charvak degan ta`limot yaratganlar. Bu ta`limotga ko`ra ilmning bosh manbai – tajribadir deyiladi.
Hindiston shaxmat o`yinining ham vatanidir. Hind astronomlari va matematiklari bir yilni 360 kunga, uni 12 oyga bo`lib, 5 kunini bayram hisoblaganlar. Ularning hisobida bir yil 365 kunga teng bo`lgan. Ular quyosh va suv soatlarini kashf etib, ulardan foydalanganlar.
Astronom Aryabxata V asrdayoq Yerni sharsimon ekanligini va yerning o`ziga tortish qonunini, ayni paytda u o`z o`qi atrofida aylanishini ham aytgan.
Hindistonda tabobat ilmi ham ancha rivoj topgan edi. Tabiblar tomir harakatiga qarab kasalliklarni aniqlaganlar. Bemorlarni shifobaxsh o`simlik, ho`l meva, hayvon a`zolari va boshqa narsalardan tayyorlangan sodda va murakkab dorilar bilan davolaganlar.