Er –xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari Oilada er-xotinning umumiy mulki, har birining alohida mulki, shaxsiy foydalanishdagi buyumlari, hadya qilinganda vujudga kelgan mulklari bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasiga binoan er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotganligi munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzda to‘langan summalari va boshqalari) kiradi.
Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’iy nazar ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.
Fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaligi a’zolarining birgalikdagi mulki bo‘lgan mol-mulkka nisbatan er va xotinning egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlari fermer xo‘jalik va dehqon xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarda belgilanadi. Fermer xo‘jaligi va dehqon xo‘jaligining mol-mulkini bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 223 va 225-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
Bu moddalarda ulushli mulkdagi mol-mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish, birgalikdagi mulk bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish asoslari ko‘rsatilgan.
Yuqorida ko‘rsatilgan 23-modda er va xotinning er va xotinga tegishli umumiy mulkning asosiy turlari sanab berilgan. Agar er va xotin ba’zi sabablarga ko‘ra mol-mulklarini aniqlashishni istasalar, oila va fuqarolik qonunlaridan o‘z huquqlarini bilib, mulklarini ajratib olishlari mumkin.
Oila kodeksining 25-moddasi er va xotinning har birining mulkining turlarini ko‘rsatgan. Er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi.
Demak, er yoki xotindan faqat bitimiga tegishli bo‘lgan va u tomonidan tasarruf etiladigan mulk xususiy mulk hisoblanadi.
Xususiy mulkka quyidagilar kiradi:
Er yoki xotinning nikohga qadar faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan mulki (masalan, uy, uy jihozlari, omonat kassasiga qo‘yilgan pul, qimmatbaho qog‘ozlar va boshqalar);
Nikoh davomida hadya yoki meros tariqasida olgan mulklari;
To‘y sovg‘alari, agar ular er yoki xotindan birining shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa (qimmatbaho va serhasham buyumlar bundan mustasno);
Er yoki xotin tomonidan olingan Davlat mukofotlari va sovg‘alar (masalan, oltin soat, mototsikl va boshqalar);
Er-xotinning nikoh tuzishga qadar olgan hadyalari (kelinning sepi va hakozalar), bu buyumlardan turmushda birgalikda foydalanishdan qat’iy nazar, ularning birgalikdagi umumiy mulki turiga kirmaydi.
Er va xotinning shaxsiy foydalanadigan mulklari ham qonunda ko‘rsatilgan. Qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa kabilar), garchi nikoh davomida er va xotinning umumiy mablag‘i hisobiga olingan bo‘lsa ham, ulardan foydalanib kelgan er va xotinning xususiy mulki hisoblanadi.