Kutilayotgan natija:Bolalar O‘zbekiston qonunlari haqidagi kitobi «Konstitutsiya» deb atalishini, bu kitobda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va burchlari yozilganligi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi odamlar — O‘zbekiston fuqarosi ekani, fuqarolar Konstitutsiyani muqaddas kitob deb bilib, har bir fuqaro qonunni bilishi, hurmat qilishi, uning doirasida ish tutishi kerakligi, bolalar ham O‘zbekiston fuqarosi ekani, ularga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berilganligi, bu hujjat bolalarning O‘zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqlovchi hujjat ekani haqida tushunchaga ega bo‘ladilar.
Suhbatning borishi: Bolalar, O‘zbekiston bizning davlatimiz. Davlatimiz qanday davlat? (mustaqil). Qanday davlatni mustaqil deb aytamiz? (bayroq, gerb, madhiya, o‘z tili, chegarasi bor bo‘lgan davlatni). Bolalar ana shular bilan birga har bir davlatning o‘z Qonunlari bo‘ladi. O‘zbekiston qonunlari haqidagi kitobi «Konstitutsiya» deb ataladi. Bu kitobda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va burchlari yozilgan. Fuqarolar kimlar? Ular O‘zbekistonda doimiy yashovchi odamlar. Demak, siz, biz, ota-onangiz — O‘zbekiston fuqarosimiz.
Fuqarolar Konstitutsiyani muqaddas kitob deb bilib, har bir fuqaro qonunni bilishi, hurmat qilishi, uning doirasida ish tutishi kerak. Bolalar, siz ham O‘zbekiston fuqarosisiz. Siz tug‘ilganingizda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan. Bu fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat. Uyingizda ota-onangizdan iltimos qilsangiz, ular sizga guvohnomangizni ko‘rsatadilar. Siz ham O‘zbekiston fuqarosi sifatida Konstitutsiyada ko‘rsatilgan huquq va burchlaringizni bilishingaz kerak. Huquq nima, burch nima, biz bu haqida keyingi suhbatimizda gaplashamiz.
Tarbiyachi bolalarning olgan tushunchalariga umumlashtiradi.
Bolalar, hozir biz «Mehmon qaysi viloyatdan» o‘yinini o‘ynaymiz. Tarbiyachi to‘rt xil kiyingan qo‘g‘irchoqni ko‘rsatadi. Bolalar qo‘g‘irchoqlarga yaqinlashib kiyimlarini diqqat bilan kuzatib chiqadilar. Bolalar qo‘g‘irchoq mehmonlarni qo‘llariga olib qaysi viloyatdan ekanini va kiygan kiyimlarini tasvirlab bera olishlari kerak. Aytib bera olmagan bola milliy raqs, ashula aytib beradi.
«Milliy kiyimdagi bola» mavzusida rasm chizishga bolalar taklif etiladi. Bolalar qo‘g‘irchoqlarga qarab yoki tasavvurlari bo‘yicha rasm chizishlari mumkin.