Ijtimoiy psixologiya va rivojlanish psixologiyasi-
Ijtimoiy psixologiya va rivojlanish psixologiyasi-
Ijtimoiy psixologiya psixologiya fanining tarmog’i bo’lib, insonlarning ijtimoiy guruhlarga mansubligi bilan taqozolangan xulq-atvori va faoliyatini, shuningdek, shu ijtimoiy guruhlarning o’zini o’rganish bilan shug’ullanadi. Rivojlanish psixologiyasi shaxs psixik taraqqiyotini o’rganar ekan, albatta, shaxslar guruhi, bu guruhda shaxslar o’rtasida amalga oshuvchi munosabatlarni e’tibordan chetda qoldirmaydi. Rivojlanish psixologiyasi, ayniqsa, bolaning tengdoshlari va kattalar bilan bo’lgan muloqoti va uning bola rivojlanishiga ta’sirini o’rganishga alohida e’tibor qaratadi
Rivojlanish psixologiyasining tadqiqot metodlari
Kuzatish- psixik xususiyatlarni uzoq vaqt davomida, rejali,biror maqsad asosida o’rganish. Rivojlanish psixologiyasida bu metodning ob’ektiv va sub’ektiv kuzatish turlari bor. Inson psixikasidagi o’zgarishlarni kuzatish uchun quyidagilar amalga oshiriladi:
Kuzatishning maqsadi, vazifasi belgilanadi
Kuzatiladigan ob’ekt tanlanadi
Sinaluvchining yoshi, jinsi aniqlanadi
Tadqiqot o’tkazish vaqti rejalashtiriladi
Kuzatish qancha davom etishi qat’iylashtiriladi
Kuzatish insonning qaysi faoliyatida ( o’yin, o’qish, mehnat, sportda) amalga oshirilishi tavsiya qilinadi
Kuzatishning shakli ( yakka, guruh, jamoa bilan o’tkazilishi ) tayinlanadi
Kuzatilganlarni qayd qilib borish vositalari ( kundalik, kuzatish varaqasi va boshqalar) taxt qilinadi
Eksperiment metodi- tabiiy va labaratoriya eksperimenti turlariga bo’linadi. Tabiiy eksperiment- ( birinchi marta 1910 yilda A.F.Lazurskiy taklif etgan) mo’ljallanganiga ko’ra, eksperiment o’tkazilayotganini biladigan sinaluvchida hosil bo’ladigan zo’riqishga yo’l qo’ymasligi va tadqiqotni odatdagi, tabiiy sharoitlarga ( dars, suhbat, o’yin, uy vazifalarini bajarish va boshqalar) ko’chirishi lozim. Masalan, materialni yodlashning samaradorligi uni uzoq vaqt xotirada saqlab qolish to’g’risidagi ko’rsatmaga bog’liqligini tadqiq qilish tabiiy eksperimentga misol bo’la oladi. Labaratoriya eksperiment- ko’pincha individual ( goho guruh va jamoa) shaklida sinaluvchilardan yashirmay, maxsus psixologik asboblar, yo’l-yo’riqlar, tavsiyalar, ko’rsatma va ilovalardan foydalanib olib boriladi. Hozir inson psixikasidagi o’zgarishlarni aniqlaydigan asboblar, murakkab elektron hisoblash mashinalari, qurilmalar, moslama va jihozlar mavjud. Ular odamdagi psixologik jarayonlar, holatlar, funksiyalar, vujudga kelayotgan yangi sifatlarni qayd qilish va o’lchashda qo’llanadi.