Estetik ehtiyoj. Estetik anglash va shu asosdagi faoliyat jarayonining ibtidosi estetik
ehtiyojga borib taqaladi. Estetik ehtiyoj inson hayotida ro’y beradigan barcha estetik hodisalarning
asosi sifatida ham tabiiy-biologik, ham ijtimoiy-ma’naviy mohiyatga ega; «go’zal nafs»,
nafosatga tashnalik, insonda estetik hissiyotni qo’zg`atish xususiyatini saqlab qolgan holda,
keyinchalik uning butun umri mobaynida takomillashib boradi va estetik muhokama, estetik baho,
estetik did va estetik idealning shakllanishiga xizmat qiladi. Har bir shaxsdagi madaniyatlilik
darajasi, ma’naviy salohiyati uning estetik ehtiyoji doirasi bilan o’lchanadi. U «go’zal nafs»
sifatida boshqa ehtiyojdan talab etilayotgan ob’ektdan moddiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va
boshqa manfaatlar kutmasligi, beg`arazligi bilan ajralib turadi.
Estetik hissiyot. Ko’pincha adabiyotlarda estetik hissiyot «estetik tuyg`u» so’zida, birlik
shaklida beriladi. Goh estetik kechinmaning, goh estetik hayajonning sinonimi tarzida talqin
qilinadi. Bizningcha, bu unchalik to’g`ri emas. Chunki hayajon ham, kechinma ham bitta
tuyg`udan emas, tuyg`ular silsilasidan iborat bo’ladi, shu sababdan uni ko’plikda – hislar yoki
hissiyot shaklida qo’llash maqsadga muvofiq.
Endi estetik hissiyotni tashkil etadigan hislarning ba’zilarini qisqacha ko’rib o’taylik.
Estetik hissiyotning ibtidosidagi tuyg`u estetik qiziqish. Ma’lumki, qiziqish hissi, sog`inch
va qo’msashdan farqli o’laroq, o’tmishda ro’y bergan hodisani emas, balki ko’p hollarda
kelajakda, tez muddat ichida ro’y berishi lozim bo’lgan voqelikni nazarda tutadi, unga intiladi;
intilish jarayoni esa –«uchrashuv»ga tayyorgarlik degani. Estetik qiziqish sub’ektning ob’ekt
haqida, hali u bilan yuzma-yuz kelmasdan turib, muayyan bir umumiy tushunchaga ega bo’lishini,
uni idrok etishga o’zini hozirlashini taqozo etadi.
Estetik lazzatga kelsak, uning zavqdan yana bir farqi shuki, u san’atning huzurbaxshlilik
xususiyatidan kelib chiqadi. Shuning uchun uni estetik huzur deb ham atash mumkin. Zero u
estetik idrok etish jarayonining so’ngida ro’y beradi va ma’lum ma’noda forig`lanish holati bilan
uyg`unlashib ketadi.