Sistematika – klassik fan bo’lib, uning rivojlanish tarixi tabiatshunoslik rivoji bilan bir vaqtda (antik davr, hatto undan ham oldin) boshlanadi. Ayni paytda u zamonaviy fan hamdir, o’tgan asrning o’zida u kamida 2 bor keskin o’zgarishlarga uchradi. Sistematika– mustaqil fan bo’lib, o’zining qonuniyatlari, nazariyasi, uslub, qoida, va terminologiyasiga ega. Shunday bo’lsada u bilan shug’ullanuvchilar bir vaqtning o’zida: botanik, zoolog, mikrobiolog yoki mikologlardir. Sistematika (grekcha: systema – tartiblash) (1735 K.Linney) J.G.Simpson ta’rifiga ko’ra turli organizmlarni, ularning xilma-xilgini, ularning o’zaro munosabatlarining hammasi va har birini ilmiy o’rganadi. Boshqacha qilib aytganda sistematika – organizmlarning xilma-xilligi, uni ta’riflash metodlari va uning yuzaga kelish qonuniyatlari haqidagi fandir.Klassifikatsiyalash (klassifikatsiya yaratish) jarayoni bu taksonomik reallik haqidagi fikrlarni umumlashtirishdan iborat jarayon. Zoologik klassifikatsiya bu hayvonlarni ular o’rtasidagi o’xshashlik va bog’liqlik aloqalari yoki har ikkalasi asosida tartibga solishdir. Zoologik nomenklatura esa zoologik klassifikatsiyalarda ajratib ko’rsatilgan organizm guruhlariga nom qo’yish jarayonidir. Obyektlarning o’zini avvaldan ma’lum bo’lgan taksonlarga kiritish identifikatsiya-aniqlash deyiladi.