Etikaning kategoriyalari, tamoyillari, me’yorlarining shaxs va jamiyat munosabatlarida namoyon bo‘lishi.
Ixtiyor erkinligi va axloqiy tanlov.
Qadimgi yunon faylasufi Aristotel o‘z davrida mavjud fanlarni ta’riflarkan, ularni uchta guruhga ajratadi: nazariy fanlarga falsafa, matematika, fizikani; ijodiy fanlarga san’at, badiiy hunarmandchilikni; amaliy fanlarga esa etika va siyosatni kiritadi. SHu tariqa Etika falsafa doirasidan ajralib chiqadi va mustaqil fan sifatida shakllana boshlaydi. Hozirgi vaqtda «Etika» ijtimoiy-falsafiy fanlar tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan fandir.
«Etika» (axloqshunoslik)–axloqning kelib chiqishi, mohiyati, xususiyatlari, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqidagi fandir. U boshqa ijtimoiy fanlar singari o‘z qonunlari va kategoriyalariga ega bo‘lib, ular orqali o‘z xulosalarini bayon qiladi. «Axloq» so‘zi aslida arabcha so‘z bo‘lib, xulq-atvor, yurish-turish, tarbiya degan ma’nolarni anglatadi. Hozirgi vaqtda bu tushuncha jamiyatning axloqiy hayotida yuz beradigan barcha jarayonlarning majmuini aks ettiradi.
Jamiyatning axloqiy hayoti deb kishilarning ijtimoiy, siyosiy va xuquqiy faoliyatida, oilasida va kundalik turmushida yuzaga keladigan o‘ziga xos munosabatlari shakliga aytiladi.
Axloq tushunchasini ikki xil ma’noda ko‘rish mumkin: axloq umumiy tushuncha sifatida etikaning tadqiqot ob’ektini anglatsa, yakka tushuncha sifatida inson fe’l-atvori va xatti-harakatining o‘ziga xos ko‘rinishini anglatadi.
Xususan «odob», «xulq-atvor» ma’nolarida ham ishlatiladi. Aslida «axloq» va «odob» tushunchalari bir-biridan mazmun jihatidan farq qiladi.
A. SHer «Axloqshunoslik» kitobida ko‘rsatishicha, «Odob-inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Axloq esa–jamiyat, zamon insoniyat tarixi uchun namuna bo‘la oladigan ijobiy xatti-harakatlar yig‘indisidir».8 Axloq inson va jamiyat o‘rtasidagi ob’ektiv aloqadorlik tufayli kelib chiqadigan, har bir shaxsning hayoti va faoliyatini boshqaradigan, tartibga soladigan prinsip va normalar majmuidir.
Axloq ijtimoiy xodisa sifatida insoniyat jamiyati vujudga kelishi bilan bir vaqtda jamoalar bilan shaxslar o‘rtasidagi ehtiyoj va manfaatlarga xizmat qiluvchi aloqa tarzida vujudga kelib, o‘zining tarixiy taraqqiyotida:
insonning tabiiy xislatlarini o‘zgartiruvchi, yaratuvchi faoliyati shaklida umuminsoniy madaniyatning tarkibiy qismi;
jamiyatda yashovchi har bir shaxsni har tomonlama kamol toptiruvchi ma’naviy-ijtimoiy omil asoslaridan biri;
kishilarning ichki tuyg‘ularini, hissiyotlarini o‘stirib, umuminsoniy moddiy va ma’naviy qadriyatlarini anglab etish, ularni asrash va kelgusi avlodlarga etkazib berish yo‘llaridan eng afzali;
oila va kundalik turmushda mavjud bo‘lgan oilaviy burch, o‘zaro hurmat, sadoqat, or-nomus kabi an’analarni nasldan-naslga, avloddan-avlodga o‘tkazish asosida davom ettirish vositasi;
adolatli jamiyat qurish va unda boy-badavlat, tinch-totuv, baxtli yashash g‘oyasi sifatida muntazam ravishda rivojlanib kelgan va rivojlanadi.
Axloqning negizini jamiyatning tarkibiy tuzilishi, xususan, undagi mulkiy munosabatlar, mehnat taqsimoti, aholining yoshi va ularning ehtiyoj va manfaatlari belgilaydi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining asosini xilma-xil shakllardagi mulklar tashkil etayotgan bir vaqtda, uni rivojlantirishning ma’naviy-axloqiy negizlarini:
insonning o‘z imkoniyatlarini erkin namoyon qilishi;
vatanparvarlikni tashkil qiladi. SHubhasizki, ana shu negizlar asosida O‘zbekiston xalqlarining yangicha mazmundagi ma’naviy-axloqiy dunyosi shakllanadi va qaror topadi. Bu esa, o‘z navbatida xalqimiz axloqining negizini belgilab beradigan asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Axloqning jamiyat xayotida tutgan o‘rni u bajaradigan funksiyalar bilan belgilanadi.
Regulyativ funksiyasi – axloqning asosiy funksiyasi hisoblanadi. Regulyativ funksiya shaxs, xizmat jamoasi, davlat va jamoat institutlari faoliyatini jamiyatda mavjud bo‘lgan axloqiy normalar asosida boshqarib turishni anglatadi. SHu maqsadda bir qancha vositalarga tayanadi: axloqiy prinsiplar, jamoatchilik fikri, axloqiy avtoritet, an’analar, urf-odatlar va hokazo. Axloq nafaqat alohida shaxs, balki butun jamiyatning ham hulq-atvorini boshqaradi.
Aksiologik funksiyasi (baholash) – yuqorida ta’kidlaganimizdek, har qanday axloqiy xatti-harakat u yoki bu qadriyatlar sistemasi orqali baholanadi. «Axloqiy-axloqsiz», «yaxshi-yomon» nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda xatti-harakatlar, munosabatlar, motivlar, qarashlar, shaxsiy sifatlar baholanadi. Axloq inson tomonidan qadriyatlarni o‘zlashtirish, ularni rivojlantirishni ham nazorat qiladi.
Informatsion (bilish) funksiyasi- axloqiy bilimlar hosil qilishga qaratilgan bo‘lib, axloqiy prinsiplar, normalar, kodekslar ijtimoiy-axloqiy qadriyatlar haqidagi informatsiya manbai hisoblanadi. SHu bilan birga odatiy va ekstremal vaziyatlarda, konfliktli va tang holatlarda axloqiy tanlov masalasiga e’tibor qaratiladi. Demak, axloq olamni, insonni, uning mohiyatini, hayotining ma’nosini anglashga yordam beradi.
Tarbiyaviy funksiyasi–har qanday tarbiya tizimi – bu eng avvalo axloqiy tarbiya tizimi hisoblanadi. Axloqiy tarbiya axloqiy norma, odat, an’ana, umumiy xulq-atvor namunalarini aniq tashkiliy tizim holiga keltiradi, axloqiy bilimlarni axloqiy ishonch-e’tiqodga aylantiradi, konkret vaziyatlarda axloqiy bilim va ishonch-e’tiqodni qo‘llashda ijodiy yondashuvga o‘rgatadi. Demak, axloq nafaqat norma va qoidalarga rioya qilishni, balki o‘z-o‘zini nazorat qilishga o‘rgatadi.
SHu erda, axloqning alohida funksiyalarini ajratish shartli xarakterga ega ekanligini qayd qilish lozim. CHunki real hayotda ular bir-biri bilan uyg‘un holda namoyon bo‘ladi. Axloq bir vaqtning o‘zida boshqaradi, tarbiyalaydi, yo‘naltiradi va hokazo.
“Etika”ning boshqa ijtimoiy-falsafiy fanlardan farqi shundaki, u aksiologik xususiyatga ega. YA’ni, axloqiy bilimlar insoniy munosabatlar va ijtimoiy voqelik hodisalarini baholash asosida vujudga keladi. Bu baholashning asosiy mezoni kishilarning «nima yaxshi-yu nima yomonligi» haqidagi tasavvurlari hisoblanadi. Bunday baholash ham jamiyatga, ham alohida shaxsga xosdir. SHu tariqa axloqiy qadriyatlardan ijtimoiy va individual tizimlar vujudga keladi. Bu tizimlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, har bir insonda turlicha namoyon bo‘ladi. SHaxs faoliyatida ijtimoiy qadriyatlar tizimi ustun bo‘lsa, u ijtimoiy hayotda faol ishtirok etadi, uning dunyoqarashida jamoatchilik tamoyili ustun bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, inson o‘zining shaxsiy manfaatlarini ustun qo‘yadi, dunyoqarashida individualizm prinsipi ustun bo‘ladi.
Aslida axloqiy ideallar, tamoyillar va normalar kishilarning adolat, insoniylik, ezgulik, yovuzlik, ijtimoiy farovonlik haqidagi tasavvurlaridan kelib chiqqan. Bu tasavvurlarga mos keluvchi xatti-harakatlar axloqiy deb, zid keladigan xatti-harakatlar axloqsizlik deb e’lon qilingan.
Boshqacha qilib aytganda, kishilar fikricha jamiyat va shaxs manfaatlariga mos keladigan, insonlar uchun foydali bo‘lgan xatti-harakatlar axloqiydir. Albatta, bu tasavvurlar tarixiy taraqqiyot davomida o‘zgarib borgan, turli sinflar, ijtimoiy guruhlarda turlicha bo‘lgan.
Xususan hozirgi vaqtda xuquqni muhofaza qilish idoralari kasb ahlokida uch turdagi axloqiy norma va tamoyillar amal qiladi:
“Etika” boshqa ijtimoiy-falsafiy fanlar tizimida o‘ziga xos o‘ringa ega. “Etika”ning “Estetika” bilan munosabati ayniqsa o‘ziga xos. CHunki inson biror bir faoliyatni amalga oshirar ekan, muayyan nuqtai nazar, yaxshilik yoki yomonlik (axloq) va go‘zallik yoki xunuklik (nafosat) nuqtai nazaridan ish ko‘radi. YA’ni ichki go‘zallik va tashqi go‘zallik uyg‘unligiga e’tibor qaratadi. SHu bilan birga, san’at estetikaning asosiy tadqiqot ob’ektlaridan hisoblanadi. Har bir san’at asarida axloqiy – tarbiyaviy jihatdan muhim bo‘lgan g‘oyalar ilgari suriladi va san’atkor badiiy obrazlar orqali axloqiy ideallarni yaratadi.
“Etika”, shuningdek, “Pedagogika” fani bilan uzviy aloqadorlikda rivojlanib boradi. Komil insonni shakllantirish, ta’lim berish jarayonlarini tarbiyaviy jarayonlarsiz, «Odobnoma» darslarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. SHu sababli “Etika” “Pedagogika”ning asosi hisoblanadi. Etika «Psixologiya» fani bilan aloqador. “Psixologiya” u yoki bu xatti-harakat, fe’l-atvor sabablarining ruhiy tabiati va shakllanish shart-sharoitlarini ochib beradi, «Etika» esa «Psixologiya» tadqiq etgan hodisalarning axloqiy ahamiyatini tushuntiradi deb ko‘rsatib o‘tiladi A. SHerning «Axloqshunoslik» kitobida.
“Etika” bilan “Sotsiologiya” inson faoliyatini boshqarishning o‘ziga xos shakli bo‘lgan axloqni o‘rganadi. “Sotsiologiya” insonlarning ommaviy xatti-harakati va ularning qonuniyatlarini faqat muayyan ijtimoiy tuzum doirasidagina tadqiq etadi. “Etika” esa muayyan ijtimoiy tuzum yoki davr doirasidan chiqib, kelgusi davrlar uchun ham tarixiy va axloqiy ahamiyat kasb etgan shaxsiy, istisnoli xatti-harakatlarni hamda ularning sabablarini o‘rganadi.
XX asr o‘rtalariga kelib “Etika”ning “Ekologiya” bilan aloqadorligi kuchaydi. CHunki vujudga kelgan ekologik tanglik vaziyati insonning tabiatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish zaruratini keltirib chiqardi. Endilikda global ekologik muammolarning oldini olish insonning tabiatga nisbatan ijtimoiy-axloqiy munosabatiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Axloqiy baholash va boshqarish ob’ekti tabiatning o‘zi emas, balki insonning tabiatga bo‘lgan munosabati bo‘lishi kerak.
Ko‘rib turganimizdek, “Etika”ning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni tobora ortib bormoqda. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng “Etika” yangilanayotgan jamiyatda tobora o‘z yuksak mavqeini egallaydi. “Etika” oldida yangi demokratik va huquqiy davlat barpo etishga kirishgan mamlakatimiz fuqarolarining, ayniqsa, yoshlarning axloqiy darajasiga mas’ullik vazifasi va komil inson tarbiyasini nazariy asoslash vazifasi turibdi. Bu vazifani faqatgina axloqqa yangicha yondashuvlar asosida amalga oshirsa bo‘ladi.