Juz’iy (xususiy) gipoteza ayrim faktlar, konkret predmet va hodisalarning kelib chiqishi, xususiyatlari haqidagi bildirilgan asosli taxminiy fikrdan iborat. Konkret jinoyatning motivi haqidagi sud versiyasi, arxeologik qazishlarda topilgan predmetlarning tabiati, qaysi davrlarga oid ekanligi haqidagi taxminlar juz’iy gipotezaga misol bo‘ladi.
Mantiqda ishchi gipotezalar ham farq qilinadi.
Ishchi gipotezatadqiqotning dastlabki bosqichida ilgari suriladigan taxmin bo‘lib, o‘z oldiga o‘rganilayotgan hodisaning sababini aniqlashni maqsad qilib qo‘ymaydi; u faqat kuzatish va eksperiment natijalarini tasvirlashga, tartibga solishga yordam beradi.
SHunday qilib, gipoteza fikrlarimizning qurilishi, bilimlarimizning mavjud bo‘lish va rivojlanish shaklidir.
Nazariya. «Nazariya» termini keng ma’noda aqliy bilish, tafakkurni anglatadi, uni amaliyotdan farq qiluvchi faoliyat turi sifatida ifodalaydi. Tor ma’noda esa nazariya ma’lum bir sohaga oid tasavvurlar, tushunchalar, g‘oyalar, gipotezalarni tizimga soladigan, predmetni yaxlit tarzda anglashga imkon beradigan bilim shaklini bildiradi.
Nazariyaning bunday talqini ilmiy bilishda empirik va nazariy bosqichlarning farq qilinishi bilan bog‘liq.
Empirik bosqichda ilmiy faktlar to‘planadi, o‘rganiladi, tizimga solinib, turli xil jadvallar, shakllar, grafiklar tuziladi; muayyan bir umumlashmalar, xususan, empirik tushunchalar, farazlar, empirik qonunlar shakllanadi.
Ilmiy bilishning keyingi taraqqiyoti empirik bilish bosqichida hosil qilingan, lekin bir-biri bilan bo‘lgan aloqasi hali aniqlanmagan bilimlar o‘rtasida munosabatlarni o‘rnatish, ularni umumlashtirish, shu asosda yangi fundamental tushunchalar, umumiy qonunlarni yaratish, ilmiy bashoratlar qilish bilan uzviy bog‘liq.
Bilishning bu ikki bosqichi o‘rtasida zaruriy aloqadorlik mavjud. Xususan, nazariyani yaratish empirik bilish jarayonida hosil qilingan predmetning ayrim tomonlari, xususiyatlarini aks ettiruvchi tushunchalar, qonunlar, farazlar o‘rtasida mantiqiy aloqalarni o‘rnatishga, predmet haqida yaxlit tasavvur hosil qilishga, uning mohiyatini tushuntirishga bo‘lgan ehtiyoj bilan belgilanadi.
Nazariya ma’lum bir predmet sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, gipotezalar, g‘oyalarni sistemaga solib, u haqida yaxlit tasavvur hosil qiladigan, yangi fundamental umumlashmalar yaratishga olib keladigan, shu sohadagi hodisalarni tushuntirish, oldindan ko‘rish imkonini beradigan ishonchli bilimdan iborat.
Ilmiy nazariya quyidagi tarkibiy qismlardan tashkil topadi: 1) empirik asos: nazariyaga aloqador faktlar, ularga mantiqiy ishlov berish natijalari; 2) boshlang‘ich nazariy asos: nazariyaning asosiy tushunchalari, postulatlari (aksiomalari), fundamental qonunlar (prinsiplar); 3) nazariyaning mantiqiy apparati: tushunchalarni hosil qilish va ta’riflash qoidalari, xulosa chiqarish (isbotlash) qoidalari; 4) olingan natijalar (xulosalar).