Induktiv xulosa chiqarish. Juz’iy bilimdan umumiy bilimga mantiqan o‘tish induksiya shaklida amalga oshadi (lotincha– inductio – yagona asosga keltirish). Induktiv xulosa chiqarish empirik umumlashtirish shaklida sodir bo‘lib, unda birorta belgining ma’lum bir sinfga mansub predmetlarda takrorlanishini kuzatish asosida, shu belgining mazkur sinfga tegishli barcha predmetlarga xosligi haqida xulosa chiqariladi.
Induksiya asosida chiqarilgan xulosalar ilmiy bilishda o‘rnatilgan turli empirik qonuniyatlar, yaratilgan umumlashmalar tarzida o‘z aksini topadi, predmet va hodisalar haqidagi bilimlarimizni kengaytirishga olib keladi.
Induktiv xulosa chiqarish tajriba (kuzatish va eksperiment) natijalarini umumlashtirish bilan bog‘liq.
Induktiv xulosa chiqarishning bilishdagi bosh vazifasi juz’iy holni umumiylashtirish, ya’ni ayrim faktlarga xos xususiyatni berilgan sinfga taalluqli barcha predmetlarga xos xususiyat darajasiga ko‘tarish (generalizatsiya qilish) asosida umumiy bilim hosil qilishdan iborat. O‘z mazmuni va bilishdagi ahamiyatiga ko‘ra bu bilimlar kundalik tajribani umumlashtirish negizida hosil qilinadigan eng oddiy umumlashmalardan tortib, to empirik va nazariy qonunlar, gipotezalar, ilmiy nazariyalar darajasigacha etgan bilimlar bo‘lishi mumkin.
Ilmiy bilish tarixi fanning turli xil sohalarida qilingan kashfiyotlar, masalan, elektr, magnetizm, optikaga oid juda ko‘p sababiy aloqadorliklar, qonuniyatlar ularning aynan induktiv yo‘l bilan o‘rnatilganini tasdiqlaydi.
To‘liq induksiya induktiv xulosa chiqarishning shunday turiki, unda birorta belgining ma’lum bir sinfga mansub, har bir predmetga xosligini aniqlash asosida, shu belgining berilgan sinf predmetlari uchun umumiy belgi ekanligi haqida xulosa chiqariladi.
To‘liqsiz induksiya shunday ehtimoliy xulosa chiqarish turiki, unda birorta belgining bir mantiqiy sinfga tegishli predmetlarning bir qismiga (bir nechtasiga) xosligini (yoki xos emasligini) aniqlash asosida shu belgining berilgan sinfga mansub barcha predmetlarga xosligi (xos emasligi) haqida xulosa chiqariladi.
Analogiya .Analogiya (grek. – moslik, o‘xshashlik) bavosita xulosa chiqarishning bir turidir. Deduktiv xulosa chiqarishda fikr umumiylikdan juz’iylikka qarab, induksiyada juz’iylikdan umumiylikka qarab harakatlansa, analogiyada bir juz’iy holatdan boshqa juz’iy holatga qarab harakatlanadi. Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish ob’ektiv reallikning cheksiz ko‘rinishlari hamda unda mavjud bo‘lgan turli sistemalarning xossalari, munosabatlari, tarkiblaridagi o‘xshashliklarga asoslanadi. Masalan, sayyoralar, davlatlar, ijtimoiy tuzumlar mohiyatida o‘xshashlik bor. Bilishda muhim va nomuhim xossalar o‘xshashligi asosida analogiya bo‘yicha xulosa chiqariladi.
Analogiya vositasida bir predmetdan (modeldan) boshqa predmetga (prototipga) axborot o‘tkaziladi. Xulosa asoslari modelga, xulosa prototipga taalluqli bo‘ladi.
Analogiya bo‘yicha xulosa chiqarish boshqa xulosa chiqarishlar kabi asoslardan, xulosadan va asoslar hamda xulosa o‘rtasidagi mantiqiy aloqadan iboratdir. Uning xulosasi ehtimoliy shaklda bo‘lib, keyingi tekshirishlarni talab qiladi. Aniq asoslardan ba’zan aniq, ba’zan ehtimoliy xulosa chiqadi.