Predikatning mazmuniga ko‘ra oddiy hukmlaratributiv, mavjudlik va munosabat hukmlariga bo‘linadi.
Murakkab hukmlar. Hukm terminlari birdan ortiq bo‘lsa, murakkab hukm deb ataladi. Murakkab hukmlar «va», «yoki», «agar... unda» kabi mantiqiy bog‘lamalar, inkor qilish va modal terminlarni qo‘llash orqali ikki va undan ortiq oddiy hukmlarning o‘zaro birikishidan hosil bo‘ladi. Mantiqiy bog‘lovchining mazmuniga ko‘ra murakkab hukmlarning quyidagi asosiy turlarini farq qilish mumkin: birlashtiruvchi, ayiruvchi, shartli, ekvivalent.
Birlashtiruvchi (kon’yunktiv) hukmlardeb ikki va undan ortiq oddiy hukmlarning «va», «ham», «hamda» kabi mantiqiy bog‘lovchilar vositasida o‘zaro birikishidan hosil bo‘lgan hukmlarga aytiladi. Masalan, 1.«Qo‘ng‘iroq chalindi va dars boshlandi». 2.«A. Navoiy shoir va davlat arbobi bo‘lgan». 3.«Muhammad Xorazmiy va Ahmad Farg‘oniylar matematika fanining rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlar».
Kon’yunktiv hukm tarkibidagi oddiy hukmlar chin yoki xato bo‘lishi mumkin. Tarkibidagi hamma oddiy hukmlar chin bo‘lganda, birlashtiruvchi hukm chin bo‘ladi. Boshqa hamma holatlarda esa xato bo‘ladi. Masalan, «YOlg‘on gapirish va o‘g‘irlik qilish jinoyatdir» hukmidagi birinchi oddiy gap «YOlg‘on gapirish jinoyatdir» chin bo‘lmaganligi uchun bu hukm chin bo‘lmaydi.
Ayiruvchi (diz’yunktiv) hukmdeb «yo», «yoki», «yoxud» mantiqiy bog‘lamalari vositasida oddiy hukmlardan tashkil topgan mulohazaga aytiladi. Bu bog‘lovchilar ikki oddiy hukmni yoki bir qancha predikatlarni. yoki bir qancha sub’ektlarni bir-biridan ayirib turadi. Masalan, «Qodirov falsafa yoki sotsiologiya, yoki psixologiya bo‘limida o‘qiydi». «Ikkinchi soatda yo matematika, yoki chet tili darsi bo‘ladi». Ayiruvchi bog‘lamalar « » – diz’yunksiya belgisi orqali ifodalanadi. Ayiruvchi (diz’yunktiv) hukmlar oddiy yoki qat’iy turlarga bo‘linadi. Oddiy diz’yunktiv hukm tarkibidagi oddiy hukmlardan biri yoki hammasi chin bo‘lganda, qat’iy diz’yunktiv hukmda esa tarkibidagi oddiy hukmlardan faqat bittasi chin bo‘lganda bu hukmlar chin xisoblanadi.