14-mavzu. Nikoh va oilaning axloqiy asoslari, uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni. (2 soat) Reja: 1. Nikoh - eng qadimgi axloqiy munosabat shakli. Nikohning qonuniy va diniy jihatlari. 2.Oilaning psixologik, ijtimoiy-ma’naviy muhitining farzand tarbiyasiga ta’siri. 3.Davlatning oila tinchligi va barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni. Oila shartnomasini tuzishning axloqiy jihatlari.
Oilani fuqarolik jamiyatining, davlatning eng muhim hujayrasi deyishadi. CHunki har bir jamiyat a’zosi, bo‘lajak fuqaroning tarbiyasi oiladan boshlanadi. Oila uch jihatni: o‘zining bevosita ko‘rinishi bo‘lmish nikohni; oilaviy mulk va anjomlar hamda ular haqidagi g‘amxo‘rlikni; bolalar tarbiyasini o‘z ichiga oladi.
Nikoh va muhabbat. Avvalo, nikoh haqida to‘xtalib o‘taylik. Qonunga binoan nikoh tuzish shartlaridan eng muhimlari - nikohga kiruvchilarning o‘zaro roziligi va ularning nikoh yoshiga etganliklari. Bizda yigitlar uchun - 18, qizlar uchun - 17 nikoh yoshlari qilib belgilangan. Bu - masalaning huquqiy tomoni. Uning ikkinchi - axloqiy tomoni ham borki, u muhabbat bilan bog‘liq. Nikoh tuzishdan avval ikki yosh orasida goh ochiq sevgi - muntazam uchrashuvlar, ahdu paymonlar qilish yoki orqavorotdan bir-birini yoqtirish hollari bo‘lishi mumkin. Har ikkala holda ham rozilik o‘zgarmas shart hisoblanadi.
Oilaning asosi bo‘lmish nikoh - ezgu maqsadga yo‘naltirilgan, zimmasiga zurriyot qoldirishdek yuksak mas’uliyat yuklangan sevgi, sevishning ijtimoiylashgan ko‘rinishi. Biroq sevgi-muhabbat faqat erkinlikda namoyon bo‘ladi. SHu jihatni nazarda tutadigan bo‘lsak, nikohni, ma’lum ma’noda, an’analar, urf-odatlar va e’tiqodlarga moslashtirilgan sevgining yashash sharti deyish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, nikoh zaruriyatga aylangan erkinlikdir. SHu bois nikohga kirayotgan har bir kimsa bundan buyon o‘z erkining boshqa bir erk bilan kelishib yashashini, ixtiyoriy tarzda cheklanib, nisbiylashgan holda mavjud bo‘lishini anglab etmog‘i lozim. Bundan tashqari nikoh o‘z mohiyatiga ko‘ra axloqiy hodisa. Unda ehtiroslar axloqqa bo‘ysundiriladi. Oddiy birga yashashda esa tabiiy ehtiyojni qondirish birinchi o‘rinda turadi, nikohda u ikkinchi darajali mavqe egallaydi. Agar muhabbat har ikki tomondan e’zozlab, avaylab-asralmasa, undagi jannatiy bo‘yni yo‘qotib qo‘yish hech gap emas. Eng muhimi shuki, nikohdagi huquqiy holatning asosida muhabbat yotmog‘i lozim, o‘shanda bunday hollar ro‘y bermasligi shubhasiz. Ayni paytda dunyodagi hamma narsa-hodisalar kabi muhabbat ham parvarishga muhtoj ekanini unutmaslik kerak.