Tubanlik - insonda kuchli nafratlanish tuyg‘ularini hosil qiluvchi estetik kategoriyadir. Nafosatshunoslik kategoriyalari orasida xunuklik singari kishilarda salbiy his-tuyg‘u paydo qiladigan boshqa tushunchalar ham mavjud. Tubanlik ana shunday tushuncha: uni xunuklik bilan aynanlashtirib bo‘lmaydi. CHunki, xunuklik kishilarda engil noxushlik tuyg‘usini paydo qilsa, tubanlik esa kuchli nafratlanish hissini uyg‘otadi. Tabiat, hayvonot va nabotot olamidagi xunuklik tubanlikka aylanmaydi. Insondagi xunuklik esa tubanlik darajasiga borib etadi. Daryoning suvi loyqalangani, ko‘kalamzorlarga to‘kilgan axlat, qurbaqa, ilon xunuk ko‘ringani bilan undan odamlar nafratlanmaydilar. Gohida muhtojlik inson tabiatidagi yovuz maylni qo‘zg‘atib yuborishi natijasida insonni tubanlashtiradi. Ayniqsa, mamlakat boshiga og‘ir kulfat tushganda undan o‘z moddiy manfaatlari yo‘lida foydalanuvchi kimsalar (2001 yil 11 sentyabrda AQSHda sodir bo‘lgan fojea sabab o‘g‘ri «tadbirkorlar» magazinlarni talashgan edi-H.B.) tuban odamga misol bo‘ladi.
Fojeaviylik. Fojeaviylik muammosi har doim falsafiy, badiiy va estetik tafakkur sohiblarining e’tiborini jalb qilib kelgan. Deyarli barcha ulkan ijodkorlar yaratgan asarlarda fojeali ohanglar mavjudligini ko‘p uchratishimiz mumkin. Jumladan, M. SHayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» va «Mirzo Ulug‘bek» asarlarida fojeali ohanglar boshdan oxiriga qadar sezilib turadi. Mazkur dramalar maxsus fojea asari sifatida yaratilmagan bo‘lsa ham, aslida, fojeali ohanglar ularda ustivor darajada ifodalangan. Har qanday fojea zaminida alohida fojiali to‘qnashuv yotadi va uning eng muhim tomoni ko‘lamlilik va ijtimoiy ahamiyatga molikligidir.
Hegel fojeaviylikni mohiyatli kuchlar to‘qnashuvining natijasi, deb biladi. CHunki, bu to‘qnashuvlar kurashi o‘zining natijasiga ko‘ra insoniyat istiqboli, taqdiri bilan bog‘lanib ketadi. Bu holat fojea san’atning falsafiy jihatdan eng hajmli turiga aylantiradiki, unda ijodkorga hayotni, insoniyatni butun tarixi davomida hayajonlantiradigan tub masalalarni o‘z oldiga qo‘yib, hal qilish imkonini beradi. Fojea qahramoni ko‘pincha ijobiy tusda tasvirlanadi, u o‘z davrining ijobiy orzu-umidlari, u yoki bu qirralarini o‘zida mujassamlashtirgan kuchli, yorqin, ulug‘vor shaxsni namoyon etadi.
Fojeaviylik estetikaning mezoniy tushunchalari orasida ulug‘vorlik tushunchasiga yaqin. Haqiqiy ulug‘vorlik fojeaviylikning davomi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. SHu bois estetikasida fojeaviylik kategoriyasining ulug‘vorlik kategoriyasidan keyin o‘rganilishi bejiz emas. Ulug‘vorlikning barcha xususiyatlari fojiaviylikning ham u yoki bu ko‘rinishi orqali namoyon bo‘ladi. Fojiaviylik mezoniy tushunchasining estetikasidagi markaziyF muammosi-insonning imkoniyatlarini har tomonlama kengaytirish (san’at, badiiy adabiyot, jamiyat va tabatga nisbatan munosabatda), qahramonlik, buyuklik tushunchalarining qat’iy va o‘zgarmas chegaralarini buzib, uning mohiyatini yanada yaqinlashish, tashabbuskor va bunyodkorlikni rag‘batlantirish, hayotda umidvorlik va unga muhabbat tuyg‘ularini rivojlantirishdan iboratdir. Fojeiy qahramon kelajakka yo‘l tashlaydi, u eskirgan chegaralarni daf etadi, u doimo insoniyat kurashining oldida yuradi.
SHunga ko‘ra, estetikada fojeaviylik kategoriyasining inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabati qo‘yidagilarga ko‘ra muhim ahamiyat kasb etadi:
Fojeaviylik insoniy fazilatlardagi yo‘qotilgan narsalarning o‘rnini qoplab bo‘lmasligini ko‘rsatib beradi.
Qanday odamlar abadiyatga daxldor ekanligini tasdiqlaydi. Fojiaviylikda o‘lim hayotga xizmat qiladi.
Bo‘lib o‘tgan voqea-hodisaning yakuniga qarab fojeiy xarakterning faolligini namoyon etadi.
Dunyo xolati va inson hayotining mazmuni bo‘yicha falsafiy mushohada qilishga undaydi.
Ma’n etilgan tarixiy zidditlarni fosh etadi.
San’atda fojeaviylik g‘am-anduh, motam tuyg‘ularini paydo qiladi (qahramonning o‘limiga nisbatan), tantana va quvonch, hayotdan umidvorlik, hayotga muhabbat hislarini paydo qiladi.
Odamlarda forig‘lanish (katarsis) ni namoyon etadi.