Geografik determinizm inson faoliyati tabiiy muhitga to‘la bog‘liq degan g‘oyani isbotlashga harakat qiluvchi mexanistik qarashdir. Bu oqimning asoschisi va atoqli namoyandasi Sh.L.Monteske (fransuz ma'rifatchi faylasufi 1689-1755) «Qonunlar ruhi» deb nomlangan asarida o‘z konsepsiyasini atroflicha bayon etdi. Geografik determenizmga muvofiq odamlar hayoti, axloqi, qonunlari, odatlari va hatto siyosiy tuzumi ular yashaydigan geografik muhit va iqlim sharoitidan kelib chiqadi. U tabiat odamlarni tug‘ilgandan teng qilib yaratishini tan olib, so‘ng ularni geografik determinizm nuqtai nazaridan farqlaydi.
Mazkur yondashuvdan Monteske hatto qit'alar ijtimoiy tizimlarining tahlilida ham foydalanadi. Bunda u, xususan, Osiyo va yevropa xalqlarining hayotini taqqoslaydi. Uning fikricha, Osiyo mo‘tadil mintaqaga umuman ega emas, shu sababli bu qit'aning juda sovuq iqlimida joylashgan mamlakatlar juda issiq iqlimda yashaydigan mamlakatlar bilan bevosita tutashadi. yevropada esa, aksincha, mo‘tadil mintaqa ancha keng bo‘lib, bu yerda iqlim janubdan shimolga qarab asta-sekin sovuqlashib boradi. Har bir mamlakat o‘z iqlim xususiyatlariga ko‘ra qo‘shni mamlakat bilan o‘xshash bo‘lgani bois, ularning o‘rtasida keskin farqlar kuzatilmaydi. Ayni shu sababli Osiyoda iqtisodiyot hyech qachon o‘smaydi, yevropada esa u sharoitga qarab o‘sadi yoki kamayadi.
Uning odamlar ijtimoiy hayoti tabiiy sharoitlarga qattiq bog‘liq ekanligi haqidagi g‘oyalari va xulosalari keyinchalik nafaqat rivojlantirildi (masalan, G.T.Bokl, E.Reklyu, L.I.Mechnikov tomonidan), balki tabiat va jamiyatning o‘zaro aloqasida sababiyatni inkor etuvchi oqim – geografik indeterminizm nuqtai nazaridan tanqid qilindi.
Geografik determinizm g‘oyalari boshqacha shakllarda bugungi kunda ham, xususan, «ilg‘or industrial Shimol» va «qoloq agrar Janub» o‘rtasida, ya'ni iqtisodiy rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasida mavjud ulkan tafovutni tushuntirish (va oqlash) uchun faol qo‘llanilmoqda.