Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə137/360
tarix06.06.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#125724
1   ...   133   134   135   136   137   138   139   140   ...   360
Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni

Til va ong. Ong nafaqat insonning mehnat faoliyati, balki odamlar o‘zaro aloqasi va muloqotining universal vositasi – til bilan ham uzviy bog‘liqdir. Aniq, tushunarli nutqning paydo bo‘lishi, nafaqat ijtimoiy munosabatlar, balki insonning o‘zi, uning ongi rivojlanishining butunlay yangi va qudratli vositasiga aylandi, chunki biologik omil (irsiyat)dan tashqari odamlarda til yordamida yanada qudratliroq omil – tajriba va muhim axborot berishning ijtimoiy usuli paydo bo‘ldi. Bu turli avlodlar va tarixiy davrlarning bilimlari, an'analari, madaniyatlarining vorisiyligini ta'minladi, so‘nggi zikr etilgan hol esa, o‘z navbatida, tilning yanada rivojlanishi va takomillashuviga turtki berdi va zamin hozirladi.
Shunday qilib, mehnat, ong va til bir-biri bilan shu darajada uzviy bog‘landiki, ulardan har birining kelib chiqishi va tarixiy rivojlanishini bir-biridan alohida tasavvur qilish mumkin emas. Bunda til insonning fikrlash faoliyati amalga oshuvchi muhim shakl hisoblanadi, mehnat esa, o‘z navbatida, tilni rivojlantiradi va boyitadi.
Xullas, individning ongi ijtimoiy belgilangandir, ya'ni u faqat jamiyatda shakllanadi va undan tashqarida paydo bo‘lishi mumkin emas. U nafaqat kelib chiqishiga ko‘ra, balki borliq usuli jihatidan ham ijtimoiy hodisa hisoblanadi, chunki odamlarning xulq-atvori, harakatlarida namoyon bo‘ladi, ularning faoliyat yo‘nalishini belgilaydi.
Ongning strukturasi va funksiyalari. Ong qanday strukturaga ega? Ong strukturasi ko‘p jihatdan shartlidir. Gap shundaki, ong elementlari bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Ammo, shunga qaramay, ongda quyidagi elementlarni ajratish mumkin:
Birinchi element – bilim. Bu ongning bosh tarkibiy elementi, uning o‘zagi, mavjudlik vositasi. Bilim – bu insonning voqyelik haqidagi tushunchasi. Inson ongida bilim anglab yetilgan hissiy va mavxum mantiqiy obrazlar sifatida aks etadi. Bilimlar yordamida inson o‘zini qurshagan dunyoni va bilishning predmetini to‘laligicha qamrab olishi va anglab yetishi mumkin. Bilim ongning moddiy faoliyat vositasida dunyoni izchillik bilan yaratish imkoniyati, voqyealar rivojini nazarda tutish, ijodiy faollik ko‘rsatish kabi xossalarini belgilaydi. Boshqacha qilib aytganda, ong – bu bilimlar shaklidagi voqyelikka inson ehtiyojlarini hisobga olgan holda yondashishdir.
Ong strukturasining ikkinchi muhim elementi emotsiyalardir. Inson o‘zini qurshagan dunyoni sovuqqonlik va befarqlik bilan emas, balki qoniqish, nafrat yoki hamdardlik hissi bilan anglab yetadi. U o‘z ongida aks etgan hamma narsani his qiladi. Emotsiyalar borliqning real hodisalarini individ anglab yetishini yo rag‘batlantiradi, yo bunga to‘sqinlik qiladi. Ko‘zni quvontiradigan narsalar xotiraga osonroq o‘rnashadi. Ammo ba'zan dunyoning «ko‘zni quvontiradigan» manzarasi o‘ziga mahliyo qilishi, illyuziyalar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Ayrim, ayniqsa salbiy emotsiyalar aqlning teranlik darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Masalan, qo‘rquv hissi inson yuz berayotgan hodisalarni anglab yetishi yo‘lida to‘siqqa aylanishi mumkin. Shaxsning eng muhim ijtimoiy va ekzistensial qadriyatlar bilan aloqalari anglab yetilishi natijasida shakllanadigan ma'naviy tuyg‘ular (masalan, muhabbat tuyg‘usi) emotsiyalarning oliy darajasi hisoblanadi. Tuyg‘ular moddiy mazmunga egalik, turg‘unlik, real vaziyatga bog‘liq emaslik bilan tavsiflanadi. Emotsiyalar sohasi inson ongining barcha harakatlariga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatadi, uning faoliyati uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ongning uchinchi tarkibiy elementi iroda hisoblanadi. Iroda inson o‘z faoliyatini ongli ravishda, izchillik bilan boshqarishini o‘zida ifodalaydi. Bu insonning o‘z faoliyatida yuzaga keladigan, sub'ektiv va ob'ektiv qiyinchiliklar va to‘siqlardan ongli ravishda oshib o‘tishni talab etadigan vazifalarni hal qilishga o‘z ruhiy va jismoniy kuchlarini safarbar etish va yo‘naltirish qobiliyatidir. Inson mehnat qurollarini yaratishi – bu irodani shakllantirishning birinchi va eng muhim maktabidir. Iroda va maqsad bir-birini to‘ldiradi. Irodasiz maqsadga erishish mumkin emas; maqsadga muvofiq faoliyatsiz iroda ham bo‘lmaydi. Iroda – bu ongli intilish va harakatga mayl uyg‘otishdir. Ammo insonga ongsiz mayllar ham xos. Ba'zan inson qaergadir intiladi, lekin qaerga va nima uchun intilayotganini uning o‘zi ham bilmaydi. Bunday ong osti harakati insonga hayvonlardan o‘tgan.
Ong strukturasining yana bir elementi – bu tafakkurdir. Tafakkur – individ bilish faoliyatining voqyelikni umumiy va bilvosita aks ettirish bilan tavsiflanuvchi jarayoni. Mazkur jarayon narsalarning muhim, tabiiy munosabatlarini ma'lum, his qilingan, eshitilgan narsalar asosida aks ettirishni o‘zida ifodalovchi mavxum tushunchalar, mulohazalarning yaratilishi bilan yakunlanadi. Fikrlash faoliyati yordamida biz ko‘z bilan ko‘rish va qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lmagan narsalarni idrok etamiz. Tafakkur bizga muhim xossalar, aloqalar va munosabatlar haqida bilim olish imkoniyatini beradi. Tafakkur yordamida biz sirtdan ichga, hodisadan narsalar, jarayonlarning mohiyatiga o‘tishni amalga oshiramiz.
Ong strukturasiga e'tibor va xotira ham kiradi. E'tibor bu inson ruhiy faoliyatining muayyan ob'ektlarga qarab mo‘ljal olishda namoyon bo‘luvchi shakli.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   133   134   135   136   137   138   139   140   ...   360




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin