O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining I.Mo‘minov nomidagi Falsafa va huquq instituti. O‘zbekistonda falsafa fanining rivojiga nafaqat falsafa fakulteti professor o‘qituvchilari, balki 1957 yilda I.M.Mo‘minov tashabbusi bilan tashkil qilingan O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining “Falsafa va huquq” institutining ilmiy xodimlari ham munosib hissa qo‘shdilar. Ilmiy tadqiqot institutida dastlab “Tabiatshunoslik”, “Falsafa tarixi” bo‘limlari faoliyat olib bordi. Keyinchalik institut tarkibi yangi yosh milliy kadrlar bilan boyib bordi, hamda “Dialektika va bilish nazariyasi”, “Ijtimoiy falsafa”, “Etika” kabi bo‘limlar tashkil qilindi. Institutning asosiy faoliyati falsafa, fan va madaniyat tarixini ob'ektiv o‘rganish, ma'naviyatning yangi milliy qirralarini izlash, xalq ma'naviyatini yangi bilimlar bilan boyitish, millatning ma'rifiy ruhini ko‘tarishga yo‘nalgan edi. Bu sohada Ibrohim Mo‘minov, Muzaffar Xayrullaev, Mo‘bin Baratov, Erkin Yusupov, Karim Sodiqov, Mirahmad Abdullaev, Haydar Aliqulov, Rasul Nosirov, Muhammadjon Boltaev, Anvar Sharipov, Gulchehra Navro‘zova va boshqalarning ilmiy tadqiqotlari e'tiborga sazovordir.
Ijtimoiy falsafa, etika, estetika, madaniyatshunoslik falsafasi sohasida Rustam va Telman Abdushukurovlar, Haydar Po‘latov, Abdulxay Valiev, Oysara Umrzoqova, Naim G‘oyibov, Abduvosid Yo‘ldoshev, Maxmud Abdullaev, Mnazura Xolmatova, Said Shermuxamedov, Qo‘chqor Xonazarov, Xotima Shayxova, Abdulxafiz Jalolov, Jo‘ravoy Yaxshilikov, Zuhra Qodirova, Qiyom Nazarov, Viktor Alimasov, U Oblekovlar samarali ishladilar va ishlamoqdalar.
Ontologiya va bilish nazariyasi, tabiatshunoslik falsafasi, fan metodologiyasi bo‘yicha Jondor Tulenov, Bahrom Ismoilov, Omonulla Fayzullaev kabilar boshlagan an'analarni, Mahbuba Abdullaeva, Baxtiyor Karimov, Baxtiyor To‘raev, Ra'no Imomalieva, E'tibor Hoshimova, Shuhrat Qo‘shoqov, Hakima Salomova, Oqil Fayziev, Ziyodullo Davronov, Nigina Shermuxamedova, Alima Berdimurodova, Nariman Eshmetov, Shavkat Mamadaliev, Karima Tulenova, Emina Izzetova va boshqalar davom ettirmoqdalar.
2002 yilda Qiyom Nazarovning tashabbusi bilan “Falsafa va huquq” jurnalining tashkil qilinishi institut xodimlarining ilmiy faoliyati samaradorligini yanada oshirishga hamda yosh olimlarning ilmiy izlanishlari haqida keng jamoatchilikning xabardor bo‘lishi va falsafiy muloqotlar olib borilishidagi dadil qadam bo‘ldi.
Birgina 2003 yilda institut xodimlari 31 ta turli yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqot loyihasiga ega bo‘ldilar. Bugungi kunda “Falsafa va huquq” instituti yangi yosh kadrlar bilan boyib bormoqda.
Falsafa tarixi va tarix falsafasini tahlil qilishda I.A.Karimov aytganlaridek, “Sharq falsafasini teran o‘rganish, shu asosda ulug‘ madaniyatimiz va qadriyatlarimiz ildizlarini jonlantirish, yaqin o‘tmishdan qolgan mafkuradan xalos bo‘lish, o‘zimizning asrlar sinovidan o‘tgan, ulug‘ ajdodlarimiz bizga qoldirgan milliy mafkura va tafakkurimizni tiklash, uni zamonaviy – umumbashariy ruh bilan boyitish xalqimizning dolzarb vazifasidir”57[57]. Shu ma'noda, o‘zbek falsafasining yetakchi vakillari Sharq falsafasi tarixini o‘rganish va undagi gumanistik g‘oyalarni “... halqimiz soddagina qilib, “o‘zbekchilik” deb ataydigan, mehr-oqibat, o‘zaro chidam va hurmat, o‘zgalarning dardiga hamdard bo‘lish kabi oliyjanob fazilatlarni”58[58] kelgusi avlodga yetkazish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib bordilar. Quyida ko‘p sonli o‘zbek falsafasining eng yirik vakillari ta'limotlari bilan tanishamiz.