Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni


Borliqning mazmuni to‘g‘risidagi masala: borliq va vaqtning aloqasi



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə80/360
tarix06.06.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#125724
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   360
Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni

Borliqning mazmuni to‘g‘risidagi masala: borliq va vaqtning aloqasi. Borliqning mazmuni to‘g‘risidagi masala vaqtni anglab yetish muammosi bilan uzviy bog‘liq. «Borliq tushunchasi eng mavhum tushuncha bo‘lsa kerak», deb yozadi Xaydegger. Borliq tushunchasi yevropa falsafasini yaratibgina qolmaydi, mazkur atamaning intellektual tarixi falsafa tarixi bilan tengdoshdir, u bilan bog‘liq bo‘lgan tushunchalar mazmunining xususiyatlari falsafa va jamiyat o‘rtasidagi murakkab munosabatlar mohiyatini ko‘p jihatdan belgilaydi. Faylasuflar o‘z bilimining «mag‘zi»ni «oddiy odamlar»ga odatda borliq haqidagi fikr yoki fikrlar majmui yordamida yetkazishga harakat qiladilar. Bunday fikrlardan Koinot tamoyillari va qonunlari, narsalar tabiati haqidagi, yaxshilik va yomonlik, maqsadlar va qadriyatlar, o‘tmish, hozirgi zamon va kelajak haqidagi ta'limotlar kelib chiqadi.
Ayni shu sababli faylasuflar borliqning xossalari va munosabatlari xususida bahslashadilar. Borliq birlamchi, borliq oldindan belgilanmagan, borliq yaratadi, borliq abadiy, mukammal va o‘zgarmas, borliq yagona, qo‘shaloq yoki ko‘p sonli. Borliq nimaga qarshi turadi: yo‘qlik, shakllanish va onggami? U moddiymi yoki idealmi? Bir so‘z bilan aytganda, borliq o‘z-o‘zidan ravshan tushunchadir. Faqat borliqning xossalari va munosabatlari ko‘rsatilgan borliq nazariyasini yaratish talab etiladi. Borliq haqida hamma narsani bilsak, dunyo, inson, o‘tmish va kelajak haqida ham hamma narsadan xabar topamiz.
Borliqning mazmun va mohiyati nimada, degan savolga javob topish Xaydegger uchun juda muhimdir. «Borliq nima?», deb so‘rasak, u mazkur «nima»ning mazmuni bizga ma'lum, deb hisoblaydi. Parmenid ta'biri bilan aytganda, borliq bor va bo‘lmasligi mumkin emas. Demak, borliq bor va faqat uning qandayligini aniqlash talab etiladi. Xuddi shuningdek, «quyon nima», degan savol ham quyonning borligini nazarda tutadi va uning jinsini aytish, belgilarini sanab o‘tish, balki u yashaydigan muhitni ko‘rsatish va tavsiflash talab etiladi. Quyon – sut emizuvchi o‘txo‘r hayvon, kemiruvchilar oilasiga kiradi, uzun quloqlari bor va sh.k. «Quyon» so‘zi bilan biz ko‘rish, suratini chizish, tavsiflash mumkin bo‘lgan predmetni ataymiz. Bu so‘z bilan biz bitta predmetni emas, balki mazkur turga mansub bo‘lgan ko‘p sonli predmetlarni ataymiz. Ammo borliq quyon emas va umuman, u hyech qanday narsa emas. Xuddi sezgilar, fikrlar, tushunchalarni ko‘rish, suratini chizish yoki tavsiflash mumkin bo‘lmaganidek borliqni ko‘rish ham, tavsiflash ham, suratini chizish ham mumkin emas. Sezgilarni his etish, fikrlarni ta'riflash, tushunchalarning mazmuniga tavsif berish mumkin. Ammo borliq sanab o‘tilgan fenomenlarning birortasiga mansub bo‘lsa, u qanday qilib hamma narsaning avvalida turishi, hamma narsaning asosi bo‘lishi mumkin.
Falsafa fikrlashning yangicha uslubini kashf etdi. Bu fikrlash uslubi yordamida biz aslida narsa bo‘lmagan fenomenlarga ham narsa sifatida yondashishimiz mumkin. Masalan, narsalarning xossalari, narsalar o‘rtasidagi munosabatlar. So‘ngra fikrlar, sezgilar, so‘zlar, nomlar, qilmishlar. Nihoyat, mazmunning o‘zi. Mazmunni o‘rganish bilan XX asrda pragmatistlar, fenomenologlar, neopozitivistlar shug‘ullandilar. Natijada pragmatistlar semiotikani, fenomenologlar – germenevtikani, neopozitivistlar esa – tilning mantiqiy tahlili va harakatning lingvistik tahlilini yaratdilar. Ammo bu yondashuvlarning barchasi aslida nomoddiyni moddiylashtirishga tayanadi. So‘zlar, fikrlar, sezgilar va qilmishlar tahlil predmetiga aylanishi uchun o‘ziga xos narsalarga aylantiriladi. Qadimgi tahlilning maxsus vositasi – mantiq ularni teng huquqli tushunchalar sifatida birlashtiradi, faqat «yakka – umumiy» va «mavhum – konkret» yo‘nalishlari bo‘yichagina ularni ajratadi.
Oradan yuz yilliklar o‘tdi va faylasuflar falsafiy tushunchalarning mazmunini go‘yoki ularning moddiy tabiatiga hyech kim shubha qilmagandek muhokama qila boshladilar. Platonning mazkur g‘aroyib mohiyatlar mavjud bo‘lgan alohida dunyo haqidagi fantastik ta'limotiga ehtiyoj qolmadi. Bu ta'limotsiz ham eng teran aql egalari zamirida borliqqa o‘xshash «kuzatilmaydigan mohiyatlar» yotuvchi nazariy tizimlarni yaratish bilan shug‘ullana boshladilar. Faylasuflar borliq nimaga o‘xshashi va uning tabiati qandayligi xususida bahsga kirishdilar. Ayrimlar borliq moddiy va idealga bo‘linadi, degan fikrni ilgari suradilar, ayrimlar uni faqat ideal, ma'naviy yoki ilohiy fenomen sifatida tasavvur qiladilar, yana bir guruh faylasuflar borliqning yagonaligi to‘g‘risidagi masalani kun tartibiga qo‘yadilar. Xaydegger buni g‘arb metafizikasi deb nomladi va unga Parmenid yashagan zamondan boshlab Kant va Gegel zamonigacha bo‘lgan davrdagi barcha falsafiy ta'limotlarni kiritdi. Ulardan farqli o‘laroq Xaydegger borliq haqida boshqa tilda so‘zladi: u so‘zning yoki harakatning mazmuni haqida qanday so‘rasalar, borliqning mazmuni haqida ham shunday so‘radi.
Xaydeggerning javobi – bu borliqning mazmuni nimada, degan savolga javob emas, balki savolning mazmuniga oydinlik kiritishdir. Borliq haqida shunday bir tilda gapira boshlashdiki, u mazmunning tagiga yetish imkoniyatini bermaydi, deb hisoblaydi Xaydegger va bu fikrda u yaratgan ta'limotning fenomenologik ildizlari ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi.
Borliq mohiyatini tushunib yetishda eng yangi qarashning o‘zagini insonning ijtimoiy ijodi tashkil etadi. Bunda borliq hayot faoliyati jarayoni sifatida tushuniladi. Fan-texnika taraqqiyotining sur'atlari tobora jadallashib borayotgan hozirgi sharoitda mazkur dunyoqarash ko‘pincha texnokratik dunyoqarash deb ataladi.
XX asrda Borliq– dunyo miqyosidagi tartibsizlik, absurd va intiho asri - bunyod etgan yangi postmodernistik shaklini e'lon qilgan postmodern instinkt, boshboshdoqlik, va yurish-turishlarning rang-barangligi, spontanlik hamda tartibsizlik tomon yuz tutgan. San'at va borliq orasidagi masofa tobora qisqarib, mutlaqo yo‘qolish darajasiga yaqinlashgan. Ko‘chadagi narsalar badiiy asarlar ahamiyatini kasb etgan. Postmodern hayotdagi haqiqiy qarama-qarshiliklardan kelib chiqishga harakat qilib, borliqdan «nusxa» ko‘chirgan va «o‘z tartibi»ni taklif qilgan. Odatdagi narsalarning oddiy bog‘lanishlarini neytrallashtirib, ularni obrazli-badiiy dunyoqarash maqomiga da'vogar bo‘lgan yangi ma'nolar tizimiga kiritishga intilish ijodning mohiyatiga aylangan.
Borliq haqidagi o‘ta keng, falsafiy tasavvurlar dunyoning yaxlit tabiiy-ilmiy manzarasini yaratishga harakat qilayotgan hozirgi zamon fanining xulosalari va qoidalariga asoslanishi lozim. Ammo ayrim fanlardan iborat fan o‘z holicha borliqning umumiy talqinini bermaydi, zero bu vazifa avvalo falsafiy darajada hal qilinadi.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   360




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin