Geografik maktablar. Tabiiy va ijtimoiy muhitga doir - «geografik determinizm», «ijtimoiy determinizm» va «geosiyosat» konsepsiyalarini o‘z ichiga olgan g‘oyalar majmui geografik maktabni tashkil etadi. Garchi XVIII asr fransuz mutafakkirlari A.Tyurgo va Sh.Monteske geografik maktab asoschilari deb hisoblansada, geografik maktab geografik o‘rin va tabiiy sharoit jamiyatning rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi degan g‘oyani ilgari suruvchi turli ta'limotlar tizimi sifatida, antik davrdayoq paydo bo‘lgan. Gippokrat, Gerodot, Polibiy, Strabon va boshqa mutafakkirlar turli mintaqalarning iqlim sharoitiga katta e'tibor berganlar va Yunoniston va O‘rta yer dengizi bo‘yidagi hududlarni odamlar hayot faoliyati uchun ayniqsa qulay deb hisoblaganlar.
O‘rta asrlarda shunga o‘xshash g‘oyalarning rivojlanishi odatda tarixchi Ibn Xaldun nomi bilan bog‘lanadi. Ammo bu g‘oyalarga chinakam qiziqish jamiyat qurilishi va tarixiy rivojlanish qonunlarini tabiiy sabablar bilan tushuntiruvchi geografik determinizm g‘oyalari bungacha hukm surgan ijtimoiy hayotning ilohiy xususiyati haqidagi diniy tasavvurlarni siqib chiqara boshlagan Ma'rifatparvarlik davrida yuzaga keldi. Bunday qarashlar o‘sha davrda vujudga kela boshlagan yangi kapitalistik munosabatlarga mos kelgan, shu sababli ular o‘sha davrdan boshlab Fransiya, Angliya va Germaniyada keng tarqaldi.
Ko‘payib borayotgan yer aholisiga tobora ko‘proq tirikchilik vositalari, avvalo oziq-ovqat mahsulotlari talab etilgan. Ularni ishlab chiqarish esa, tabiiy sharoitga, qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yaroqli yerlar mavjudligiga bevosita bog‘liq bo‘lgan. Uning (o‘sha davrda hali nisbatan) kamligi mutaxassislarga XVIII asrdayoq ayon bo‘ldi.
«Tabiiy qonunlar» konsepsiyalari. A.Tyurgo (fransuz faylasufi va iqtisodchisi 1727-1728) mazkur muammoning muayyan yechimi hisoblangan dehqonchilikni intensivlashtirish imkoniyatini o‘rganar ekan, «tuproq unumdorligining pasayib borishi qonuni»ni ta'rifladi. Tabiiy qonunlar konsepsiyasining ma'nosi quyidagicha: ishlov berilayotgan yerga sarflangan har bir qo‘shimcha mehnat va kapital bundan oldinroq sarflangan mehnat va kapitalga qaraganda kamroq samara beradi, muayyan chegaraga yetilganidan keyin esa hyech qanday qo‘shimcha samara olish mumkin bo‘lmay qoladi. T.R.Maltus (Ingliz iqtisodchisi 1766-1834) bu g‘oyalarni rivojlantirdi va keng tarqalgan konsepsiyani ilgari surdi. Bu konsepsiyaga muvofiq aholi sonini uning oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlanganlik darajasiga qarab tartibga soluvchi «tabiiy qonun» paydo bo‘ldi. Maltusning tabiiy qonun konsepsiyasiga binoan “Sayyoramizdagi odamlar soni geometrik progressiya bo‘yicha ko‘payib boradi, tirikchilik vositalari esa faqat arifmetik progressiya bo‘yicha o‘sadi, bu esa muqarrar tarzda aholi haddan tashqari ko‘payib ketishiga olib keladi va ijtimoiy tangliklarga sabab bo‘lishi mumkin”. Maltus ijtimoiy rivojlanish tabiatning abadiy qonunlari hukmiga qat'iy bo‘ysunishini qayd etadi. Uning fikricha, har bir yangi tug‘ilgan chaqaloq boshqalar band etgan va o‘ziga o‘rin bo‘lmagan dunyoga tushadi. Bundan mutafakkir qashshoqlarga hamdardlik shusiz ham murakkab demografik muammolarning keskinlashuviga olib keladi, degan xulosa chiqaradi98[98]. Maltusning ocharchilik, epidemiyalar va urushlar aholi haddan tashqari ko‘payib ketishining oldini oluvchi tabiiy omillar hisoblanishi haqidagi xulosalari nafaqat o‘z tarafdorlarini, balki faol muxoliflarini ham topdi.
Maltus g‘oyalarining izdoshlari o‘z o‘tmishdoshining o‘ta sovuq xulosalaridan xalos bo‘lib, uning ta'limotini XX asr boshida yuz bergan «demografik portlash» to‘lqinida vujudga kelgan neomaltuschilik ko‘rinishida davom ettirdilar.