Ijtimoiy determinizm ijtimoiy rivojlanish darajasi va yo‘nalishi birinchi navbatda moddiy ishlab chiqarishning rivojlanish darajasi bilan belgilanishidir. Shu nuqtai nazardan tabiat odamlar tarixiga aralashadi, chunki ishlab chiqarish jarayonida inson nafaqat uni, balki o‘zini ham o‘zgartiradi. Pirovardda insonning mohiyatini tashkil etadigan ijtimoiy munosabatlar majmui o‘zgaradi. Bundan odamlar ayrim fazilatlarining shakllanishi ham, jamiyatning rivojlanishi ham avvalo geografik muhitga emas, balki moddiy ishlab chiqarishga bog‘liq bo‘ladi va odamlar ishlab chiqarish faoliyatining tarixan o‘zgaruvchi xususiyatini tahlil qilish chog‘idagina muayyan tabiiy sharoitlar u yoki bu ijtimoiy jarayonlarga qanday ta'sir ko‘rsatishi haqida gapirish mumkin, degan xulosaga kelinadi. Ayni holda tabiat va jamiyatning o‘zaro aloqasida faol tomon sifatida doim inson amal qiladi. Tabiiy muhit xususiyatini ijtimoiy muhit xususiyati emas, balki aksincha, ijtimoiy muhit xususiyatini tabiiy muhit xususiyati belgilaydi.
Shu ma'noda odamlar tabiat bilan o‘z moddalar almashinuvini tartibga soladilar, uni o‘z umumiy nazorati ostiga oladilar va shu tariqa tabiatning ko‘r-ko‘rona kuchlari ularning ustidan hukmronlik o‘rnatishiga to‘sqinlik qiladilar.
Geosiyosat. G.T.Bokl (geografik determinizmning atoqli namoyandasi 1821-1862) «Angliya sivilizsiyasi tarixi» deb nomlangan asarida o‘ziga xos iqlim va tabiatga ega bo‘lgan mustamlaka xalqlarining qoloqligini tushuntiradi va ijtimoiy tengsizlikning tabiiyligi haqida xulosa chiqaradi. Keyinchalik Boklning bu g‘oyalari geografik maktabdagi yangi yo‘nalish – geosiyosatni yaratdi. Demak geosiyosat ijtimoiy tengsizlikning tabiiyligi g‘oyasidir. Mazkur yo‘nalishning asosiy g‘oyalarini Germaniyada F.Ratsel va K.Xausxofer, Buyuk Britaniyada G.Makkinder, AQShda A.T.Mexen va N.Spikmen, Shvetsiyada R.Chellen ilgari surdi. «Geosiyosat» atamasini 1916 yilda birinchi bo‘lib ishlatgan R.Chellen o‘zining «Davlat hayot shakli sifatida» deb nomlangan asarida F.Ratselning sotsial-darvinistik g‘oyalarini rivojlantirdi. Bu g‘oyalarga muvofiq tabiiy sharoit jahon tarixida davlatlar rivojlanishining eng muhim omili hisoblanadi, davlatning o‘zi esa geografik muhitning turli omillari aholiga ko‘rsatgan ta'sir natijasida shakllangan biologik organizm sifatida qaraladi. Bundan Chellen u yoki bu davlatning hayot makoni uchun kurashi har qanday jonli organizm qonuni – yashash uchun kurash tabiiy qonunidan o‘zga narsa emas, degan xulosaga keladi. Uning fikricha, tor makonga ega bo‘lgan «yashovchan davlatlar» qat'iy siyosiy imperativga amal qilib, o‘z hududini istilochilik, mustamlakalarni qo‘lga kiritish yo‘li bilan kengaytirishga harakat qilishining zamirida ayni shu qonun yotadi. Boshqacha aytganda, urushlar, Chellen fikriga ko‘ra, nafaqat muqarrar, balki zarurdir.
Shu ko‘rinishda geosiyosat irqlar nazariyasi bilan bir qatorda nemis millatchilarining rasmiy siyosati negizini tashkil etdi. Bunda Ikkinchi jahon urushiga tayyorgarlik, «hayot makoni»ni qo‘lga kiritish g‘oyasi va bosib olingan hududlarda yashovchi xalqlarning ommaviy qirg‘inini asoslandi. Natsistik geosiyosatning taniqli namoyandasi Karl Xausxofer 1924 yildan «Geosiyosiy jurnal» nashr etib, unda geosiyosatning asosiy g‘oyalarini rivojlantirdi, bu Gitlerning «Mayn kampf» asarini yaratishga kuchli ta'sir ko‘rsatdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin fashistik geosiyosat uning hayot makoni va irqiy ustunlik g‘oyalari bilan jinoiy ta'limotlar qatoriga kiritildi.