Yangi davrda tabiatga munosabat yanada faolroq o‘rganila boshlandi. XVII XVIII asrdan e'tiboran u nafaqat nazariy yoki estetik ilhom manbai sifatida, balki amaliy faoliyat jabhasi sifatida ham qaraldi. Insonga tabiatning stixiyali kuchlarini jilovlash va o‘ziga bo‘ysundirish imkonini beruvchi tabiiy qonunlar aniqlandi. Tabiatning inert jarayonlari inson aqlining mutlaq hukmiga bo‘ysunishi mumkin va lozim deb hisoblandi. Buning uchun faqat ularni bilish, sinovdan o‘tkazish lozim.
Tabiatni o‘zlashtirish, uning stixiyasini tabiiy qonunlarni anglab yetish yo‘li bilan jilovlashga intilish o‘sha davrdan boshlab XX asrning o‘rtalarigacha tinimsiz kuchayib bordi. Bunga fanning rivojlanishida erishilgan muvaffaqiyatlar, insonda o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni yanada kuchaytirgan texnika yutuqlari ko‘p jihatdan ko‘maklashdi. Tabiiy qonunlarni bilish va ulardan foydalana olish insonga tabiatning qudratli kuchlariga qarshilik ko‘rsatishga amalda yordam berdi.
Fan-texnika taraqqiyoti yuksalishiga qarab inson o‘zining tabiatdan cheksiz darajada ustunligiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib bordi.
yevropada yuz bergan burjua inqiloblari tabiatni ekstensiv o‘zlashtirishga qattiq turtki berdi. Bu, xususan, xo‘jalik muomalasiga jalb qilinayotgan tabiiy resurslar hajmi va turlarining ko‘payishida o‘z aksini topdi. Bunga o‘sha davrda iqtisodiy faoliyat miqyosi xom ashyo bazasi, ya'ni qurilish materiallari va foydali qazilmalar mavjudligi bilan deyarli cheklanmagani ham imkoniyat yaratdi. Energetika resurslari ham cheksiz bo‘lib, ular har qanday mamlakatning o‘sib borayotgan ishlab chiqarish ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli edi. Agar ular bir joyda kamaysa yoki tugasa, boshqa mintaqalarga murojaat etishning o‘zi kifoya edi. Gap faqat u yoki bu konlardan foydalanishning iqtisodiy maqsadga muvofiqligida edi. Shunday qilib, o‘sha davr sharoitida odamlar iqtisodiy faoliyatining miqyosi va sur'atlari amalda ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanish darajasi va tabiiy boyliklarni olish imkoniyati bilangina belgilanar edi.
Yangi zavodlarning mo‘rilaridan chiqayotgan quyuq tutun, ko‘payib borayotgan konlar va terrikonlar hatto XX asrning birinchi yarmidayoq oddiy ong darajasida taraqqiyot ramzlari sifatida idrok etilar va insonning iqtisodiy yutuqlari va qudratidan dalolat berardi. Ayrim olimlar, o‘tkir zehnli mutafakkirlargina insonning o‘sib borayotgan ekspansiyasi, boshqarilmaydigan texnika taraqqiyoti zamirida insonni qurshagan muhit, binobarin, uning o‘zi uchun ham qanday xavf yashirinib yotgani haqida kuyinib gapirdilar.
Xususan, tabiiy huquq konsepsiyasi muallifi J.J.Russo qonunchilik kishilik jamiyatining tabiiy qonunlaridan kelib chiqishi lozim, deb hisoblaydi. U fan va sivilizatsiyani axloqning yaxshilanishiga ko‘maklashmagani uchun tanqid qiladi va insoniyatni «tabiatga qaytish»ga chaqiradi. Bunga uning mashhur vatandoshi va texnika taraqqiyoti tarafdori Volter kinoya bilan shunday deb javob beradi: «Russoning gaplarini eshitsam, o‘rmonga qarab emaklab chopgim keladi»94[94]. Darhaqiqat, fan-texnika taraqqiyoti tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida XVIII asrda boshlangan bu munozara hozirgacha to‘xtagani yo‘q va bir tomondan, inson fan va texnika sohasida qo‘lga kiritgan, uning hayot sharoitlarini yaxshilagan va tabiatning stixiyali kuchlariga qarshilik ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirgan real yutuqlaridan, boshqa tomondan esa – fan-texnika taraqqiyoti yuzaga keltirayotgan va odamlar hayotining nozik negizlariga putur yetkazayotgan yangi va yangi muammolardan bahra olmoqda.