Xulosalar. Insoniyat jiddiy ekologik tangliklar xavfi bilan to‘qnash kelgach, odamlar xulq-atvorining axloqiy tomoni ayniqsa muhim ahamiyat kasb etdi va endilikda «jamiyat-tabiat» tizimida muammolar keskinlashuvidan oldingiga qaraganda o‘zgacha ma'noga ega, zero, inson o‘z faoliyatida asosiy e'tiborni biosferaga qaratishi lozim. Yuzaga kelgan vaziyatda bu odamlarning yangicha axloqqa asoslangan tegishli xulq-atvorini taqozo etuvchi ob'ektiv zaruriyatdir. Mazkur axloq insoniyat bu sohada erishgan eng sara yutuqlarni aks ettiribgina qolmasdan, balki hozirgi hayotning eng muhim muammolarini ham hisobga olishi lozim.
Xususan, qadimgi rivoyatlarda keltirilgan, umumiy axloqiy qoida sifatida Kant tomonidan ta'riflangan («Shunday ish ko‘rginki, xohish-irodang maksimasi ayni vaqtda umumiy qonunchilik tamoyili kuchiga ham ega bo‘lsin») axloqiy imperativ endilikda tabiatga nisbatan ham tatbiq etilib, umumiy ekologik imperativga aylanishi lozim. Ekologiyaga tatbiqan bu talabning ma'nosi shundan iboratki, ish ko‘rayotgan har bir sub'ekt (u xoh ayrim inson, xoh jamiyat yoki butun insoniyat bo‘lsin) o‘zining tabiatga bevosita yoki bilvosita daxldor bo‘lgan barcha niyatlari, ishlari va xatti-harakatlarida o‘zini shunday tutishi lozimki, bu xulq-atvor me'yori umumiy ekologik qonunga aylana olsin.
Ijtimoiy hayotga ham, inson mavjudligining tabiiy sharoitlariga ham tegishli bo‘lgan bu axloqiy qonunga o‘z holicha rioya qilish ekologiyaning barcha muammolarini bartaraf etishni uzil-kesil kafolatlovchi birdan-bir va shak-shubhasiz talab hisoblanmaydi. Ammo har bir inson va butun jahon hamjamiyati tomonidan odamlarning tabiat bilan munosabatlarida asos qilib olingan taqdirda, u muqarrar tarzda turli mamlakatlar va xalqlarni shunday bir holatga keltiradiki, ular o‘zining tabiatni o‘zgartiruvchi siyosatini mazkur qonunga muvofiq qayta tuzishga majbur bo‘ladi, shu tariqa jahon hamjamiyatiga yanada faolroq birlashish yo‘lidagi ekologik g‘ov-to‘siqlarni bartaraf etadi. Aks holda nafaqat noosferaga erishish, balki umuminsoniy muammolarni hal qilish ham mumkin emas.