Xulosalar. Fikrlovchi odamning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u o‘z ongi yordamida o‘zini, o‘zi yashayotgan muhitni tahlil qilib, o‘z «Meni» haqida tasavvur hosil qiladi va o‘zini bu borliqdan ajratib, shu tariqa o‘zligini shakllantiradi. Emotsiyalarga boy bo‘lgan va qadriyatlarga qarab mo‘ljal oluvchi inson ongi faol asos sifatida amal qiladi, chunki u borliqning passiv in'ikosi emas, balki fikrlash faoliyatining izchil, nazorat qilinadigan va boshqariladigan jarayoni hisoblanadi. Shu ma'noda u ijodiy faoliyat sifatida ham namoyon bo‘ladi, zero u nafaqat borliqni aks ettiradi, balki uni o‘zgartirib, borliqning yangi shakllarini yaratadi.
Bu yerda har qanday ijodkor faoliyatining negizi, shuningdek inson yaratgan va yaratayotgan «ikkilamchi» tabiatning paydo bo‘lish asoslari mujassamlashadi. Aynan inson ongining faol va ijodiy xususiyati uni sun'iy intellekt manbalari – «aqlli», «fikrlovchi» mashinalar bilan bir qatorga qo‘yish imkonini bermaydi. Garchi ular axborotga ishlov berish borasida insondan ancha ustun va hatto ularning ishida «ijod» unsurlari ham namoyon bo‘lsa-da, lekin ular mashinalar bo‘lib qoladi. Ularning ishi ma'naviyatdan mahrum va umuman olganda odamlarning ongli faoliyati bilan tenglasha olmaydi. Bu faoliyat oldindan belgilangan har qanday dasturdan boyroq, zero madaniy jarayondan uning faol asosi sifatida o‘rin olgan va asosan madaniyat bilan belgilanadi.
uchinchi bo‘lim. RIVOJLANISh FALSAFASI
10-MAVZU O‘ZARO ALOQADORLIK VA RIVOJLANISh QONUNLARI
Axborot sivilizatsiyasi davrida dunyoning yaxlit nazariy obrazini yaratish – og‘ir va mashaqqatli vazifa. Uni yechishning falsafiy yo‘li ikki yarim ming yil muqaddam boshlangan bo‘lib, shundan beri o‘tgan davr mobaynida rivojlanish falsafasi shakllangan va bosqichma-bosqich atroflicha ishlab chiqilgan. Falsafaning mazkur bo‘limi rivojlanish muammosini turli nuqtai nazarlardan o‘rganuvchi konsepsiyalarni o‘z ichiga oladi. Ularning orasida dialektika, metafizika va sinergetika alohida o‘rin egallaydi. Ularning ayniqsa keng e'tirof etilgani va mufassal ishlab chiqilgani dialektikadir. Shu sababli bu bo‘limda unga asosiy e'tibor qaratiladi. Dialektikani bilish, uning tamoyillari, qonunlari va kategoriyalaridan ijodiy foydalanish har qanday soha mutaxassisi dunyoqarashining muhim sharti hisoblanadi.
Dialektika nima, uning mazmuni nimadan iborat, rivojlanishning dialektikaga muqobil qanday konsepsiyalari mavjud?
Dostları ilə paylaş: |