Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə138/360
tarix06.06.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#125724
1   ...   134   135   136   137   138   139   140   141   ...   360
Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni

Xotira bu individ miyasida uning o‘tmishdagi tajribasini mustahkamlash, saqlash va gavdalantirishdan iborat bo‘lgan ruhiy jarayon. Xotiraning asosiy elementlari eslab qolish, saqlash, gavdalantirish va unutish hisoblanadi. Eslab qolishning fiziologik asosini bosh miya po‘stlog‘ida vaqtinchalik nerv aloqalarining hosil bo‘lishi va qayd etilishi tashkil qiladi. Nerv aloqalarining keyinchalik jonlanishi eslab qolingan materialni gavdalantirish imkoniyatini beradi, bu aloqalarning susayishi esa xotiradagi materialning unutilishiga olib keladi.
Insonning sub'ektiv borlig‘ida muhim kichik struktura – o‘zlikni anglash ham bor. Bu insonning o‘zini shaxs sifatida anglab yetish, o‘zining mustaqil qarorlar qabul qilish va shu asosda odamlar va tabiat bilan ongli munosabatlarga kirishish, qabul qilingan qarorlar va harakatlar uchun javobgar bo‘lish qobiliyatini tushunish jarayonidir. Boshqacha qilib aytganda, o‘zlikni anglash – bu o‘z-o‘ziga, o‘zining ma'naviy qiyofasiga, o‘z bilimlari, fikrlari, qiziqishlari, ideallari, xulq-atvor mo‘ljallari, harakatlari va shu kabilarga yaxlit baho berishdir. O‘zlikni anglash yordamida inson o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatini ro‘yobga chiqaradi, o‘z-o‘ziga his qilishga qodir bo‘lgan fikrlovchi mavjudot sifatida baho berishni amalga oshiradi. Bu holda sub'ekt o‘z-o‘zini va o‘zining ongini bilish ob'ektiga aylantiradi. Shu tariqa inson o‘z-o‘ziga baho beradigan, shusiz hayotda o‘z o‘rnini belgilash va topishga qodir bo‘lmagan mavjudot sifatida namoyon bo‘ladi.
Faylasuflarning o‘zlikni anglashga sub'ektiv dunyoning alohida sohasi sifatida yondashishlari Suqrotdan, uning «O‘z-o‘zingni angla» deb nomlangan maksimasidan boshlangan. Falsafa dunyo va inson haqidagi alohida bilim sifatida shakllanishi jarayonida jonning faolligi, aqlning o‘z-o‘ziga nisbatan tanqidiy munosabati haqida qarashlar vujudga kelgan. Platon fikriga ko‘ra, jon faoliyati – bu o‘zi bilan o‘zi suhbat xususiyatiga ega bo‘lgan ichki ishdir. Jon mulohaza yuritar ekan, o‘zi bilan o‘zi tinimsiz gaplashadi, savollar beradi, javoblar qaytaradi, tasdiqlaydi va e'tiroz bildiradi.
Shunday qilib, o‘zlikni anglash – insonning o‘zini o‘zi tinimsiz kamol toptirishining muhim shartidir. O‘zlikni anglash strukturasida o‘z-o‘zini his qilish, o‘z-o‘zini bilish, o‘z-o‘ziga baho berish, o‘z-o‘zini boshqarish kabi elementlarni ham ajratish mumkin. Umuman olganda o‘zlikni anglash refleksiya bilan uzviy bog‘liq. Falsafiy adabiyotlarda refleksiya tafakkurning unga o‘z faoliyat shakllarini (tafakkur kategoriyalarini) tahlil qilish va anglab yetishga ko‘maklashuvchi tamoyil sifatida tavsiflanadi. Ayni shu sababli refleksiyaga inson ma'naviy dunyosining ichki tuzilishi va xususiyatlarini namoyon etuvchi o‘zlikni anglash faoliyati sifatida yondashish, bizningcha, o‘rinli bo‘ladi.
Insonning o‘z ichki holatini tushunishi, o‘zini o‘zi boshqarish qobiliyati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. O‘zlikni anglash shaxsning dunyoqarash, qobiliyatlar, fe'l-atvor, qiziqishlar kabi ma'naviy elementlari bilan bir qatorda ijtimoiy muhit ta'sirida shakllanadi. Muhit shaxsdan o‘z harakatlarini boshqarishni va ularning natijalari uchun javob berishni talab qiladi. Ong darajasi shaxs oldiga qanday talablar qo‘yilgani va mazkur muhitda qaysi ijtimoiy qadriyatlar amal qilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘ladi. Bu yerda inson o‘z harakatlarini o‘zi boshqarishi va ularning oqibatlari uchun javob berishi lozimligi asosiy talab hisoblanadi.
Ong tarkibiy elementlari bir-biri bilan o‘zaro aloqaga kirishadi va ongga inson hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan bir qancha funksiyalarni ta'minlaydi.
Ongning birinchi funksiyasi bilish yoki aks ettirish, ya'ni insonni qurshagan voqyelik haqida va uning o‘zi haqida bilimlar olishdir. Bilish faoliyati sifatida anglash jarayoni hissiy, obrazli bilishdan boshlanadi va mavxum fikrlash sari yuksaladi. Hissiy (empirik) bilish bosqichida rang-barang ashyoviy material to‘planadi va keyinchalik u mavxum fikrlash yo‘li bilan umumlashtiriladi. Shu tariqa ong eng muhim hodisalarning mohiyatini anglaydi va ular bo‘ysunuvchi ob'ektiv qonuniyatlarni aniqlaydi. Bilish funksiyasi birinchi darajali ahamiyat kasb etadi, undan qolgan barcha funksiyalar kelib chiqadi. Mazkur funksiya faol, evristik xususiyat kasb etadi, ya'ni ong voqyelikni ildamroq aks ettirish xususiyati bilan tavsiflanadi.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   134   135   136   137   138   139   140   141   ...   360




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin