Ijtimoiy ong borlig‘i. Ijtimoiy borliqning o‘ziga xos xususiyatlariga nazar tashlasak, u borliqning boshqa barcha shakllaridan butunlay farq qiladi. Yaxlit holda olingan ijtimoiy «organizm» hayvonlar podasidan butunlay farq qiladi. Jamiyatning bu o‘ziga xos, betakror xususiyati falsafada «ijtimoiy ong», «jamoa aqli», «ob'ektivlashgan ma'naviyat» va hokazolar deb ataladi. U har xil shakllarda namoyon bo‘ladi.
Bu fikrni isbotlash uchun muloqot, kommunikatsiya, odamlarni tarbiyalash va ularning ijtimoiylashuvi vositasi sanalgan tilni ko‘rib chiqamiz. Tilning ayrim kishilar ongi, g‘oyalari, fikrlari bilan uzviy bog‘liqligi aniq, ammo hozirgi zamon fani nuqtai nazaridan til ijtimoiy tabiatga ega ekanligi ham shubhasiz. Xuddi shuningdek til - inson nutqi odamlar jamiyatida paydo bo‘lgani va faqat shu yerda mavjud bo‘lishi mumkin. Uning tashqi og‘zaki, ovoz ko‘rinishi, mazmuni, teranligi, kengligi, boyligi ko‘plab avlodlarning ko‘p asrlik o‘zaro aloqasi va o‘zaro kamol topishi mahsulidir. Bunda ayrim inson u yoki bu tilni faqat muloqot jarayonida o‘zlashtiradi. Ayni holda umuman til haqida so‘z yuritilmoqdaki, u tabiiy ham, sun'iy ham bo‘lishi mumkin.
Endi individual va jamoa (ijtimoiy) ma'naviyatining ideallar, me'yorlar, qadriyatlar va tasavvurlarda aks etuvchi o‘xshash jihatlari va farqlariga to‘xtalamiz. Individual ma'naviy borliqdan farqli o‘laroq, ijtimoiy ma'naviy borliq haqida uning fan, san'at, din, axloq va umuman madaniyat tarzidagi ko‘rinishlariga qarab hukm chiqarishimiz mumkin. Xususan, u yoki bu ilmiy g‘oyalarning paydo bo‘lishi doim muayyan olimlar bilan bog‘liq, ammo fan ijtimoiy hodisa sifatida muayyan shaxslar bilan bog‘lanmaydi, zero u ayrim olimlar ilgari surgan nazariy qoidalar majmuidan yuqoriroq darajada turadi. Bosma, audiovizual va boshqa axborot manbalari, tegishli asbob-uskunalar va shu kabilarsiz fanni tasavvur qilish mumkin emas. U yaxlit hodisa sifatida mustaqil borliqqa ega. Bugungi kunda, kompyuter texnologiyalari inqilobi davrida fan jamiyatning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylandi.
San'at sohasi haqida ham shunday deyish mumkin. Qo‘shiqlar, raqslar va musiqa o‘z muayyan ijrochilariga ega bo‘lgani holda, o‘zining odatlar, rasm-rusumlar va ideallar ko‘rinishidagi nisbatan mustaqil hayoti bilan yashaydi va shu tariqa ijtimoiy makon va vaqtda harakatlanib saqlanishi, takomillashishi va ko‘payishi mumkin.
Ijtimoiy ongning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, u, individual ongdan farqli o‘laroq, o‘z «tanasi»ni «tark eta» olmaydi, xuddi shuningdek u o‘z «tanasi»dan, ya'ni jamiyatdan tashqarida mavjud bo‘lishi ham mumkin emas. Shu sababli ijtimoiy ong asrlar mobaynida abadiy mavjud bo‘lgan, yo‘q qilib bo‘lmaydigan narsa sifatida qaralgan, uning borlig‘i esa butun insoniyat borlig‘i yo‘q bo‘lishi bilan barham topishi mumkin, deb hisoblangan.
Ammo XX asrning o‘rtalarida odamlar o‘z-o‘zini qirg‘in qilish vositasi – yadro qurolini yaratdilar va shu paytdan e'tiboran insoniyat o‘zining «umrboqiyligi»ni yo‘qotdi va endilikda u, yashab qolishga harakat qiluvchi ayrim jonli organizm kabi, ijtimoiy hayotni o‘z-o‘zini qirg‘in qilishdan asrab, o‘z ijtimoiy borlig‘ini saqlash haqida qayg‘urishi lozim..