Ongning strukturasi va funksiyalari. Ong qanday strukturaga ega? Ong strukturasi ko‘p jihatdan shartlidir. Gap shundaki, ong elementlari bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Ammo, shunga qaramay, ongda quyidagi elementlarni ajratish mumkin:
Ongning birinchi elementi – bilim. Bu ongning bosh tarkibiy elementi, uning o‘zagi, mavjudlik vositasi. Bilim – bu insonning voqyelik haqidagi tushunchasi. Inson ongida bilim anglab yetilgan hissiy va mavxum mantiqiy obrazlar sifatida aks etadi. Bilimlar yordamida inson o‘zini qurshagan dunyoni va bilishning predmetini to‘laligicha qamrab olishi va anglab yetishi mumkin. Bilim ongning moddiy faoliyat vositasida dunyoni izchillik bilan yaratish imkoniyati, voqyealar rivojini nazarda tutish, ijodiy faollik ko‘rsatish kabi xossalarini belgilaydi. Boshqacha qilib aytganda, ong – bu bilimlar shaklidagi voqyelikka inson ehtiyojlarini hisobga olgan holda yondashishdir.
Ong strukturasining ikkinchi muhim elementi emotsiyalardir. Inson o‘zini qurshagan dunyoni sovuqqonlik va befarqlik bilan emas, balki qoniqish, nafrat yoki hamdardlik hissi bilan anglab yetadi. U o‘z ongida aks etgan hamma narsani his qiladi. Emotsiyalar borliqning real hodisalarini individ anglab yetishini yo rag‘batlantiradi, yo bunga to‘sqinlik qiladi. Ko‘zni quvontiradigan narsalar xotiraga osonroq o‘rnashadi. Ammo ba'zan dunyoning «ko‘zni quvontiradigan» manzarasi o‘ziga mahliyo qilishi, illyuziyalar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Ayrim, ayniqsa salbiy emotsiyalar aqlning teranlik darajasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Masalan, qo‘rquv hissi inson yuz berayotgan hodisalarni anglab yetishi yo‘lida to‘siqqa aylanishi mumkin. Shaxsning eng muhim ijtimoiy va ekzistensial qadriyatlar bilan aloqalari anglab yetilishi natijasida shakllanadigan ma'naviy tuyg‘ular (masalan, muhabbat tuyg‘usi) emotsiyalarning oliy darajasi hisoblanadi. Tuyg‘ular moddiy mazmunga egalik, turg‘unlik, real vaziyatga bog‘liq emaslik bilan tavsiflanadi. Emotsiyalar sohasi inson ongining barcha harakatlariga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatadi, uning faoliyati uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ongning uchinchi tarkibiy elementi iroda. Iroda inson o‘z faoliyatini ongli ravishda, izchillik bilan boshqarishini o‘zida ifodalaydi. Bu insonning o‘z faoliyatida yuzaga keladigan, sub'ektiv va ob'ektiv qiyinchiliklar va to‘siqlardan ongli ravishda oshib o‘tishni talab etadigan vazifalarni hal qilishga o‘z ruhiy va jismoniy kuchlarini safarbar etish va yo‘naltirish qobiliyatidir. Inson mehnat qurollarini yaratishi – bu irodani shakllantirishning birinchi va eng muhim maktabidir. Iroda va maqsad bir-birini to‘ldiradi. Irodasiz maqsadga erishish mumkin emas; maqsadga muvofiq faoliyatsiz iroda ham bo‘lmaydi. Iroda – bu ongli intilish va harakatga mayl uyg‘otishdir. Ammo insonga ongsiz mayllar ham xos. Ba'zan inson qaergadir intiladi, lekin qaerga va nima uchun intilayotganini uning o‘zi ham bilmaydi. Bunday ong osti harakati insonga hayvonlardan o‘tgan.
Ong strukturasining elementi – bu tafakkurdir. Tafakkur – individ bilish faoliyatining voqyelikni umumiy va bilvosita aks ettirish bilan tavsiflanuvchi jarayoni. Mazkur jarayon narsalarning muhim, tabiiy munosabatlarini ma'lum, his qilingan, eshitilgan narsalar asosida aks ettirishni o‘zida ifodalovchi mavhum tushunchalar, mulohazalarning yaratilishi bilan yakunlanadi. Fikrlash faoliyati yordamida biz ko‘z bilan ko‘rish va qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lmagan narsalarni idrok etamiz. Tafakkur bizga muhim xossalar, aloqalar va munosabatlar haqida bilim olish imkoniyatini beradi. Tafakkur yordamida biz sirtdan ichga, hodisadan narsalar, jarayonlarning mohiyatiga o‘tishni amalga oshiramiz.
Ong strukturasining elementlari e'tibor va xotira hamdir. E'tibor – bu inson ruhiy faoliyatining muayyan ob'ektlarga qarab mo‘ljal olishda namoyon bo‘luvchi shakli. Xotira – bu individ miyasida uning o‘tmishdagi tajribasini mustahkamlash, saqlash va gavdalantirishdan iborat bo‘lgan ruhiy jarayon. Xotiraning asosiy elementlari eslab qolish, saqlash, gavdalantirish va unutish hisoblanadi. Eslab qolishning fiziologik asosini bosh miya po‘stlog‘ida vaqtinchalik asab tizimi aloqalarining hosil bo‘lishi va qayd etilishi tashkil qiladi. Asab tizimi aloqalarining keyinchalik jonlanishi eslab qolingan materialni gavdalantirish imkoniyatini beradi, bu aloqalarning susayishi esa xotiradagi materialning unutilishiga olib keladi.
Insonning sub'ektiv borlig‘ida – o‘zlikni anglash ong strukturasining elementidir. Bu insonning o‘zini shaxs sifatida anglab yetish, o‘zining mustaqil qarorlar qabul qilish va shu asosda odamlar va tabiat bilan ongli munosabatlarga kirishish, qabul qilingan qarorlar va harakatlar uchun javobgar bo‘lish qobiliyatini tushunish jarayonidir. Boshqacha qilib aytganda, o‘zlikni anglash – bu o‘z-o‘ziga, o‘zining ma'naviy qiyofasiga, o‘z bilimlari, fikrlari, qiziqishlari, ideallari, xulq-atvor mo‘ljallari, harakatlari va shu kabilarga yaxlit baho berishdir. O‘zlikni anglash yordamida inson o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatini ro‘yobga chiqaradi, o‘z-o‘ziga his qilishga qodir bo‘lgan fikrlovchi mavjudot sifatida baho berishni amalga oshiradi. Bu holda sub'ekt o‘z-o‘zini va o‘zining ongini bilish ob'ektiga aylantiradi. Shu tariqa inson o‘z-o‘ziga baho beradigan, shusiz hayotda o‘z o‘rnini belgilash va topishga qodir bo‘lmagan mavjudot sifatida namoyon bo‘ladi.
Faylasuflarning o‘zlikni anglashga sub'ektiv dunyoning alohida sohasi sifatida yondashishlari Suqrotdan, uning «O‘z-o‘zingni angla» deb nomlangan maksimasidan boshlangan. Falsafa dunyo va inson haqidagi alohida bilim sifatida shakllanishi jarayonida jonning faolligi, aqlning o‘z-o‘ziga nisbatan tanqidiy munosabati haqida qarashlar vujudga kelgan. Platon fikriga ko‘ra, jon faoliyati – bu o‘zi bilan o‘zi suhbat xususiyatiga ega bo‘lgan ichki ishdir. Jon mulohaza yuritar ekan, o‘zi bilan o‘zi tinimsiz gaplashadi, savollar beradi, javoblar qaytaradi, tasdiqlaydi va e'tiroz bildiradi.
Shunday qilib, o‘zlikni anglash – insonning o‘zini o‘zi tinimsiz kamol toptirishining muhim shartidir. O‘zlikni anglash strukturasida o‘z-o‘zini his qilish, o‘z-o‘zini bilish, o‘z-o‘ziga baho berish, o‘z-o‘zini boshqarish kabi elementlarni ham ajratish mumkin. Umuman olganda o‘zlikni anglash refleksiya bilan uzviy bog‘liq. Falsafiy adabiyotlarda refleksiya tafakkurning unga o‘z faoliyat shakllarini (tafakkur kategoriyalarini) tahlil qilish va anglab yetishga ko‘maklashuvchi tamoyil sifatida tavsiflanadi. Ayni shu sababli refleksiyaga inson ma'naviy dunyosining ichki tuzilishi va xususiyatlarini namoyon etuvchi o‘zlikni anglash faoliyati sifatida yondashish, bizningcha, o‘rinli bo‘ladi.
Insonning o‘z ichki holatini tushunishi, o‘zini o‘zi boshqarish qobiliyati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. O‘zlikni anglash shaxsning dunyoqarash, qobiliyatlar, fe'l-atvor, qiziqishlar kabi ma'naviy elementlari bilan bir qatorda ijtimoiy muhit ta'sirida shakllanadi. Muhit shaxsdan o‘z harakatlarini boshqarishni va ularning natijalari uchun javob berishni talab qiladi. Ong darajasi shaxs oldiga qanday talablar qo‘yilgani va mazkur muhitda qaysi ijtimoiy qadriyatlar amal qilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘ladi. Bu yerda inson o‘z harakatlarini o‘zi boshqarishi va ularning oqibatlari uchun javob berishi lozimligi asosiy talab hisoblanadi.
Ong tarkibiy elementlari bir-biri bilan o‘zaro aloqaga kirishadi va ongga inson hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan bir qancha funksiyalarni ta'minlaydi.