Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni


Nazariy bilim darajasi va uning shakllari



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə198/360
tarix06.06.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#125724
1   ...   194   195   196   197   198   199   200   201   ...   360
Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni

Nazariy bilim darajasi va uning shakllari. Ilmiy dalillar nazariyaga nisbatan ham ikki xil vazifani bajaradi: mavjud nazariyaga nisbatan ilmiy dalil yo uni mustahkamlaydi (verifikatsiya qiladi), yo u bilan to‘qnashadi va uning asossizligini ko‘rsatadi (falsifikatsiya qiladi). Biroq, boshqa tomondan, nazariya empirik tadqiqot darajasida olingan ilmiy dalillar yig‘indisini shunchaki umumlashtirishgina emas. Uning o‘zi yangi ilmiy dalillar olish manbaiga aylanadi. Shunday qilib, empirik va nazariy bilim yaxlit hodisa – ilmiy bilim ikki tomonining birligi hisoblanadi. Bu tomonlarning muayyan ilmiy bilish jarayonidagi o‘zaro aloqasi va harakati, ularning o‘zaro nisbati nazariy bilimga xos bo‘lgan shakllarning izchil qatori yuzaga kelishini belgilab beradi. Nazariy bilim muayyan maqsadga yo‘nalgan ilmiy asoslangan bilim darajasi. Nazariy bilimning asosiy shakllari: ilmiy muammo, gipoteza, nazariya, tamoyillar, qonunlar, kategoriyalar, paradigmalardir.
Ilmiy muammo. Har qanday ilmiy bilish muammodan boshlanadi. Umuman olganda, inson bilimining rivojlanish jarayonini ayrim muammolarni qo‘yishdan ularni yechishga o‘tish, so‘ngra yangi muammolarni qo‘yish sifatida tavsiflash mumkin. Biroq muammoning haqiqiy o‘rni qanday? Ilmiy muammolar nima uchun yuzaga keladi? Muammoning masaladan farqi nimada? Ilmiy muammolar doirasi qanday?
Muammo – bilishning rivojlanish jarayonida ob'ektiv tarzda yuzaga keladigan, yechimini topish muhim amaliy yoki nazariy ahamiyatga ega bo‘lgan masala yoki masalalar majmuidir. Shuningdek muammo, hal qilishni talab etuvchi nazariy yoki amaliy masala; fanda – biron-bir hodisalar, ob'ektlar, jarayonlarni tushuntirishda qarama-qarshi yondashuvlar ko‘rinishida amal qiluvchi va uni yechish uchun muvofiq nazariyani talab etuvchi ziddiyatli holatdir.
Muammoni to‘g‘ri qo‘yish uni muvaffaqiyatli yechishning muhim shartidir. To‘g‘ri qo‘yilmagan muammo yoki soxta muammo haqiqiy muammolarni yechishdan chalg‘itadi.
Muammoni qo‘yish – ilmiy bilish jarayonining dastlabki bosqichi. Muammoni qo‘yishda, avvalo, ayrim holatni masala sifatida anglab yetish, qolaversa, muammoning mazmunini aniq tushunish, ma'lum va noma'lum narsalarni ajratgan holda uni ta'riflash lozim.
Ilmiy muammolar predmetga yoki protseduraga doir bo‘ladi. Predmetga doir muammolarda o‘rganilayotgan ob'ektlar, protseduraga doir muammolarda esa – bilim olish va uni baholash usullari aks etadi. O‘z navbatida, predmetga doir muammolarning empirik va konseptual, protseduraga doir muammolarning metodologik va baholash kabi turlari farqlanadi.
Predmetga doir muammolar empirik muammolarni yechish uchun materialni sof nazariy tahlil qilish bilan bir qatorda, predmetlar bilan ma'lum amallarni bajarish lozim, vaholanki, konseptual muammolar borliqqa bevosita murojaat etishni talab qilmaydi. Predmetga doir muammolardan farqli o‘laroq, protseduraga doir muammolar doim konseptual xususiyatga ega bo‘ladi; protseduraga doir muammolar o‘rtasidagi farq shunda ko‘rinadiki, metodologik muammolar nisbiy mushohada ko‘rinishida yechimga ega bo‘lishi mumkin emas, baholash bilan bog‘liq muammolar esa fanga mezon vazifasini bajaruvchi ko‘rsatkichlar va mo‘ljallarni olib kiradi.
Empirik muammo avvalo ma'lumotlarni izlashni nazarda tutadi; empirik muammolarga kuzatish, eksperiment, o‘lchash kabi ilmiy metodlar yordamida javob topish mumkin. Bundan tashqari, yechimini topish uchun asboblar yasash, reaktivlar tayyorlash va hokazolar kerak bo‘lgan muammo ham empirik hisoblanadi.
Konseptual muammolar ilgari olingan ko‘p sonli ma'lumotlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularni tartibga solish va talqin qilish, oqibatlarni keltirib chiqarish va gipotezalarni shakllantirish, mantiqiy izchillik talablariga muvofiq qarama-qarshiliklarni bartaraf etishni nazarda tutadi.
Metodologik muammolar asosan tadqiqotni rejalashtirish bilan bog‘liq: ularni yechish yo‘li bilan ayrim kelishuvlar tuziladi, muammoni yechish, kuzatish va eksperimentlar o‘tkazish tartibi aniqlanadi, mo‘ljallanayotgan konseptual protseduralar belgilanadi va h.k.
Baholash bilan bog‘liq muammolar empirik ma'lumotlar, gipotezalar, nazariyalar va shu kabilarni baholash, hatto muammoning o‘zi qay darajada to‘g‘ri tuzilgan va ta'riflanganligini baholashni nazarda tutadi. Muammo to‘g‘ri qo‘yilgan deb hisoblanishi uchun:
1) o‘rganilayotgan muammoning tarkibiga kiritish mumkin bo‘lgan muayyan ilmiy bilim (ma'lumotlar, nazariya, metodika) mavjud bo‘lishi;
2) muammo shaklan to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi;
3) muammo o‘rinli bo‘lishi, ya'ni uning asoslari soxta bo‘lmasligi;
4) muammo muayyan darajada chegaralangan bo‘lishi;
5) yechimning mavjudlik sharti va uning yagonaligi ko‘rsatilgan bo‘lishi;
6) maqbul yechim belgilari hamda yechimning maqbulligini tekshirish usullari haqidagi shartlar qabul qilinishi lozim.
Shunday qilib, pirovard natijada barcha ilmiy muammolar ham o‘z yechimini topavermaydi: ayrim muammolar ular qo‘yilganidan keyin uzoq vaqt mobaynida yechilmay qolaveradi (masalan, Frem teoremasi bir necha yuz yillar mobaynida yechilmay kelgan), ayrim muammolar o‘z yechimini topmaydi (masalan, aylana kvadraturasi, burchak triseksiyasi va kubning ikkilanmasi haqidagi masalalar), ba'zi bir muammolar esa olimlarning almashayotgan avlodlari diqqat markazidan butunlay yo‘qoladi.
Ilmiy muammo boshqa muammolardan quyidagi belgilari bilan ajralib turadi:
- U olimni doim haqiqiy bilim olishga yo‘naltiradi.
- Yangi bilim olishga qarab mo‘ljal oladi. Olim ongli ravishda yangilik sari intiladi.
Shuni ta'kidlash lozimki, «dunyoning birinchi materiyasi nima?», «ob'ekt nima?», «harakat nima?», «aql nima?» qabilidagi olamshumul muammolar ayrim fanlarning chegaralarinigina belgilashi mumkin, biroq ilmiy tadqiqotning dastlabki bosqichi hisoblanmaydi.
O‘z-o‘zidan ravshanki, har qanday muammo ham ilmiy bo‘lavermaydi. Ilmiy muammolar qolgan turdagi muammolardan shunisi bilan ajralib turadiki, ular ilmiy asoslar negizida qo‘yiladi va asosan ilmiy bilimni kengaytirish maqsadida ilmiy metodlar yordamida o‘rganiladi.
Teran, samarali yechimini topadigan muammolarni yaratishning umumiy metodi mavjud emas. Shunga qaramay, fan tarixi ko‘pgina hollarda teran ilmiy va samarali muammolar quyidagi to‘rt mo‘ljalni ro‘yobga chiqarish paytida yuzaga kelganligidan dalolat beradi:
1) ilgari qo‘yilgan muammolarning taklif qilinayotgan yechimlariga, hatto bu yechimlar bir qarashda shak-shubhasiz bo‘lib ko‘rinsa ham, tanqidiy yondashish lozim; har qanday holatda ham ayrim kamchiliklarni topish yoki hyech bo‘lmasa topilgan yechimni umumlashtirish ayrim holatga tatbiqan muayyanlashtirish mumkin;
2) yangi holatlarga nisbatan ma'lum yechimlarni tatbiq etish, ularning yaroqli yoki yaroqsizligini baholash lozim: agar muammoning yechimi o‘z kuchini saqlab qolsa, buning natijasida nafaqat yechimlar, balki muammolar ham umumlashtiriladi, agar yechim yaroqsiz bo‘lsa, muammolarning yangi majmui yuzaga keladi;
3) muayyan muammolarni yangi sohalarga ko‘chirish yoki unga yana bir ko‘rsatkich kiritish yo‘li bilan ularni umumlashtirishga harakat qilish lozim;
4) muammoning mavjudligini bilimning boshqa sohalaridagi bilimlar bilan bog‘lash, muammolarni kompleks o‘rganishga harakat qilish kerak.
Umuman olganda, muammolarni tanlash ijodiy xususiyatga ega bo‘lib, bu yerda metodikadan ham ko‘ra ko‘proq intuitsiya va tajriba ish beradi.
Ilmiy muammo, didaktik tizim kabi, bilimlar va faoliyat usullarini ijodiy o‘zlashtirish qonuniyatlariga asoslanadi, u bilish va amaliy faoliyat jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijodiy tafakkurni rivojlantirishning samarali vositalaridan biridir.
Ilmiy muammo bilimlarning izchilligi, ularning fundamentalligi va ixtisoslashuvini uyg‘unlashtirish, turdosh fanlar metodlaridan foydalanish, bilimlarni ilmiy umumlashtirish va tizimga solish ko‘nikmalarini ishlab chiqish, shuningdek o‘rganilayotgan masalalarni tanqidiy tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. U bilimlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga da'vat etadi, yangi muammolarni mustaqil qo‘yish, ularning yechimlarini izlash va topishga qiziqishni kuchaytiradi. Ayni vaqtda, ilmiy muammo zarur intellektual keskinlikni vujudga keltiradi, bilish jarayonidagi qiyinchiliklarni yengish, ijodiy tafakkur ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Bosh vazifa – u yoki bu mavzuga mos keladigan muammolarni topish, farqlash va aniq ta'riflashdir. Puxta ishlab chiqilgan va to‘g‘ri ta'riflangan muammo ilmiy hamda ijodiy jihatdan diqqatga sazovor bo‘lishi mumkin.
Ilmiy muammo sof informativ xususiyatini yo‘qotadi, tayyor bilim berishdan iborat bo‘lmay qoladi va yangi bilim izlash, haqiqiy ijodiy bilish jarayoniga aylanadi. Insonga zarur bilimlar hajmi jadal sur'atlarda oshib borayotgan hozirgi sharoitda dalillarning ma'lum yig‘indisini o‘zlashtirishga qarab mo‘ljal olishning o‘zi kifoya qilmaydi. O‘z bilimlarini mustaqil to‘ldirish, ilmiy va siyosiy axborotlarning jo‘shqin oqimida mo‘ljal olish ko‘nikmasini shakllantirish muhimdir. Bu tamoyillardan hozirgi davrda inson ega bo‘lgan bilimlarning oddiy yig‘indisi emas, balki uning bilimlari ijodiy qobiliyati va g‘oyaviy e'tiqodi bilan uyg‘unlikda har tomonlama yetuk shaxsning bosh mezonidir, degan xulosa kelib chiqadi.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   194   195   196   197   198   199   200   201   ...   360




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin