Stiven Tulmin (1922-1997) epistemologiyaning evolyusion epistemologiya asoschisi. Bu evolyusion umumiy ma'nosi shundan iboratki, u bilishni jonli tabiat evolyusiyasining lahzasi sifatida o‘rganadi va bilish mexanizmlarini evolyusiya nuqtai nazaridan yoritadi. Evolyusion epistemologiya sof evolyusiya va bilish jarayoni biologiyasining o‘xshashligi g‘oyasiga asoslangan va insonning bilish apparati bu biologik evolyusiya jarayonida rivojlangan moslashuvlar mexanizmidir, degan tasavvurga tayangan. Evolyusion epistemologlar fikriga ko‘ra, ayni shu sababli bilish mexanizmi evolyusion tip bo‘yicha rivojlanadi va tegishli ravishda hozirgi zamon evolyusiya nazariyasiga muvofiq tushunilishi mumkin.
Evolyusion epistemologiya insonning biologik evolyusiya mahsuli sifatidagi talqinidan kelib chiquvchi bilish nazariyasidir.
Shunday qilib, evolyusion epistemologiyaning asosiy nazariy manbasi sifatida organik evolyusiya konsepsiyasi amal qiladi. Evolyusion epistemologiyaning ikki xil ma'nosini farqlash lozim:
bilish vositalari, shakllari va metodlarining (bilish organlarining) rivojlanishini evolyusion sxema yordamida tushuntirishga urinish;
bilim mazmunini (axborotning paydo bo‘lishini) evolyusion tushuntirishga harakat qilish. Bu yerda o‘zgaruvchanlik, tanlash va mustahkamlash tushunchalari ma'lum ahamiyat kasb etadi.
Evolyusion epistemologiyaning birinchi ma'nosida dunyoni aniq aks ettirish imkoniyatini ta'minlovchi bilish organlari, kognitiv strukturalar va bilish qobiliyatlarining evolyusiyasi masalalariga urg‘u beriladi. U bizning bilish apparatimiz evolyusiya mahsulidir, degan fikrni ilgari suradi. Tirik organizmlarning nerv tizimsi va idrok etish organlari millionlab yillar mobaynida borliqni mumkin qadar aniq aks ettirishni ta'minlaydigan tarzda o‘zgarib borgan. Agar organizm bunday moslamalar bilan ta'minlanmaganida, uning mavjudligi va rivojlanishi mumkin bo‘lmas edi. Perseptual (sezgilar) tizimi o‘zi yashaydigan muhit sharoitlarida mos ravishda va qoniqarli harakat qilish imkonini beruvchi organizmlargina yashab qoladi va nasl qoldiradi. Bilishning sub'ektiv strukturalari borliqqa mos tushadi, chunki aynan shunday holat yashab qolish imkoniyatini ta'minlaydi.
Evolyusion epistemologiyaning ikkinchi ma'nosi falsafa fanining bevosita predmetidir, chunki unda o‘z xususiyatiga ko‘ra evolyusion bo‘lgan ilmiy bilimning o‘sishi modeliga urg‘u beriladi. Bu yerda falsafa fani konsepsiyalaridan biri sifatidagi evolyusion epistemologiya to‘g‘risida so‘z yuritiladi. U evolyusiya dinamikasining mantiqiy talqiniga mos tushuvchi ilmiy bilim dinamikasini ko‘rsatadi. Mazkur yo‘nalish ham fanning evolyusion nazariyasi deb ataladi.