Xulosalar. Substansiya va materiya muamosi azaliy muammolardan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi davrda bu muammoga ilmiylik mezonlari nuqtai nazaridan yondoshuvlar shakllangan va ularning mavjudligi borliq mavjudligining asosi sifatida qabul qilingan.
Inson tajribasi doimo cheklangan, u cheksizlikni empirik yo‘l bilan aniqlay olmaydi. Cheksizlikni qayd etish uchun sezgi organlari ma'lumotlariga tafakkur faoliyatini ham qo‘shish lozim. Cheksizlik intiholi narsalar orqali mavjud bo‘ladi. Inson aqli ayni shu aloqa va ketma-ketlikni, intiholi narsalar umumiyligining cheksizlikka teng bo‘lgan ayni shu shaklini aniqlaydi.
6-MAVZU HARAKAT VA RIVOJLANISh O‘zgarishlarning umumiy xususiyati. Bizni qurshagan dunyoning yana bir muhim xususiyati – Koinotda va uning barcha tarkibiy qismlarida yuz beradigan tinimsiz o‘zgarishlardir.
Tabiatning o‘zgaruvchanligi falsafa paydo bo‘lishidan ancha oldin yaxshi ma'lum bo‘lgan, falsafa vujudga kelgach esa, masalalarning mazkur doirasi alohida o‘rganish predmetiga aylandi va vaqt o‘tishi bilan uning negizida falsafiy bilimlarning maxsus bo‘limi – dialektika yuzaga keldi. Uning (yaxlit ta'limot sifatidagi) ildizlari qadimgi yunon falsafasiga, xususan «Hamma narsa oqib, o‘zgarib turadi», «Ayni bir daryoga ikki marta tushib bo‘lmaydi» kabi mashhur iboralar muallifi Geraklit ijodiga borib taqaladi. Shundan beri ob'ektiv borliqning turli-tuman miqdor va sifat o‘zgarishlarini ifodalash uchun «harakat» va «rivojlanish» kategoriyalari qo‘llaniladi.
Harakat va harakatsizlikning o‘zaro nisbati. Falsafada harakat nafaqat turli jismlarning makonda mexanik siljishi sifatida, balki tabiiy jarayonlar va hodisalar holatlarining har qanday o‘zgarishi sifatida ham tushuniladi. Kengayib borayotgan Metagalaktika ham, o‘zaro ta'sirga kirishayotgan elementar zarralar ham, ko‘payayotgan, moddalar almashinuvini amalga oshirayotgan tirik hujayralar ham, ijtimoiy jarayonlar va hokazolar, shu jumladan fikrlash faoliyati jarayonlari ham harakatda bo‘ladi.
Agar biz biron-bir tabiiy ob'ekt yoki hodisani ularning tabiiy holatida anglab yetmoqchi bo‘lsak, «harakat» tushunchasini chetlab o‘tishimiz mumkin emas. Bir qarashda, oddiy ong nuqtai nazaridan bu noto‘g‘ri, zero, Alp tog‘lari yoki Misr ehromlarini kuzatar ekanmiz, biz ular abadiy harakatsizlik holatida ekanligining guvohi bo‘lamiz. Ammo bu harakatsizlik nisbiydir. Umuman olganda, butun Koinot ulkan aylanma harakat holatida bo‘lib, bu yerda bizning sayyoramiz Quyosh atrofida, u bilan birga – bizning galaktikamiz markazi atrofida, u bilan birga esa – galakatik tizim markazi atrofida aylanadigan kichik bir zarradir.
Harakatsizlik holatidagi narsalar strukturasi ham tinimsiz o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi, chunki uzluksiz harakatda bo‘lgan elementar zarralardan tashkil topadi. Temperatura o‘zgarishlari, moddalarning kimyoviy tarkibidagi o‘zgarishlar va shu kabilar bunday harakatning tashqi ko‘rinishlari hisoblanadi. Shuningdek, atomlar va molekulalar ham Koinotda yuz bergan evolyusiya jarayonlari mahsulidir. Ular bizning Metagalaktikamiz mavjudligiga zamin hozirlagan Katta portlashdan keyingina vujudga kelgan. Buning ustiga hozirgi zamon geografiyasi qit'alar bir-biriga nisbatan siljishini isbotladi. Ular ajralgan muz bo‘laklari kabi yerning qaynoq magmasi bo‘ylab yiliga bir necha santimetr tezlikda harakatlanadi.
Shunday qilib, harakat abadiy va yo‘q bo‘lmas, materiyadan ajralmas va mutlaqdir. Harakatsizlik esa nisbiy bo‘lib, o‘tkinchi xususiyatga ega. Harakat shuning uchun ham mutlaqki, u umumiy ahamiyat kasb etadi va (harakatsizlikdan farqli o‘laroq) biron-bir tashqi omilga bog‘liq bo‘lmaydi. Oqilonalik nuqtai nazardan u boqiydir, chunki dunyoda uning boshi ham, oxiri ham ko‘rinmaydi va zamirida kamida ikki kuch – tortish va itarish yotuvchi har qanday borliqning o‘z-o‘zidan harakati sifatida amalga oshadi.