Falsafa fanining tadqiqot sohasi va predmeti. Dunyoqarash tushunchasi, uning mohiyati va tarixiy shakllari. Falsafa fanining bahs mavzulari va muammolari



Yüklə 0,7 Mb.
səhifə141/228
tarix24.06.2023
ölçüsü0,7 Mb.
#134762
1   ...   137   138   139   140   141   142   143   144   ...   228
FALSAFA MA\'RUZA MATNI

Ziyolilik. Ziyolilik tamoyili hozir biz anglaydigan tushuncha ma’nosida nisbatan uzoq tarixga ega emas. U jadidchilik harakati bilan birga yuzaga keldi desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Lekin bu tamoyilning inson faoliyatidagi dastlabki unsurlari O‘rta asrlar va undan keyingi davrlardagi ma’rifatparvarlar hayotida shakllanganini e’tirof etmoq lozim. Ya’ni, u insoniyat jamiyatidagi madaniy va intellektual - aqliy taraqqiyot bilan bog‘liq. Shu bois uni inson paydo bo‘lganidan ancha keyin vujudga kelgan axloqiy hodisa deb talqin etish maqsadga muvofiq. XX asr allomalaridan biri, buyuk olmon faylasufi, «Frankfurt maktabi»ning namoyandasi Teodor Adarno Ikkinchi jahon urushidagi genosiddan so‘ng, ziyolilik - axloqiy kategoriya, degan fikrga kelganida mutlaqo haq edi.
Mehnatsevarlik. Inson barcha mavjudotlar ichida xatti-harakatlarining, faoliyatlarining ko‘pligi va xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Mehnat ana shu xatti-harakatlarning aniq maqsadga yo‘naltirilgan qismidir. To‘g‘ri, mehnatga o‘xshash xatti-harakatlarni qaldirg‘ochning in qurishida ham, polaponiga baliq tutib keltirayotgan chorloqda ham, yer kavlayotgan yumronqoziqda ham ko‘rishimiz mumkin. Lekin bu xatti-harakatlar savqi tabiiyya - tabiiyyatga (instinktga) asoslangan. Inson mehnati esa, aql vositasida amalga oshadi, u o‘zi, yaqinlari, o‘z jamiyati va kelajak avlodning yaxshi yashashi uchun mehnat qiladi. Shu sababli mehnatni sevgan odam ijtimoiy-iqtisodiy sharoit risoladagidek yo‘lga qo‘yilgan jamiyatda o‘z ehtiyojlarini qondirib, farovon yashashga muyassar bo‘la oladi, ishyoqmas odam esa aksincha, har qanday sharoitda ham hech qachon biri ikki bo‘lmaydi. Bundan tashqari, mehnatsevar inson jamiyat a’zolari tomonidan e’zozlangani barobarida, dangasa odam ijobiy shaxs sifatida qabul qilinmaydi.
Mehnatsevarlik tamoyili mehnat jarayonida shaxsning o‘z-o‘zini namoyish etishiga, o‘zligini ro‘yobga chiqarishiga, o‘zgalar bilan munosabatlar o‘rnatishiga imkon yaratuvchi axloqiy fazilatdir. U insondan halollikni, intizomni, ishtiyoq va intilishni talab etadi, mehnatga nisbatan subyektiv tarzdagi ijobiy munosabatni taqozo qiladi.
Ma’lumki, mehnatdan maqsad - ehtiyojni qondirish. Lekin bu ehtiyojni qondirishning qay tarzda, qanday ma’naviy-ruhiy sharoitda amalga oshuvi muhim.
Tinchlikparvarlik. Bu axloqiy tamoyil ham insoniyat hayotida muhim ahamiyatga ega. Chunonchi, tinchlikparvarlik urushning, qon to‘kishning har qanday ko‘rinishini inkor etadi, oddiy tinchliksevar shaxsning tinch-totuv yashashga bo‘lgan ijobiy munosabati bilangina chegaralanib qolmaydi, balki dushmanlik va tajovuzkorlikka qarshi kurashni, zarba berishni taqozo etadi. Unda tinchlik haqida chiroyli gaplar aytish, yig‘inlarda ma’ruzalar qilish emas, balki faol xatti-harakat, uyushtiruvchilik, tashkilotchilik birinchi darajali zaruriy faoliyat hisoblanadi.
Tinchlikparvarlar fidoyi insonlardir. Ularning ana shu fidoyilarcha xatti-harakatlari pirovard natijada har bir inson hayotiga takrorlanmas noyob qadriyat sifatida qarashga, har bir fuqaro qadrini, har bir davlat suverenitetini, har bir millatning o‘z hayot tarziga monand yashash huquqini muqaddas deb tan olinishiga olib keladi, mamlakatlararo jamoat tartibini saqlashga, avlodlar ravnaqiga, tarixiy-madaniy hamkorlikka, millatlar va turli ijtimoiy guruhlar orasida o‘zaro tushunishning qaror topishiga xizmat qiladi.
Jo‘mardlik. Jo‘mardlik tamoyili esa Sharqda qadimdan mavjud. Ovro‘pada uni altruizm nomi bilan Ogyust Kont ilmiy muomalaga kiritganini aytib o‘tgan edik. U - kishidagi o‘z qavmdoshiga achinish hissidan, unga baxt va farovonlik tilash tuyg‘usidan kelib chiqadi, mohiyatan beminnat xayriyaga asoslanadi. O‘z manfaatidan o‘zga manfaatini ustun qo‘yib, «o‘z og‘zidagini o‘zga og‘ziga tutib» yashash jo‘mard insonning hayot tarziga aylanadi. Bu - oddiy xayriya emas, balki muhtojlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi o‘ziga xos kurashdir. Ammo bu kurash insonparvarlik, vatanparvarlikdagi singari qat’iy jamiyat yoki jamoaning axloqiy-me’yoriy talablaridan kelib chiqmaydi, u faqat va faqat xususiylik tabiatiga ega, har bir shaxsning erkin ixtiyori bilan bog‘liq axloqiy tamoyil. Chunonchi, biror kishi tomonidan insonparvarlik yoki vatanparvarlik talablarini bajarmaslik boshqalarda unga nisbatan nafrat hissini uyg‘otadi, jo‘mardlik ko‘rsatmagan odam esa bunday ma’naviy javobgarlikka tortilmaydi. Zero, jo‘mardlik mohiyatan «oddiy odamlik qobig‘idan chiqa bilish», ilohiylik sifatlariga ega bo‘lib borish demakdir, bu esa hammaga ham nasib etavermaydi.
Bundan tashqari, bizning milliy axloqshunosligimizda o‘zbekchilik, mehmondo‘stlik kabi tamoyillar mavjud. Ular millatimizning eng yaxshi an’analariga sadoqat tuyg‘usidan kelib chiqadi va o‘zbek kishisiga xos bag‘ri kenglik, do‘stga, mehmonga borini bag‘ishlashdek xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtiradi.
O‘zbekchilik tamoyilini o‘z hayot tarziga singdirib yuborgan kimsaning nomi el-yurt orasida «baraka topgur» iborasi bilan qo‘shib aytiladi. Qishloq yoki mahalladagi hasharlarda, ma’rakalarda «qamishdan bel bog‘lab» xizmatda turish, bemor mahalladoshi yostig‘i ustida dalda berishga doim vaqt topa olish, qo‘ni-qo‘shnilariga haqiqiy hamsoya bo‘lib yashash o‘zbekchilikning asosiy unsurlaridir. Yoki mehmondo‘stlikni olaylik. Milliy-mintaqaviy an’analarga asoslangan bu tamoyil ma’lum ma’noda o‘zbekchilik bilan singishib ketadi. Masalan, g‘arb kishisi o‘zi taklif qilmagan kishini eshikdan muloyim savol-javob bilan qaytarib yuboradi, axloqiy majburiyatdan o‘zini ozod deb hisoblaydi, o‘zining erkinlik huquqini ustuvor sanaydi. O‘zbek esa, eshikdan kelgan kishini «bir piyola choyga» taklif etadi, kirsa, juda bo‘lmaganda, oldiga non-choy qo‘yadi, notanish bo‘lsa, tanishadi, hol-ahvol so‘raydi, millatidan qat’i nazar, unga hamdard, ko‘makdosh bo‘lishga intiladi va buni axloqiy majburiyat tarzida emas, bir an’anaviy odat deb izohlaydi.
Ayni paytda bu tamoyillarni suiste’mol qilish ham hozirgi paytda tez-tez uchrab turadi. O‘zi qo‘l uchida kun ko‘rib turgani barobarida qarz-havola bilan katta to‘ylar o‘tkazish, to‘ylardagi isrofgarchiliklar, hatto aza oshlarini ham «kim o‘zarga» tarzida berish, charlar, beshik to‘yi singari marosimlarga dong chiqarish uchun ayamay mablag‘ sarflash, artistlarga qistirishlar, hatto boshidan pul sochishlar singari holatlar shular jumlasidan. Bunda biz fazilatning me’yor buzilishi natijasida illatga aylanganini ko‘ramiz.
Lekin o‘zbekchilik va mehmondo‘stlikni bunday noto‘g‘ri tushunish sho‘rolar davridan kelayotgan sarqit, o‘tkinchilik tabiatiga ega bo‘lgan hodisalardir. Aslida o‘zbekchilik va mehmondo‘stlik tamoyillari xalqimizning o‘ziga xosligini ta’kidlaydi. Jahonning juda ko‘p xalqlari bu tamoyillar egasi bo‘lmish o‘zbek millatiga doimo ehtirom, havas va hayrat bilan qaraydilar.



Yüklə 0,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   137   138   139   140   141   142   143   144   ...   228




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin