Falsafa fanining tadqiqot sohasi va predmeti. Dunyoqarash tushunchasi, uning mohiyati va tarixiy shakllari. Falsafa fanining bahs mavzulari va muammolari


Falsafiy dunyoqarash murakkab tuzilishga ega



Yüklə 0,7 Mb.
səhifə7/228
tarix24.06.2023
ölçüsü0,7 Mb.
#134762
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   228
FALSAFA MA\'RUZA MATNI

Falsafiy dunyoqarash murakkab tuzilishga ega. U muayyan bilimlar, kelajakka qaratilgan g‘oya va maqsadlar, tabiiy va ijtimoiy fan yutuqlari, diniy tasavvurlar, qadriyatlar, ishonch, e’tiqod, fikr, hissiyot kabi tarkibiy qismlardan iborat.
Bularning ichida e’tiqod muhim ahamiyat kasb etadi. U dunyoqarashning mazmunini tashkil etadigan asoslardan biridir. E’tiqod insonning o‘z qarashlari va g‘oyalari to‘g‘riligiga, orzu-umidlarining asosli ekaniga, faoliyati va xatti-harakatining umumiy maqsadlarga va talablarga mosligiga bo‘lgan chuqur ishonchidan paydo bo‘ladi. U insonning hissiyoti, irodasi va faoliyatini belgilaydi, ularni boshqaradi, shaxsni omilkorlikka, samarali faoliyatga undaydi.
Falsafiy dunyoqarash tarkibida hissiyot va aql muhim o‘rin tutadi. Hissiyot dunyoqarashning emotsional-ruhiy jihati bo‘lib, dunyoni tushunish esa, dunyoqarashning aqliy shaklidir. Hissiyot - quvonch, shodlik, zavqlanish, hayot va kasb-kordan mamnunlik yoki norozilik, hayratlanish, xavotirlanish, asabiylashish, yolg‘izlik, zaiflik, ruhiy tushkunlik, g‘am-g‘ussa, nadomat, o‘z yaqinlari va vatani taqdirini o‘ylash kabi xilma-xil shakllarda namoyon bo‘ladi. Ana shular barchasining uyg‘unligi dunyoni his etishga olib keladi. Dunyoni his qilish esa, uni aqliy tushunishga, muayyan dunyoqarashning shakllanishiga asos bo‘ladi.
Inson aqli unga xos hissiyot va tasavvurlar asosida ilmiy dunyoqarashni shakllantiradi va takomillashtiradi. Har bir kishiga xos hissiyot va fikr, bilim va e’tiqod, intilish va kayfiyat, orzu-umid va qadriyatlar dunyoqarash tarkibida yaxlitlashadi va olamni bir butun holda aks ettiradi. Bir butun, yaxlit dunyoqarashning shakllanishi bolalikdan boshlanib, inson hayotining oxirigacha davom etadi. Bu holat individual dunyoqarashning asosiy tamoyillaridan birini ifodalaydi.
Falsafiy dunyoqarashning shakllanishida bilim g‘oyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Bilimda dunyoqarashning barcha belgilari mavjud. Lekin, bilim va dunyoqarash aynan bir narsa emas. Olamni tushunish bilimlar paydo bo‘lishi uchun asosdir. Bilim inson ongida hissiy va aqliy bilish jarayonida hosil bo‘ladi, u dunyoqarashning asosi, uning uzviy qismidir.
Falsafa azal-azaldan dunyoqarash bo‘lgan. Chunki, uning o‘zi hayot nima uchun berilgan, dunyoga kelishdan maqsad nima, umrni mazmunli o‘tkazishning qanday yo‘llari bor, degan talay savollarga javob topish zarurati tufayli vujudga kelgan. Falsafiy dunyoqarash o‘zining nazariy asoslangani va puxta ishlangani bilan ajralib turadi. Shu ma’noda, u boshqa fan yoki faoliyat sohasi uchun umumiy uslub vazifasini ham bajaradi. Agar nazariya bilish jarayonining natijasi bo‘lsa, usul (metod) shu bilimga erishish yoki uni amalga oshirish yo‘lini anglatadi. Falsafiy nazariya esa, bir vaqtning o‘zida usul vazifasini ham bajara oladi. Tarixning burilish davrlarida o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlari va maqsadlari nechog‘li to‘g‘ri ekani falsafiy dunyoqarash tamoyillariga solishtirib aniqlanadi. Bunda muayyan falsafiy nazariya umumiy usul (metod) sifatida qabul qilinadi. Shu sababdan ham bunday davrlarda falsafiy nazariyalarga e’tibor kuchayadi, taraqqiyot yo‘llaridan borish falsafiy modellarining ahamiyati ortadi.
Inson ongli ijtimoiy mavjudot bo‘lgani bois, uning dunyoqarashi muayyan ehtiyoj va manfaatlarga asoslanadi. Demak, har qanday dunyoqarash muayyan inson, ijtimoiy guruh yoki tabaqaning o‘z ehtiyoj, manfaatlaridan kelib chiqqan holda borliqqa munosabatini ifodalovchi g‘oyalar, nazariyalar, bilimlar majmuasi, ruhiy xolat va e’tiqod mujassami hamda ularning namoyon bo‘lishidir.
Falsafiy dunyoqarash, mohiyat-mazmuniga ko‘ra, ma’naviy faoliyat bo‘lgani bois, u borliqqa bo‘lgan ongli, insoniy munosabatning muayyan yo‘nalishlarini vujudga keltirgan. Masalan, kishilarning jamiyatdagi axloqiy munosabatlari - axloqiy dunyoqarashlarida, huquqiy munosabatlari - huquqiy, siyosiy munosabatlari - siyosiy, diniy munosabatlari - diniy, ekologik munosabatlari - ekologik dunyoqarash shakllarida o‘z ifodasini topgan. Buni tizim tarzida izohlaydigan bo‘lsak, quyidagicha ko‘rinish kasb etadi:
1. Axloqiy. 2. Diniy. 3. Huquqiy. 4. Siyosiy. 5. Ekologik. 6. Estetik.
Bu tizimni tashkil qilgan nisbatan mustaqil dunyoqarash shakllari o‘zaro bog‘liqlikda, aloqadorlikda harakat qiladi.
Dunyoqarash tizimining rivojlanish darajasi jamiyat taraqqiyotiga mos keladi va uni ifodalab turadi. Bundan tashqari, har bir tarixiy davrda millatning rivojlanishi, uning mentaliteti va dunyoqarashida namoyon bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, dunyoqarash tizimi va ularning xususiyatlari muayyan inson, ijtimoiy guruh, tabaqa va butun millatning ma’naviy qiyofasini belgilab beradi.
«Dunyoqarash» tushunchasi o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, milliy g‘urur, tarixiy xotira, ma’naviy barkamollik kabi tuyg‘u va tushunchalar bilan uzviy bog‘liq holda shakllanadi. Chunki, dunyoqarash aynan ana shu ruhiy-ijtimoiy hodisalar orqali oydinlashadi, umuminsoniy qadriyatlarning tarixiy bir bo‘lagiga aylanadi.

Yüklə 0,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   228




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin