Yevropa falsafasining rivojida universitetlar muhim o‘rin tutadi. Ular bilim va ma’rifatning o‘chog‘i sifatida 1200 yillarda vujudga keldi. 1400 yillarga kelib, Yevropada 23 ta universitet mavjud bo‘lgan. Universitet dasturining juda katta qismini sxolastika bilan shug‘ullanish tashkil etar edi.
Universitetlarning vujudga kelishining sababi mashhur olimlarning faoliyatidir. XII asrda Iteriy Rim huquqining buyuk tadqiqotchisi sifatida mashhur bo‘ladi va talabalar uni eshitish uchun Bolonya shahriga oqib kela boshlaydilar. Natijada Bolonya shahri universiteti muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Abelyarning o‘qituvchi sifatidagi shuhrati ko‘p jihatdan Parij universitetining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Universitetlar, shuningdek, talabalarning chiqishlari natijasida ham vujudga kelgan. Masalan, XII asrda Angliya va Fransiya qirollari orasidagi nizo oqibatida, Angliya talabalariga yaxshi munosabat bildirilmaganligi ularning Parijdan Angliyaning Oksford shahriga ko‘chib o‘tishlariga sabab bo‘ldi. Buning natijasida mashhur Oksford universiteti tashkil topdi. Kembridj universiteti esa Oksford universiteti talabalarining qo‘zg‘olon ko‘tarishi va 1209 yilda ularning Oksforddan Kembridjga ko‘chib o‘tishlari natijasida vujudga keldi.
Universitetlar Qadimgi Yunoniston va Rimda, shu bilan birga bizning mamlakatimizda ham mashhur bo‘lgan ustoz va shogirdlar to‘planib ilm o‘rganadigan, o‘rgatiladigan va ilmiy bahslar olib boriladigan maktablar tarzida shakllangan bo‘lsalar-da, ammo fan sohalarining ko‘pligi tufayli alohida ilm o‘chog‘iga aylanib qoldilar. Ularning tajribasi keyinroq butun dunyoga tarqalib ketdi.
Uyg‘onish davri falsafasi. Bu insoniyat tarixida yuz bergan eng buyuk ilg‘or taraqqiyot davrlaridan biri edi. Uyg‘onish davrida hayotning hamma tarmog‘ida muhim, ilg‘or, hatto aytish mumkinki, inqilobiy o‘zgarishlar yuz berayotgan edi.
Uyg‘onish davrida Yevropada falsafaning rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlardan biri nemis Nikolay Kuzanskiydir (1401-1464). Kuzanskiy ta’limoticha, xudo hamma narsalarda mavjud, shuningdek, hamma narsalar xudoda mavjud. Eng oliy haqiqatlarni bilish, sxolastik fikrlash bilan emas, balki, tajriba asosida amalga oshadi.
U xudoni borliqning oliy va yagona asosi deb hisoblaydi. Bu masalada Kuzanskiy shunday muhim kosmologik fikrlarni bayon qiladiki, hatto ma’lum darajada uni Kopernik va Brunolarning o‘tmishdoshi deb hisoblash mumkin. Ikkinchi masala esa bilish nazariyasiga nisbatan uning butunlay yangicha yondoshishidir. Ushbu masalalar bo‘yicha Kuzanskiy tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar ayrim hollarda XVIII asr oxiri va XIX asr boshidagi nemis filosoflari tomonidan bayon qilingan fikrlarning debochasi edi.
Filosofiya va fan rivojlanishiga eng katta hissa qo‘shgan uyg‘onish davrining mutafakkirlaridan biri polyak olimi Nikolay Kopernikdir (1473-1543). Ma’lumki, fan tarixida Kopernik o‘zining fanda tub o‘zgarish yasagan geliosentrik ta’limoti bilan mashhur bo‘lgan. Uning ta’limoticha, insonlar tomonidan kuzatiladigan quyosh va yulduzlarning harakatlari aslida Yerning o‘z o‘qi atrofida kundalik aylanishidan va quyosh atrofida yillik aylanishidan iborat. Bizning planetamizning markazi Yer emas, quyoshdir. Kopernikning buyuk kashfiyoti dunyoga teologik qarashga zarba berib, tabiatshunoslikda to‘ntarish yasadi. Bu kashfiyot Bibliyaning dunyo tuzilishi haqidagi va o‘zgarmas deb tanilgan ta’limotiga zarba berdi. Agar yer olamning markazi emas, balki Quyosh atrofida aylanuvchi planetalarning biri bo‘lsa, unda dunyoni, koinotni maqsadga muvofiq xudo tomonidan odamlar uchun yaratilganligi haqidagi talimot asossiz bo‘lib qolardi.
Kopernikning geliosentrik nazariyasidan chuqur ilmiy xulosalar chiqargan mutafakkirlardan biri italiyalik Jordano Brunodir (1548-1600). U Neapol yaqinida tug‘ilgan. O‘zining ilg‘or fikrlari uchun Bruno dahriylikda ayblanadi va cherkovdan haydaladi. Italiyadan qochishga majbur bo‘ladi. Uzoq vaqt Shvesariya, Fransiya, Angliya va Germaniyada quvg‘inda yuradi. 1592 yilda Bruno italiyaga qaytib keladi, lekin cherkov inkvizitsiyasi tomonidan ushlanib turmaga solinadi. Qiynoqlarga qaramasdan, u o‘zining ta’limotidan voz kechmaydi, natijada qatl etishga hukm qilinadi, 1600 yil 17 fevralda Rimda Gullar maydonida yoqib o‘ldiriladi.
Bruno geliosentrik nazariyani himoya qilish va targ‘ib qilish bilan cheklanib qolmaydi. U tabiatshunoslik tajribalarini hisobga olib, bir necha muhim nazariy xulosalar qildiki, ular filosofiyani yana ham boyitdilar. Bruno ta’limoticha, haqiqiy filosofiya ilmiy tajribaga suyanishi kerak, sxolastikani tugatish kerak. uning ta’lmoticha, koinot yagona, moddiy, cheksiz va abadiy. Juda ko‘p dunyolar bizning quyosh sistemasidan tashqarida mavjuddir. Biz ko‘rib turgan narsalar koinotining eng kichik bir qismidir. Yulduzlar — bu boshqa planeta sistemalarining quyoshi. Yer — cheksiz dunyoning kichik bir zarrasi. Demak, Bruno tabiiy — ilmiy qarashlarida Kopernikdan ilgarilab ketib, koinotning cheksizligi haqidagi fikrni aytadi, Kopernik esa koinotni chekli deb hisoblagan edi. Bruno Kopernik ta’limotini quyosh sistemasining tuzilishi haqidagi yangi qarashlar bilan boyitdi.
Uyg‘onish davrining natijasi sifatida namoyon bo‘lgan G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridagi tub ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar Niderlandiyada XVI asrning 60-70 yillarida, Angliyada XVII asrning 40-50 - yillarida bo‘lib o‘tdi. Bu davrga kelib, Yevropada alohida millatlarning shakllanishi yuz berdi, milliy davlatlar paydo bo‘ldi. Endi monarxiya tuzumi jamiyatning ilg‘or tabaqalari nazarida faqat tarixan o‘z umrini o‘tab qolmasdan, balki g‘ayritabiiy, g‘ayriaqliy bo‘lib ko‘rina boshladi. O‘sha davrning ideologlari ilgari tan olinmagan insonning tabiiy huquqlari masalasini o‘rtaga qo‘ydilar. Ular ijtimoiy tartiblar inson tabiatiga mos kelishini talab qila boshladilar. Bor-yo‘g‘i 50-60 yil ilgari inkvizitorlar Jordano Brunoni yoqib yuborganlarida lom-mim demagan Yevropa, endi o‘zining hayotida markaziy o‘rinni inson huquqlari egallashi kerakligini his eta boshladi. Hatto xudoning nomidan bo‘lsa-da, inson umriga zomin bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘qligi, odamzodning yashash, fikr yuritish erkinligining tabiiyligi anglab olina boshladi. Albatta, bungacha ikvizitsiya bir necha asrlar bu hududni aqidaparstlik changalida ushlab turgan, ne-ne aqlli kishilarni o‘z domiga tortib ulgurgan edi.