Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi



Yüklə 0,91 Mb.
səhifə1/8
tarix18.01.2023
ölçüsü0,91 Mb.
#79575
  1   2   3   4   5   6   7   8
Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi


Falsafa va dinning o’zaro aloqadorligi
Reja:


1. Falsafa fanining predmeti, muammolar doirasi va vazifasi
2. Dunyoqarash tushunchasi va uning xususiyatlari

3. Mifologik dunyoqarash

4. Diniy dunyoqarash

5. Falsafiy dunyoqarash

6. Falsafa va boshqa fanlar




1. Falsafa fanining predmeti, muammolar doirasi va vazifasi
Fan — inson va jamiyat taraqqiyotida katta ahamiyat kasb etadi. Uning yordamida kishilar voqelikdagi narsa va hodisalarning kelib chiqishi, rivojlanishi haqida xolisona ma’lumotlar to’playdilar, o’z ehtiyojlarini qondirish uchun moddiy va ma’naviy qadriyatlar yaratadilar. Mavjud fanlar o’zining xilma-xilligi bilan ifodalanadi. Shularning ichida eng qadimiysi falsafadir. “Falsafa” atamasi ikkita yunoncha so’zdan (“fileo” — sevaman va “sofia” — donolik) olingan bo’lib, “donolikni sevaman”, degan ma’noni anglatadi. Mazkur fanga bunday nom tasodifan berilgan emas. Falsafa paydo bo’lishi bilan kishilar fikrini band etgan turli-tuman savollarga javob qidirishga harakat qilgan. Xususan, bizni qurshab turgan dunyo qanday paydo bo’lgan, u qanday rivojlanadi? Inson ongi, ruhiyatinint materiyaga, tabiatga munosabati qanday? Inson dunyoni bilishga qodirmi yoki yo’qmi? Jamiyat qanday paydo bo’lgan va uning harakatlantiruvchi kuchlari nimalardan iborat? kabi savollar shular jumlasidandir. Falsafaning e’tibor markazidagi savollarning xilma-xilligi va rang-barangligini e’tiborga olib, yunonlar uni “donolik fani” yoki “donishmandlik” deb ataganlar.
Falsafa mavjud narsa va hodisalarning eng umumiy aloqadorligi va rivojlanish qonuniyatlarini, ularning tub mohiyatini bilishga qaratilgan fandir. Bu haqda Forobiyning quyidagi so’zlari alohida e’tiborga sazovordir: “Mavjudot haqidagi bilim qo’lga kiritilsa, shu haqida ta’lim berilsa, mavjudotdan bo’lgan narsaning zoti bilinsa, narsaning ma’nosi tushunilsa, ishonchli dalil, hujjatlar asosida shu narsa haqida miyada bir turli ishonch va tasavvur paydo bo’lsa, mana shu ma’lumotga doir fanni falsafa deymiz...”1.
Shuni alohida eslatib o’tish joizki, voqelikning eng umumiy tomonlari, aloqalarini aks ettiruvchi qarashlar falsafiy darajaga ko’tarilishi uchun ular inson tomonidan mavhum tafakkurlash yo’li bilan qayta ishlab, umumlashtirilib, sistemalashtirilgan nazariy g’oyalar tizimini tashkil etishi lozim. Shundagina ular falsafiy dunyoqarashni hosil qiladi.
Falsafaning paydo bo’lishi qadimgi Yunonistonda eramizdan avvalgi VI asrga to’g’ri keladi, chunki fanning taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy zaminlar aynan ana shu davrda vujudga kelgandi.
Har qanday falsafa o’z davrining mahsuli sifatida shu davr ijtimoiy taraqqiyoti ehtiyojlarini ifodalaydi. Shuning uchun insoniyat tarixining turli bosqichlarida turli falsafiy qarashlar mavjud bo’lgan va shunga mos ravishda uning predmeti va vazifalari ham o’zgarib borgan.
Dastavval, aniq fanlar mustaqil taraqqiy etmagan paytda, falsafa barcha bilimlarni umumlashtiruvchi, fanlarning fani, “umumiy tizim” vazifasini bajarib kelgan edi. Shu davrning buyuk mutafakkir olimlari Demokrit, Arastu, Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug’bek va boshqalar, ayni vaqtda tabiat fanlarining ham asoschilari bo’lganlar. Shuning uchun dastlabki kezlarda falsafa bir butun ta’limot ko’rinishida mavjud bo’lgan edi.
Falsafani maxsus bilimlar bilan birlashtirish qadimgi davrga xos xususiyat bo’lgani uchun u tabiat falsafasi, ya’ni «naturfilosofiya» deb ham hisoblangan. U tabiiy fanlar tushunchalariga asoslangan holda tabiatni yaxlit tasvirlab berishga qaratilgan bo’lib, kishilik jamiyatining ilk bosqichida keng taraqqiy etgan mifologik tasavvurlarni siqib chiqarishga asos yaratadi. Qadimgi davr falsafasida olamni yaxlit izohlab berish bilan bir qatorda narsa va hodisalarning taraqqiyot qonunlarini o’rganish usullari, bilish nazariyasi hamda ijtimoiy fikrlar (axloq-odob, davlatni boshqarish masalalari) ham katta o’rin olgan.
Tabiat va jamiyat haqidagi bilimlarning rivojlanib borishi alohida fanlar paydo bo’lishiga, mustaqil tadqiqot sohalari ajralib chiqishiga olib keldi. Uyg’onish davridan, ayniqsa, XVII asrdan boshlab tabiat haqidagi fanlar, jumladan, tajribaga asoslangan tabiatshunoslik, astronomiya, matematika, fizika, mexanika, kimyo muvaffaqiyatli rivojlana boshladi. Ijtimoiy tajribaning xo’jalikning, ayniqsa, sanoatning rivojlanishi, savdo ishlarining o’sishi va aniq fanlar bilan bir qatorda bir qancha ijtimoiy-gumanitar fanlarning: tarix, til, adabiyot, san’at, iqtisod, huquq va hokazolarning ham rivojlanishiga zamin yaratadi.
Endilikda falsafa fani tabiatni yaxlit o’rganish muammolari bilangina emas, balki fan taraqqiyotida ilmiy bilishning ahamiyati, bilish jarayonining asosiy bosqichlari, ilmiy bilishda aniq fanlarda qo’llanadigan uslublarning roli, fan taraqqiyotida mantiqiy tafakkurlashning qonuniyatlari va shakllari kabi masalalar bilan shug’ullanadi. Shuningdek, inson va jamiyat insonning erki va huquqlari, axloq-odob, davlat muammolari ham keng o’rin oladi.
XIX asrdan boshlab boshqa fanlar tomonidan hosil qilingan bilimlarni birlashtirish va umumlashtirishga ehtiyoj kuchaya bordi. Xususiy fanlarning erishgan muvaffaqiyatidan kelib chiqqan holda borliq va bilishning falsafiy masalalariga bo’lgan qiziqish yanada kuchaydi. Faylasuflar orasida falsafiy tizim yaratishga intiluvchilar ko’payib ketdi. Bunga misol sifatida nemis klassik falsafasining yirik vakili Gegel tomonidan yaratilgan falsafiy tizimni ko’rsatib o’tishimiz o’rinlidir. U o’zining “Mantiq ilmi” asarda dialektika qonunlariga asoslangan yaxlit falsafiy tizimni yaratgan edi. Gegelning bu ta’limoti hanuzgacha falsafa faniga o’zining ta’sirini ko’rsatib kelmoqda.
Fan va texnikaning doimiy ravishda taraqqiy etishi hamda jamiyatning turli sohalarida ro’y berayotgan jarayonlar falsafa fanining rivojlanishiga va uning muammolar doirasini kengaytirishga o’z ta’sirini ko’rsatib kelmoqda.
Falsafa yaxlit ilmiy bilim tizimini tashkil etib, muayyan fundamental qoidalarning yig’indisiga asoslanadi. Bu qoidalar bir-biri bilan uzviy bog’liq bo’lgan quyidagi uch turkum, yirik muammolarni qamrab oladi.

  1. Borliq va uning rivojlanish muammolari. Borliq — mavjudotni ifodalovchi tushunchadir. U murakkab va ko’p qirralidir. Moddiy borliq, ideal borliq, inson borlig’i va boshqalar shular jumlasidandir.

Borliq, uning kelib chiqishi va rivojlanish qonuniyatlarini falsafiy mushohada qilish insonni doimo qiziqtirib kelgan va hozirda ham qiziqtirib kelmoqda. Borliqni ilmiy izohlash, anglashga qaratilgan xilma-xil falsafiy yo’nalishlar va fikrlar mavjuddir. Ularni atroflicha va batafsil o’rganib chiqish insonning falsafiy dunyoqarashini shakllantirishda katta ahamiyatga ega.

  1. Falsafa fani borliq muammosi bilan bir qatorda voqelikning eng umumiy aloqadorligi va rivojlanish qonuniyatlari, ularni inson ongida aks ettirish to’g’risidagi ta’limotidir. Narsa va hodisalarning bir-biri bilan aloqadorligi va ularning doimiy rivojlanib turishi falsafa fanida uning asosiy qonun va kategoriyalari sistemasida o’z aksini topadi. Demak, falsafa fani borliqdagi narsa va hodisalarning eng umumiy aloqadorligi va rivojlanishini aks ettirish uchun qonun va kategoriya tizimini yaratadi va uning yordami bilan inson atrofini qurshab turgan voqelikni aks ettiradi. Inson tafakkurining shakli bo’lgan falsafiy qonun va kategoriyalar yordamida borliqni o’rganish katta falsafiy muammodir.

Falsafa — nazariy fikrlarning shakli va qonuniyatlarini ham o’rganuvchi ta’limot bo’lib hisoblanadi. Tafakkur shakllari va qonunlari formal mantiq va falsafa fanlarida o’rganiladi.
Formal mantiq narsa va hodisalarni harakatsiz, barqaror, ziddiyatsizlikda tahlil etishni talab etadi. Unga muvofiq, bir faktda, bir jihatdan olingan ikkita qaramaqarshi fikrlar haqiqat bo’lishi mumkin emas. Bundan farqli o’laroq, falsafiy tafakkurlash narsa va hodisalarni harakatda, hamma tomonlarini, ziddiyatlar birligida tahlil etishni talab etadi. Ziddiyatlarni hisobga olgan tafakkurlash mazmun va shakl, mohiyat va hodisa, ziddiyat va tasodif va boshqa kategoriyalar (tushunchalar) hamda falsafiy qonunlar yordamida tahlil etilayotgan narsaning barcha tomonlarini chuqur va atroflicha bilib olish imkoniyatini yaratadi.
Empirik bilish formal mantiq qonun-qoidalari asosida fikrlash bilan kifoyalansa, nazariy bilish falsafiy (dialektik) fikrlashni talab etadi.

  1. Voqelikni bilish nazariyasi. Borliqni inson ongida aks ettirish — murakkab dialektik jarayondir. Uni atroflicha va chuqur bilish uchun falsafa fani — in’ikos nazariyasini ishlab chiqdi. Falsafaning in’ikos nazariyasi bilish jarayonida sub’ekt bilan ob’ektning aloqadorligi, bilishning asosiy bosqichlari va shakllari, haqiqatga erishish dialektikasi va shunga o’xshash ko’pgina murakkab masalalarni atroflicha anglab olishga yordam beradi. Ilmiy bilish va inson amaliyoti uchun bu katta ahamiyat kasb etadi.

Yuqorida ko’rsatilgan muammolar falsafaning barcha tarixiy tiplari va yo’nalishlari markazida turgan muammolardir. Antik davr, o’rta asr, yangi davr va hozirgi zamon faylasuflarining barchasi o’z asarlarida borliq, uning kelib chiqishi va rivojlanishi qonuniyatlari to’g’risida, insonning borliqqa munosabati, voqeliknint rivojlanish manbalari, uni bilish qoidalari va shu kabi murakkab falsafiy masalalar to’g’risida turlicha fikrlar aytganlar va aytib kelmoqdalar. Bu esa, falsafaning fundamental muammolari davomiyligi va ularning umuminsoniy qadriyatlar ahamiyatiga ega ekanligidan dalolat beradi.

  1. Insonning dunyoqarashini, uning ongini falsafa qoidalariga muvofiqlashtirib shakllantirishda jamiyat taraqqiyoti va rivojlanishi qonuniyatlarini anglab olish katta ahamiyatga ega. Jamiyatda ro’y berayotgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy hodisalar, ularning kelib chiqishi, rivojlanish yo’nalishlarini falsafiy anglash mazkur jarayonlarni atroflicha va chuqur mushohada etish bilan bir qatorda, insonning ularga qanday munosabatda bo’lishini aniqlab olish imkoniyatini tug’diradi. Shuning uchun bu masalalar ham falsafiy tahlil qilishni taqozo etadigan muammolar qatoriga kiradi.

Hozirgi davrda inson va insoniyat, ular taqdirining mushtarakligi, insonning istiqboli, fan va texnika yutuqlaridan barcha insoniyat manfaati yo’lida oqilona foydalanish har qanday urushning oldini olish, tabiatni muhofaza etish, ocharchilikning oldini olish, insoniyatni, uning madaniyatini saqlab qolish, jamiyat taraqqiyotini oldindan ko’ra bilish va shu kabi masalalar ham falsafaning dolzarb muammolari hisoblanadi.
Falsafa doirasidagi masalalar hayotdan ajralgan mavhum masalalar emas, balki ular inson va uning hayotidan kelib chiqadigan dolzarb, umuminsoniy xususiyatga ega muammolardir. Gegel ta’biri bilan aytganda, falsafa — inson tafakkurida aks etgan davrdir. Falsafa fani vujudga kelgandan boshlab to hozirgi kungacha ham hayot yuzaga keltirgan turli-tuman masalalar, insonni avvaldan qiziqtirib kelayotgan muammolar doimo uning diqqat markazidadir.
Yuqorida aytilgan fikrlardan ko’rinib turibdiki, falsafa fanining predmeti, muammolari doimo o’zgarib, yangilanib turadi.
Falsafaning vazifasi xilma-xil bo’lib, uning eng muhim xususiyati — kishilarda olam haqida bir butun dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgandir. Shuningdek, falsafa aniq fanlar vakillarini ilmiy bilishning asosiy shakllari, uslublari va tamoyillari bilan qurollantiradi.
Falsafa gnoseologik vazifani ham bajaradi, ya’ni tevarak-atrofdagi narsa va hodisalarni bilishning qonuniyatlarini, bilish jarayonida ob’ekt va sub’ekt dialektikasini atroflicha ochib beradi.
Falsafa shaxsning ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashini shakllantiradi. Shfu bilan birga u shaxsda jamiyat oldidagi ijtimoiy ma’suliyat hissini uyg’otadi.
Ma’naviy qadriyatlarning ajralmas qismini tashkil etuvchi falsafa fani, o’z navbatida madaniyat, qadriyatlarining mohiyati, rivojlanish qonuniyatlari, jamiyat taraqqiyotidagi o’rni, shuningdek, ma’naviy yetuk komil insonlarni tarbiyalashdagi ahamiyatini atroflicha asoslab beradi. Bu uning tarbiyaviy vazifasini yanada kuchaytiradi.

Yüklə 0,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin