13
Alohidalikni, umumiy qonuniyatlar tarkibidagi, elementlarning individual rivojlanish
jarayoni sifatida olib qarash kerak. Chunki har qanday umumiylik, dastlab voqyelikning
alohidaligi tarzida vujudga keladi. Shunga ko‘ra, har qanday sistema o‘z tarkibidagi nisbatan
yangi, alohida hodisalarning individual rivojlanishisiz sodir bo‘la olmaydi. Shunday qilib,
alohidalik voqyelik rivojlanishining xilma-xil shakllarini vujudga keltiradi.
Narsa va hodisalarda alohidaliklarning konkret xususiyatlari o‘rtasidagi bog‘lanishlar, bir
tomondan, umumiylikni namoyon qilish bilan bir qatorda, ularning muayyanligi va mazmunini
ham belgilaydi. Ikkinchi tomondan esa, umumiylikning konkretligi alohidaliklar sistemasi
tarzida namoyon bo‘ladi. Bu sistemaga strukturali yondashish bilishning nisbatan to‘laqonli
bo‘lishini ta'minlaydi. Masalan, muayyan jamiyatdagi kishilarning ijtimoiy munosabatlari o‘ziga
xos bo‘lgan yo‘nalishlarini vujudga keltirgan. Ya'ni, iqtisodiy, huquqiy, siyosiy, diniy ekologik
va boshqa shu kabi ijtimoiy munosabatlar umumiy madaniyat tarkibida «iqtisodiy madaniyat»,
«huquqiy madaniyat», «siyosiy madaniyat», «ekologik madaniyat» va boshqa nisbatan mustaqil
yo‘nalishlarga asos bo‘lgan. Bu madaniyat yo‘nalishlari nisbatan mustaqil bo‘lsa ham, bir-birini
taqozo qiladi. Ularning ichki birligi va rivojlanish tendensiyasi umuminsoniyat sivilizatsiyasi
manfaatlaridan kelib chiqqan bo‘lib, umumiy taraqqiyot darajasiga mos keladi.
Falsafaning bu kategoriyasi bilan «butun», «qism» «struktura», «sistema», «element»,
kategoriyalari o‘rtasida uzviy bog‘liqlik va muayyan farqlar mavjud. Ya'ni «alohidalik»,
«xususiylik», «umumiylik» narsa va hodisalar rivojlanish jarayonidagi bog‘lanish, aloqadorlik
munosabatlarining yaxlitligini nisbatan mustaqil ifodalash bo‘lsa, «butun», «qism», «struktura»,
«sistema», «element», kategoriyalari esa, ularning makon va zamondagi bog‘lanish
munosabatlarini jarayon tarzida ifodalashdir. Shu nuqtai nazardan, butunni - umumiylik, qismni
yoki elementni - alohidalik tarzida olib qarash holatlari uchraydi. Shuningdek, muayyan
o‘xshashlik bo‘lishiga qaramasdan, sistemani umumiylik tarzida qabul qilish mumkin emas.
Bunda sistema turli darajadagi umumiyliklarning majmui ham bo‘lishi mumkin. Umuman, narsa
va hodisalarni tarkibiy jihatdan «butun», «qism», element»larga ajratish bilishga xos nisbiy
hodisa bo‘lib, uning samaradorligini ta'minlaydigan zaruriy shartdir. Shunga ko‘ra, yuqorida
aytilgan har ikkala kategoriyalar tizimi bilishning bosqichi sifatida emas, balki usuli sifatida olib
qaralishi kerak.
Dostları ilə paylaş: