4-bob. Elektron tijoratda shartnomalar tuzish tartibi 14-modda. Shartnomalar tuzishga doir umumiy talablar Elektron tijoratda tuziladigan shartnomalar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjati talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-bobi (“Shartnoma tuzish”), O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasi ikkinchi qismi va 12-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari”ning V bobi (“Shartnoma tuzish tartibi”). Elektron tijoratda shartnoma taraflar o‘rtasida shartnomaning shartlarini elektron hujjatlar va (yoki) xabarlarni tasdiqlash yo‘li bilan kelishish orqali elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi.
Elektron tijoratda hujjatlarni shakllantirish taraflarning kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi.
Shartnoma qonunchilikda belgilangan, shartnomani tuzish va bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarning mazmuniga va shakliga oid talablarga mos bo‘lishi kerak.
Elektron tijorat operatorlariga yoki sotuvchilariga shartnoma taraflarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish chog‘ida axborot tizimlari orqali shakllantirilgan elektron tarzdagi cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa hujjatlar tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olinganligini tasdiqlaydigan qog‘ozdagi shunga o‘xshash hujjatlarga tenglashtiriladi.
Shartnomalarni tuzish chog‘ida qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolash talab qilingan hollarda elektron hujjat, agar shartnoma tarafi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash tartib-taomili bajarilsa, imzolangan deb hisoblanadi.
Elektron tijoratdagi hujjatda hujjatni imzolagan shaxsning roziligini ifodalaydigan hamda uni identifikatsiya va autentifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullari (“SMS”, “Face-ID” va boshqalar) ham imzo sifatida tan olinadi.