1.3 Inventarizatsiya o‘tkazish jarayoni
Inventarizatsiya boshlanishida har bir inventarizatsiya qilinadigan obyekt bo‘yicha moddiy qiymatliklarning buxgalteriya daftarlaridagi qoldiqlari chiqariladi. Inventarizatsiya komissiyasi tomonidan xonalar, qiymatliklarni saqlash joylari plombalanib, obyektga begona shaxslarning kirishi to‘xtatiladi va o‘lchov asboblarining to‘g‘riligi hamda ularni tamg‘alash muddatlariga rioya qilinganligi tekshiriladi. Moddiy javobgar shaxslardan, ular tomonidan inventarizatsiya qilinadigan moddiy qiymatliklarga doir barcha hujjatlar buxgalteriyaga topshirilganligi to‘g‘risida tilxat olinadi.
Chakana savdo korxonalarida naqd pul mablag‘larining qoldig‘i va kundalik pul tushumi aniqlanadi. Moddiy javobgar shaxslar tovar-moddiy boyliklarini inventarizatsiyadan o‘tkazishga tayyorlaydi (materiallar nomlari bo‘yicha ajratiladi, tovarlar va idishlar navlarga ajratiladi). Yaroqsiz holga kelgan va brak qilingan tovarlar alohida ajratiladi. Komissiya tomonidan mavjud moddiy qiymatliklar o‘lchash, tortish, sanash va h.k. yo‘llar bilan tekshiriladi va natijalari inventarizatsiya ro‘yxatlariga yoziladi.
Inventarizatsiya ro‘yxatlari 3-4 nusxada rasmiylashtiriladi. So‘ngra aniqlangan haqiqiy qoldiqlar buxgalteriya daftarlaridagi qoldiqlar bilan solishtiriladi. Inventarizatsiya natijalari dalolatnoma yoki taqqoslash vedomostlari bilan rasmiylashtiriladi. Inventarizatsiyani o‘tkazish uchun korxonada doimiy faoliyat
ko‘rsatadigan inventarizatsiya komissiyasi tuziladi. Uning tarkibi quyidagicha:
korxona rahbari yoki uning o‘rinbosari (komissiya raisi);
bosh buxgalter;
tarkibiy bo‘linmalar (xizmatlar) boshliqlari;
jamoatchilik vakillari.
Doimiy faoliyat ko‘rsatadigan inventarizatsiya komissiyasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
o‘tkazilgan inventarizatsiya natijalarini ko‘rib chiqadi;
kamomadlar, xo‘jasizlik va o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik
qilgan xodimlarga nisbatan moddiy va intizomiy jazo choralari qo‘llash to‘g‘risida korxona rahbariyatiga takliflar kiritadi;
qayta navlash natijalarini hisobga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqadi;
korxonadagi moddiy qiymatliklar saqlanishini yaxshilash bo‘yicha takliflar beradi;
aniqlangan kamomad va oshiqchaliklar bo‘yicha ma’muriy tekshiruv o‘tkazish uchun komissiya tarkibini tavsiya qiladi.
Inventarizatsiyaga doir ishlar hajmi kam va korxonada taftish komissiyasi mavjud bo‘lgan hollarda inventarizatsiya o‘tkazish mazkur komissiyaga yuklatilishi mumkin. Ish hajmi katta bo‘lganda mulklar va moliyaviy majburiyatlarni bir paytda inventarizatsiya qilish uchun ishchi inventarizatsiya komissiyalari tashkil etiladi. Uning tarkibi quyidagicha bo‘lishi mumkin:
korxona bo‘linmasi rahbarining vakili (ishchi komissiya raisi);
mutaxassislar (iqtisodchi, buxgalteriya xodimi, muhandis, texnolog, tovarshunos, omborchi va b.).
Ishchi inventarizatsiya komissiyalari tarkibiga inventarizatsiya qilinadigan mulklarni, baho shakllanish tartibini, dastlabki hisobni va hokazolarni yaxshi biladigan tajribali xodimlar kiritilishi mumkin. Shuningdek, korxonaning ichki audit bo‘limi va tashqi auditorlik tashkiloti mutaxassislari ham jalb qilinishi mumkin. Ishchi inventarizatsiya komissiyalarining soni va tarkibi korxona rahbarining buyrug‘i (farmoyishi) bilan tasdiqlanadi (№19-BHMSga 1-ilova).
– tekshirilayotgan asosiy vositalar, tovar-moddiy qiymatliklar, pul mablag‘lari, olinadigan va to‘lanadigan schotlar bo‘yicha haqiqiy qoldiqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ro‘yxatga aniq va to‘liq kiritish;
– tovar-moddiy qiymatliklarning ajralib turadigan xususiyatlarini (navi, tipi, markasi, o‘lchami, bahosi hamda texnik belgilari)
inventarizatsiya ro‘yxatida to‘g‘ri aks ettirish;
– inventarizatsiya natijalarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri rasmiylashtirish hamda korxona buxgalteriyasiga belgilangan tartibda taqdim etish.
Inventarizatsiya komissiyalari a’zolari kamomad va oshiqchaliklarni yashirish maqsadida qasddan noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritganliklari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Inventarizatsiya boshlanishidan oldin komissiyalar a’zolariga buyruqdan ko‘chirma, raislariga esa plombalagich topshiriladi. Buyruqda inventarizatsiya o‘tkazish ishlarining boshlanish va yakunlanish muddatlari ko‘rsatiladi.
Inventarizatsiya boshlanish kuniga moddiy qiymatliklar kirimi va chiqimiga doir barcha hujjatlarga to‘liq ishlov berilib, analitik hisob kartochkalariga yozilgan va qoldiqlar chiqarilgan bo‘lishi lozim.
Inventarizatsiya o‘tkazish chog‘ida komissiya a’zolaridan birortasining ishtirok etmasligi inventarizatsiya natijalarini haqiqiy emas deb hisoblashga asos bo‘ladi.
Ishchi inventarizatsiya komissiyasi tovar-moddiy qiymatliklarning mavjudligini tekshirishga kirishishdan oldin, quyidagi ishlarni amalga oshirishlari lozim:
– yordamchi xonalar, podvallar va oddiy qiymatliklar saqlanadigan joylarni plombalash;
– barcha o‘lchov asboblarining to‘g‘riligini va ularning tamg‘alash muddatlariga rioya qilinishini tekshirish;
– inventarizatsiya paytida kirim va chiqim hujjatlarining reestrlarini yoki moddiy qiymatliklar va pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotlarni olish.
Inventarizatsiya komissiyasining raisi reestr(hisobot)larga ilova qilingan barcha kirim va chiqim hujjatlarini «inventarizatsiyagacha «___» (sana)» ko‘rsatilgan holda imzolashi lozim. Bu buxgalteriya xodimlari uchun inventarizatsiya boshlanishiga mulklarning hisob baholari bo‘yicha qoldiqlarini aniqlashga asos bo‘ladi.
Moddiy javobgar shaxslar inventarizatsiya ro‘yxatlarida inventarizatsiya boshlanishigacha barcha kirim va chiqim hujjatlarini buxgalteriyaga topshirganligi hamda ularning javobgarligiga olingan barcha qiymatliklar kirim qilinganligi, berilganlari esa chiqim qilinganligi to‘g‘risida tilxat berishlari lozim.
Mulklarning haqiqatda mavjudligi inventarizatsiya chog‘ida sanash, tortish va o‘lchash yo‘li bilan aniqlanishi shart. Korxona rahbari yuklarni tashish va siljitish uchun ishchi kuchi, texnik jihatdan sozlangan tarozilar, o‘lchov va nazorat asboblari, o‘lchagich idishlar va boshqa zarur asbob-anjomlar bilan ta’minlashi lozim. Inventarizatsiya jarayonida moddiy javobgar shaxslar ishtirok etishi shart.
Olinadigan va to‘lanadigan schotlar bo‘yicha inventarizatsiya o‘tkazish uchun tegishli tashkilotlar, korxonalar va shaxslar bilan taqqoslash hisob-kitoblari (taqqoslash dalolatnomalari) tuziladi.
Korxona buxgalteriyasi ma’lumotlari bo‘yicha aks ettirilgan u yoki bu debitorning qarz summalari, ularning buxgalteriya hisobi bo‘yicha ma’lumotlari bilan taqqoslanadi. Debitor qarzlarni inventarizatsiya qilishda ularning muddatlariga alohida e’tibor qaratish lozim. Shartnomada ko‘rsatilgan to‘lov muddatlari o‘tib ketgan debitor qarzlarning summasi doirasida shubhali qarzlar bo‘yicha rezervlar yaratiladi. Debitorlar bilan hisob-kitoblarni tekshirish uchun debitor tashkilotlarga buxgalteriya xodimlari jo‘natilib, u shaxsan hisob-kitoblarni tekshiradi va solishtirish dalolatnomasi tuzadi. Tekshiruv jarayonida qarzni undirish imkoni yo‘qligi aniqlansa (korxona tugatilgan, da’vo muddati o‘tib ketgan, debitor qarzini tan olmasligi va h.k.), bunday summalar bo‘yicha umidsiz debitor qarzlar ro‘yxati tuziladi. Ro‘yxatda har bir debitor va kreditor to‘g‘risida qarzni undirish umidsizligining sababi ko‘rsatiladi. Ushbu ro‘yxat markaziy inventarizatsiya komissiyasiga taqdim etiladi. Komissiya xulosa chiqarganidan so‘ng muddati o‘tib ketgan hamda sud qaror chiqargan va qarzdorning to‘lovga layoqatsizligi sababli undirib olinmagan qarzlar korxona rahbarining farmoyishiga muvofiq shubhali qarzlar bo‘yicha rezervlar hisobiga hisobdan chiqariladi.
Debitor qarzlar olinadigan schotlarni hisobga oluvchi schotlar krediti va 4910-»Shubhali qarzlar bo‘yicha rezerv» schotining debeti bo‘yicha hisobdan chiqariladi. Qarzlarning to‘lovga layoqatsizligi sababli qarzni hisobdan chiqarilishi uning bekor qilinganligi hisoblanmaydi. U 5 yil davomida balansdan tashqari schotda hisobga olinadi. Talab qilib olinmagan kreditor qarz korxona foydasiga o‘tkaziladi.
Dostları ilə paylaş: |