Maktabgacha ta’lim pedagogikasi - maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni tarbiyalash, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy va jismoniy jihatdan kamolotga etkazish masalalarini o‘rganadi. Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi - boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tarbiyalash, ularga ta’lim berish, ularning o‘ziga xos psixologik hamda fiziologik xususiyatlarini tadqiq etish, shuningdek, ularni intellektual, ma’naviy-axloqiy va jismoniy jihatdan kamolotga etkazish masalalarini o‘rganadi. Korreksion (maxsus) pedagogika - jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bilan bog‘ liq muammolarni o‘ rganadi. Metodika - xususiy fanlarni o‘qitish mazmuni, qonuniyatlari, tashkiliy shart-shroitlarini tadqiq etadi. Pedagogik texnologiya - ta’lim va tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, texnologik yondashuv asosida ta’lim va tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish muammolarini o‘rganadi. Ta’lim menejmenti - ta’limmuassasalarining faoliyatini tashkil etish, boshqarish, nazorat qilish hamda istiqbollarini belgilash masalalarini o‘rganadi. Ijtimoiy pedagogika - shaxs ijtimoiylashuvi, ijtimoiy me’yordan og‘ishishning pedagogik diagnostikasi, korreksiyasi va reabilitatsiyasi hamda ijtimoiy-pedagogik faoliyatni tashkil etish masalalarini tadqiq etadi. Oila pedagogikasi - oilaviy ta’lim-tarbiya, oilada bolalarni yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlar asosida tarbiyalash, ota-onalarning pedagogik madaniyatini oshirish masalalarini o‘rganadi. Xalq pedagogikasi - xalq og‘zaki ijodi, urf-odatlar, marosimlar, milliy va bolalar o‘ yinlari, o‘ yinchoqlari kabilarda saqlanib qolgan pedagogik ma’lumotlar va milliy tarbiyaga doir tajribalar majmuidir. Qiyosiy pedagogika - qiyosiy aspektda turli davlat, hudud, umuman dunyo miqyosida, turli tarixiy davrlarda pedagogika nazariyasi va amaliyotining mavjud holati, rivojlanish tendensiyalari va qonuniyatlarini o‘rganadigan pedagogik fan sohasi.