Burxoniddin Marg’inoniy (toʻliq ismi Abulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljalil al-Fargʻoniy al-Rishtoniy al-Margʻinoniy) (1123.23.9, Rishton tumani, Dahbet qishlogʻi — 1197.29.10, Samarqand)— buyuk faqih, imom. Dastavval otasi Abubakr ibn Abduljalil, soʻng Simom Bahouddin Ali ibn Muhammad Asbijobiy qoʻlida tahsil koʻrdi. Rishton, Margʻilon, Buxoro, Samarqand va Movarounnaxrning boshqa shaharlarida islomiy taʼlim olib, hanafiya mazhabining buyuk faqihi sifatida nom qozondi. Shayxulislom boʻlib yetishdi. 1149 y. haj safariga bordi. Burxoniddin Marg’inoniyning ilmiy merosi oʻz ahamiyatinn yoʻqotmagan. Jahondagi koʻp oliy oʻquv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burxoniddin Marg’inoniyning fiqh taʼlimoti asosida oʻrganiladi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng uning ilmiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, asarlarini chop etish ishlariga katta eʼtibor berila boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan Burxoniddin Marg’inoniy vafotining 800 yilligi (1997), tavalludining 910 yilligi (hijriy sana boʻyicha) (2000) keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Margʻilon sh. markazida B. M. yodgorlik majmui bunyod etilib, shu yerda uning ramziy maqbarasi oʻrnatildi.