Qoʻyub qasrigʻa yuz, andoqqi Rustam,
Eshikda bogʻlabon raxshini mahkam
(3)
.
Qadam qoʻydiyu kirdi qasr aro tez,
Kafida dev chorqon tigʻi xunrez.
Ne qasrikim jahon ichra jahone.
Jahoni naqd boqsa har qayone.
Eshiklar bogʻlabon har sori behad,
Temur qufl anda mahkam, oʻylakim sad.
Yozilgʻon buki: ne jinsi xazina
Erur ul uyda zohir yo dafina.
Oʻtar erdi oʻqub har birni bot-bot,
Koʻrundi bir eshik, hayhot-hayhot.
Oʻzi oltun, javohir birla tarse’,
Yozilgʻon davrida bir nav’ tavqe’ —
Ki, ochilmas bu uyning qufli oson,
Ochardin boʻlmoq avlodur haroson.
Bu ma’ni koʻnglidin zoyil qilib hush,
Ravon savdomizoji Ahramankush.
Murassa’ quflgʻa urdi ilikni,
Uy ichra sindurub kirdi eshikni.
Yevi koʻrdiki koʻrmaydur misoli.
Nechukkim kinasiz el koʻngli xoli
(4)
.
Boqar erdi qilib har sori ta’jil,
Osilgʻon koʻrdi bir yoqut qandil.
Furuzon lam’a andin Mushtaridek,
Yorutub evni sham’i xovaridek
(5)
.
Tushurdi dogʻi filhol ochti oni,
Sulaymon xotamin torti nihoni.
Vale qandil aro bu soʻz muharrar
Ki, xotam kimgakim boʻlsa muyassar.
Oʻqub xotam aro yozilgʻon ismin,
Ochar Iskandari Rumiy tilismin.
Oʻqulsa koʻp qilur farxunda hotif,
Ul ish mushkillaridan oni voqif.
Niginni oʻrtiyu, koʻziga qoʻydi,
Koʻngulni Haq sanosin derga qoʻydi.
Bajo kelturdi chunkim shukri Bori,
Chiqib azm etti qolgʻon xayli sori.
Chu markab beshadin toshqori surdi,
Cherikni bas ajab holatda koʻrdi.
Borida Ahraman xavfi radidor,
Taabdin titrab andoqkim saridor.
Koʻrungach shohzoda koʻzlariga,
Yana bori kelibon oʻzlariga.
Koʻrub xoqoni Chin Farhodni shod,
Boʻlub ul dogʻi shod andoqki Farhod.
Dema Farhodkim, fardi zamona,
Cherigin boshlabon boʻldi ravona.
Oʻtub el Ahramanning beshasidin,
Boʻlub fard Ahraman andeshasidin.
Yetib ul sabzau dilkash fazogʻa,
Yeramdek ruhbaxsh obu havogʻa.