Hamul suv ichra gʻusli ayladi pok,
Yubon gʻam chirkini boʻldi tarabnok.
Sujud etti tilab maqsudigʻa yoʻl,
Tazarru’ aylabon Ma’budigʻa ul.
Koʻtargach boshni koʻrdi sabzroʻshe,
Yuzi nuroni andoqkim Surushe.
Chu koʻrdi oni, holi torti tagʻyir,
Buyurdi lutfu shafqat koʻrguzub rir
Ki, ey farzand, gʻamdin barkaron boʻl,
Bu ishkim koming oʻlmish, komron boʻl.
Meni Xizr anglakim, tuttum yoʻlungni
Ki, to bu yoʻlda tutqoymen qoʻlungni.
Sikandar birla chun mehnatgʻa tushtuk,
Tilab hayvon suyin zulmatgʻa tushtuk.
Suv istab ul koʻp urdi har taraf gom
Va lekin yetti ul suvdin manga kom.
Mening jonim chu ul suv birla qondi,
Sikandar jon chekib, labtashna yondi.
Ishin chun qildi charx aylab hasad band,
Chiqib ofoq aro boʻldi rasadband.
Anga ish bogʻlamoq boʻldi hamesha,
Manga ochmoq aning bandini resha.
Tilismi hamki bogʻlabdur zamiri,
Ocharda menmen elning dastgiri.
Tilismedinki band oʻlmish bu vodiy,
Kelibturmen sanga boʻlmoqqa hodiy.
Chu mundin yoʻlga kirgungdur saranjom,
Sana har nechakim urgungdurur gom.
Koʻrungay chun tilismi charxmonand,
Hisore boʻlgʻusi gardungʻa rayvand.
Hamul yerdin oʻn ikki ming qadamdur,
Vale har bir qadamda yuz nadamdur.
Yoʻli oʻr, yuqqoridur toshi malso,
Quyiroqdur kishi bir gomin olso.
Yoʻli bir soʻqmoq ikki sori xora,
Itik har xora andoqkim katora.
Kishi har necha yoʻl qilgʻon esa tay,
Hamul yoʻldin chiqorsa nogihon ray.
Itik xoro oyogʻin aylabon chok,
Koʻrar bu chashma uzra oʻzni gʻamnok.
Vagar xud tuz yurub qat’ ayladi yoʻl,
Chu oʻn bir ming qadam qat’ ayladi ul
Boʻlur yoʻlda ayon bir xora darband,
Temur zanjir ila bir sheri nar band.
Kishini yutqudek ogʻzin ochib keng,
Degil darband ila ogʻzi erur teng.
Kishikim oʻtsa andin baxt oʻlub rom,
Erur qoʻrgʻon eshigi yona ming gom.
Chu toʻqquz yuz qadam ursa yurub tuz,
Yoʻl uzra taxtasange koʻrguzur yuz.
Anga chiqqoch kishikim tersa mahkam,
Ochilur qal’aning darbandi ul dam.