Yoshlarda yuksak insoniy sifat va fazilatlarni (konstruktiv xulqni) tarbiyalashga yo‘nalgan maqollar. Inson zoti dunyoga kelar ekan, unda faqat biologik imkoniyatlargina tug‘ma ravishda avloddan – avlodga nasliy yo‘l bilan o‘tadi, xolos. Insonning psixologik sifat va fazilatlari u tug‘ilgandan so‘ng ijtimoiy muhitda, ana shu muhitda qaror topgan ta’lim-tarbiya jarayonlari ta’sirida, ijtimoiy- tarixiy taraqqiyot davomida o‘sha xalq erishgan tarixiy tajriba va yutuqlarni avlodlar o‘zlashtirishi asosida yuzaga keladi. Yoshlar ijtimoiy muhitda odamlar bilan o‘zaro ijtimoiy munosabatlarga kirishar ekan, o‘zini o‘rab turgan odamlar, narsalar, hodisalar va mehnatga bo‘lgan munosabatlari jarayonida ularda inson zotiga xos zarur sifat va fazilatlar tarbiyalanib boradi.
Hozirgi yoshlarda tarbiyalashimiz zarur bo‘lgan yuksak insoniy sifat va fazilatlardan biri – vatanparvarlikdir. Vatanparvarlik o‘zbek xalq maqollarida quyidagicha mazmun – mohiyatda o‘z ifodasini topgan.
Dushmanga nafrati bo‘lmaganning, Vatanga muhabbati bo‘lmas.
Yoridan ayrilgan yetti yil yig‘lar, Yurtidan ayrilgan o‘lganicha yig‘lar.
Ona yerning tuprog‘i – ona sutidan aziz. Ona yurting – oltin beshiging.
Eliga vafo qilgan, Yoviga jafo qilar. Yurt qo‘risang, o‘sarsan, Qo‘rimasang, to‘zarsan. Yaxshi yigit yurt tuzar, Yomon yigit yurt buzar.
Albatta, inson hissiyotlari aksariyat hollarda juft – juft uchraydi va uyg‘un qonuniyat asosida rivojlanadi. Yoshlarda vatanga qanchalik mehr – muhabbat shakllansa, dushmanga nafrat shu darajada rivojlanadi, yurtidan ayrilishni aqlga sig‘dirolmaydi, ona yurtim oltin beshigim, ona yer tuprog‘i - ona sutidan azaz deb biladi. Eliga vafo qilgan farzandgina yoviga javo qilishini, bunday yoshlar shu vatanda kamol topishi, vatan himoyasi xalqning tinch – farovon yashashi va mamlakat taraqqiyoti uchun mas’ul ekanligi ifodalangan.
Quyidagi maqollarda insonning pokligi, to‘g‘riligi va ularning tarbiyaviy ahamiyati haqida gap boradi.
Dili pokning ishi – pok. Gunohsiz odam podshodan qo‘rqmas.
Dili to‘g‘rining yo‘li to‘g‘ri. To‘g‘ri oshini yer, Egri boshini.
To‘g‘ri yurdim – yetdim murodga, Egri yurdim – qoldim uyatga.
Egri yo‘ldan yursang ham, to‘g‘ri yur. Haqiqat oltindan qimmat.
Albatta dili pok ya’ni to‘g‘ri tarbiya topgan odamning har bir qilgan ishi pok bo‘ladi, yaxshi va yomonni, to‘g‘ri va noto‘g‘rini yaqqol anglaydilar, shu bois hech vaqt ular gunohga qo‘l urmaydilar, birovdan qo‘rqmaydilar. Qaysi bir ishga qo‘l urmasin, uni namunali bajaradilar. Haqiqatni oltindan qimmat deb biladilar. Bunday odamlarni ko‘rgan, ularning tarbiyasi ta’sirida bo‘lgan yoshlar albatta ulardan andoza oladilar. Ana shunday insonlardek bo‘lishga oshiqib yashaydilar.
Asl odam hech o‘lmas. Daryoga yaxshilik qilsang, Ajrini biyobondan topasan.
Yomon bilan yo‘ldosh bo‘lma, Nodon bilan sirdosh. Odam bo‘lmoq asta-asta, Hayvon bo‘lmoq birpastda. Oltin olma duo ol, Duo oltin emasmi.
Tilagi yaxshi kamol topar, Tilagi yomon – zavol.
Ushbu maqollarda asl odam sifatida shakllanish, doimo ezgu niyatli bo‘lish, odamlardan yaxshiligini ayamaslik, odamlar duosini olish oltindan ham afzal, yomon bilan yo‘ldosh bo‘lmaslik, nodon bilan sirdosh bo‘lsa albatta bir kun uyatga qolishi, baloga uchrashi tayinligi va hayotiy haqiqatligi aks etgan.
O‘zbek xalq donishmandligida insonning kimligini namoyon etadigan eng muhim belgi – bu uning so‘zi, fikri, tili ekanligini alohida e’tirof etilgan.
Anjom – uy ziynati, So‘z – inson ziynati. Gapning ozi yaxshi, Qizning nozi. Ovqatni tuz mazali qilar, Odamni – so‘z. So‘zning boyligi – odamning chiroyligi. Tilingda bo‘lsa boling, Kulib turar iqboling.
Shu bois, so‘z inson ziynati ekanligi, shunday bo‘lsada, odamlar orasida va suhbatida gapni o‘rinli va oz gapirish, odam obro‘sini uning chiroyini so‘zi va fikri belgilashi, inson so‘zga boy va shirin til hamda ezgu-niyatli bo‘lishi lozimligi ifodalangan. O‘zbek xalq og‘zaki ijodida va xalqimiz orasidan yetishib chiqqan mutafakkirlar ijodida va ular yozib qoldirgan hikmatlarda ham tilning ahamiyatiga alohida e’tibor bilan qaralgan.
Do‘st achitib gapirar, Dushman – kulib. Do‘stlik – barcha boylikdan afzal
Pul ortirma, do‘st orttir.
Albatta , har bir jamiyatda, jamoada, ishdami yoki yashash joyidami inson yaqin kishilari va do‘stlari bilan hamfikr bo‘lsa, bamaslahat ish tutsa o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlariga erisha oladi. Do‘stlik bu bebaho va barcha boylikdan afzal ekanligi, inson pul, mol – mulk yoki dushman emas, do‘st orttirishi hamma narsadan afzalligi ta’kidlangan.
Ayolning husni pardozda emas, aqlida. Aql bilan odob egizak.
Aql boshlovchi, Tana ishlovchi. Aql yoshdan, Odob – boshdan.
Aql o‘lchovi – so‘z, So‘z o‘lchovi – naql. Aqldan ortiq boylik yo‘q.
Aqlli qariya – oqib turgan daryo. Aqlning o‘lchovi idrok.
Dono durdan a’lo. Donoga ilm – ilm, Nodonga essiz ilm.
Dononing gapi – tegadi nafi. Kallam bor – bir qop tillam bor.
Kishi baxti taxtida emas, aqlida. Ko‘p bilgan oz so‘zlar, Oz bo‘lsa ham soz so‘zlar. Ko‘r siypab topar, aqlli o‘ylab. Aql ko‘pga yetkazar, Hunar – ko‘kka.
Bu o‘rinda yuksak insoniy sifat va fazilatlardan biri aqlning inson hayoti va faoliyatidagi bebaho ahamiyati haqida fikr boradi. Masalan, ayolning husni jamoli bo‘lgani bilan aqli, farosati yetarli bo‘lmasa, u ayollar orasida eng obro‘siz sanaladi. Aqlli odam odobli bo‘lishi, aql bilan odobga yoshlikdan amal qilish zarurligi, aqlning bebaho ziynat ekanligi, u faqat tarbiya , yaxshi odamlar ta’sirida shakllanishi, aqlli odamlardangina donishmandlar va fozil odamlar shakllanishi o‘qtirib o‘tilgan.
Baxt belgisi – bilim. Bilim baxt keltirar. Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim. Go‘zallik ilmu ma’rifatda. Davlat tugar - ilm tugamas. Zehn qo‘ysang bilimga , Ilm tomar dilingga. Kitob aql chirog‘i. O‘qish boshqa, uqish boshqa. Hunar – tugamas xazina. Hunarli er xor bo‘lmas, Do‘st – dushmanga zor bo‘lmas.
Bu joyda esa insonga xos barcha sifat va fazilatlar hamda hunar egallashi, bilim olishi bilangina shakllanishi hamda sayqal topishi mumkinligi haqida aytib o‘tilgan.
Ziyrakning aqli tosh yorar, Nomardning mushti bosh yorar.
Yigitga mardlik yarashar. Mardlik – kishining husni. Mardlik – mangulik.
Mardlik sotib olinmas. Yaxshilikka yaxshilik – Har kishining ishidir. Yomonlikka yaxshilik-Mard kishining ishidir.
Ushbu o‘rinda ziyraklik, mardlik va uning inson hayotidagi ahamiyati, bu sifatlar shakllanmagan holatlarda uning oqibatlari va tashvishlari haqida so‘z boradi.
Quyidagi maqollarda bolalar tarbiyasiga dastlabki kunlardanoq qanday yondoshuv zarurligi, yoshlarni iymonli, e’tiqodli va odobli qilib tarbiyalashning psixologik tamoyillari, kamtarlik va odob inson ziynati va uning ko‘rki ekanligi o‘z ifodasini topgan.
Bola - yoshidan, Xotin – boshidan. Bolani so‘ksang, beti qotar, Ursang, eti qotar. Boqsang botir qilasan, Tergasang – tentak. Bola aziz – odobi undan aziz. Inson - odobi bilan, Osmon – oftobi bilan. Odob – kishining zebu ziynati. Odobning-boshi til. Husn xulqi bilan chiroyli. Husn – husn emas, odob husn. Gul o‘ssa – yerning ko‘rki, Qiz o‘ssa – elning ko‘rki. Kamtarlik ham husn. Kiyikli tog‘ – suyukli tog‘. Kamtar bo‘lding – gavhar bo‘lding. Kamtar bo‘lsang, osh ko‘p, Manman bo‘lsang, tosh ko‘p.
Navbatdagi o‘zbek xalq maqollarida sabr – qanoat asl boylik ekanligi, kimda- kim tarbiyalanib sabr – qanoat kabi yuksak fazilatga erishsa, o‘z hayoti va faoliyati davomida yuksak natijalarga erisha olishi kafolatlanganligi ta’kidlanadi.
Asl boylik – qanoat. Kamoli imon – sabr. Sabr –achchiq, mevasi – shirin.
Odob bilan baxt topilar, Sabr bilan – taxt. Oshiqmagan ovchi humo ovlar.
Sabr qilsang g‘o‘radan halvo bitar. Besarblar bosh – oyog‘idan yetar (yo‘qolar).
Quyidagi maqollarda esa hozirgi yoshlar orli, nomusli shu bilan birga iffatli, iboli va hayoli bo‘lishi, milliy madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, o‘zligimizni anglashda va namoyon etishda ana shunday sifat va fazilatlar naqadar zarurligini takozo etishi alohida ta’kidlangan.
Yigitning moli bo‘lguncha, ori bo‘lsin. Yigitning xusni – yuz tanga, Or- nomusi – ming tanga. Nomus- o‘limdan qattiq. Odam ochlikdan o‘lmas, ordan o‘lar. Ori bo‘lmagan yigitdan nomusli qiz yaxshi.