Fayzieva mavluda xudayarovna shaxsda psixologik himoya mexanizmini shakllantirishning ijtimoiy-etnik asoslari


Kishilar fe’l-atvorida uchraydigan salbiy (distruktiv xulq) illatlarning zarari va oqibatlaridan ogoh etuvchi maqollar



Yüklə 1,81 Mb.
səhifə34/79
tarix10.05.2023
ölçüsü1,81 Mb.
#110585
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   79
10.05.2023

Kishilar fe’l-atvorida uchraydigan salbiy (distruktiv xulq) illatlarning zarari va oqibatlaridan ogoh etuvchi maqollar. Kishilik jamiyatining tarixiy taraqqiyoti qanchalik uzoq bo‘lmasin, yoshlarni tarbiyalashga yo‘nalgan tarbiyaviy usullar, vositalar, yaratilgan zarur shart – sharoitlar qanchalik sayqallashmasin afsuski, haligacha odamlar fe’l atvorida salbiy (distruktiv) illatlar uchraydi. Bu holatlar o‘z-o‘zidan odamlarning o‘zaro ijtimoiy munosabatlarga kirishishida namoyon bo‘ladi, ayniqsa yoshlar tarbiyasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Kishilar fe’l – atvorida uchraydigan salbiy illatlarning oldini olish, bartaraf qilish, ularning zarari va oqibatlaridan odamlarni, ayniqsa shakllanib kelayotgan yoshlarni, ular tarbiyasi uchun mas’ul bo‘lgan ota-onalar, murabbiylar va o‘qituvchilarni ogoh etish bugungi o‘quv- tarbiya jarayonlarining ustuvor vazifalaridan biridir.
Biz bahs yuritayotgan muammoni va uni yechimlariga yo‘nalgan vazifalarni hal etishda xalqimiz tarixiy tarqqiyoti davomida juda ko‘p sinovlardan o‘tgan, sayqallashgan, hozirgi davr o‘quv-tarbiya jarayonlari uchun ham o‘z qadr – qimmatini yo‘qotmagan o‘zbek xalq maqollarining, hikmatlarining ahamiyati beqiyosdir. Shu bois, o‘quv – tarbiya jarayonlarida yoshlarning fe’l – atvorida salbiy illatlar kuzatilganda, ota-onalar va mahalla ahli bilan munozarali suhbatlarda, murabbiy va o‘qituvchilarni kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirish kurslarida Pedagogika va yosh davrlar psixologiyasini o‘qitish jarayonida quyidagi maqolardan foydalanib ularning tarbiyaviy ahamiyatini psixologik tahlil qilish maqsadga muvofiqdir.
Eldan ayrilguncha, jondan ayril. Eshak Makkaga borib halol bo‘lmas. Bemahal yurgan qoqilar. Betga aytganning zahri yo‘q. Ko‘ngil to‘g‘ri uchun, Qulf o‘g‘ri uchun. Xo‘roz qichqirmasa ham tong otaveradi. Yomon atalib tirik yurguncha, Yaxshi atalib o‘lgan yaxshi. Yomon bilan yotma, Erta turib aytma. Omon bo‘lsang, osh yersan, Yomon yursang, tosh yersan.
Yaxshi odam o‘ynab –kulib kechirar, Yomon odam qonu zardob ichirar.
Bir yaxshi gap esdan chiqmas, Bir – yomon gap. Yaxshi gap kuldirar, Yomon so‘z o‘ldirar.
O‘zbek xalqining ezgu niyatli, tanti, adolatli va madaniyatli ekanligi – ularning o‘zaro munosabatlarida aks etadi. Jumladan, eldan ayrilgandan ko‘ra jondan ayrilishni afzalligi, yomon odamlar qanchalik toat – ibodat qilmasin uning iltijolari olloh dargohida qabul bo‘lmasligi, yomonlar bilan birga yurmaslik, hamfikr bo‘lmaslik, hatto birga ish qilmaslik, ulardan uzoqroq yurish, agar tasodifan birga bo‘lganda ularning boshqa odamlardagi ta’siri turli-tuman muammolarni shakllanishiga va hatto fojialarga sababchi bo‘lishi yorqin hayotiy xulosalar bilan tavsiflangan.
Adolat qilichi kesgan qo‘l og‘rimas. Insofi yo‘qning imoni yo‘q. Do‘stsiz boshim – tuzsiz oshim. Ayron osh bo‘lmas, Nodon – bosh bo‘lmas. Aqli kalta pand yeydi, Aqli teran – qand yeydi. Aqli kamning azobi ko‘p. Aqlsiz xotin husnini ko‘z-ko‘z qilar, Aqlli xotin – aqlini. Ahmoq, ahmoq emas, Ahmoqni ahmoq qilgan ahmoq. Ahmoqning ahmoqligi ham bosh og‘ritadi, ham oyoq.
Ahmoqning joni azobda. Boshi yo‘qning oshi yo‘q. Dono – donoga yor, Ahmoq – do‘stga zor. Dono hikmat keltirar, Nodon – kulfat. Bilimli olim, bilimsiz zolim. Ilmsiz olim – to‘qimsiz eshak. Yo‘lbars, Tulki izidan yurmas. Mard tuzar, nomard buzar. Marddan ot qolur, Nomarddan – dod. Nomard do‘stdan mard dushman yaxshi. Nomard non ustida ham nolishini qo‘ymas.
O‘zbek xalq maqollari ajdodlarimizning ming yillar davomida shakllangan va qayta –qayta sayqallanib hikmatlar darajasida ko‘tarilgan xulosalari bo‘lib, insonlarni doimo adalatli, insofli bo‘lishga, do‘st birodar ortirishga, nodonlar bilan hamfikr bo‘lmaslikka, aqlli va fahm – farosatli bo‘lishga, aqlsiz, nodon, ahmoq va nomard bo‘lganda uning ayanchli oqibatlari, xo‘rlanishi, elni nazaridan qolishi va subitsizligi haqida so‘z boradi.
Ushbu maqollar bilan tanishgan yoshlar yuqoridagicha salbiy illatlari bor odamlardan ogoh bo‘ladi, ularni holatidan jirkanadi va o‘zlarini hayot yo‘llarini belgilashda jamiyat orasida obro‘ – e’tibor topgan aqlli, farosatli, bilimli, mehnatsevar, fidoyi, mehr oqibatli, xalqparvar insonlar hayot yo‘lini tanlaydilar.
Bu o‘rinda inson tarbiyasi eng murakkab va mashaqqatli jarayon ekanligi, shu bois, yoshlarni tarbiyalashda ota – ona, murabbiylar, o‘qituvchilar, amaliyotchi psixologlar va mahalla – guzar o‘ta ehtiyotkor va ogoh bo‘lishlari ta’kidlanadi.
Dard ketar, odat qolar. Otasi buzuqning biri – buzuq, Onasi buzuqning bari – buzuq. Sut bilan kirgan jon bilan chiqar. O‘zing pishirgan osh – Aylanib ich, o‘rgilib ich. O‘rgangan qiliq o‘lganda qolar. Qon bilan kirgan jon bilan chiqar. Qush uyasida ko‘rganini qilar. Yaxshi bola nom keltirar, Yomon bola g‘am keltirar. Yaxshi bola – to‘rga tortar, Yomon bola - go‘rga. Yaxshi qiz erta turib, soch tarar, Yomon qiz erta turib non so‘rar.
Ba’zida tarbiya jarayonidagi e’tiborsizlik va ehtiyotsizlik oqibatida yoshlarda turli – tuman salbiy odatlar va illatlar shakllanishi mumkinligi, ana shunday yomon odat va illatlar shakllangan odamlar o‘la – o‘lguncha bu illatlardan qutila olmay, atrofdagi odamlarga va hatto butun jamiyatga zarar keltirishi, odamlarni jabr chekishiga sababchi bo‘lishi natijada, ular doimo insonlar nafratiga nishon bo‘lishi alohida ta’kidlanadi.
Amal yetdi ko‘rga, Yugurub o‘tdi to‘rga. Amal tegsa nodonga, O‘zini o‘rar har yonga. Kerilganning to‘yiga bor, Maqtanganning – uyiga. Eshak maqtanib, tulpor bo‘lmas, Qarg‘a maqtanib, shunqor bo‘lmas. Yurishni bilmasang, sakrashga urinma. O‘zgada nuqson ko‘rsang, O‘zingni benuqson dema. O‘zi pasmondaning ko‘ngli osmonda. O‘zingni o‘zing maqtama, Seni birov maqtasin.
Bu o‘rinda savodsiz, tarbiyasiz, nodon odamga amal tekkanligi, atrofida aqlli, farosatli odamlar bo‘lishiga qaramay to‘rga o‘tib (bosh bo‘lib) olganligi, o‘zini har yonga urishi tavsiflanadi. Bizga ma’lumki aqlli, bilimli, farosatli, ko‘pni ko‘rgan odamlar hech qachon maqtanmaydi, kerilmaydi. Kerilgan, maqtangan, ko‘ngli osmonda, man – man odamlarni asl tabiatini, ya’ni imkoniyatlarini o‘rgansangiz – tasavvuringizdagidan teskari holatni ko‘rasiz, natijada aynan shunday odamlarga nisbatan ishonchingiz yo‘qoladi. Jamiyatda shunday odamlar ham borligandan, ular haligacha o‘zini – o‘zi anglamaganligidan, xulq – atvorini to‘g‘ri baholay olmasligidan achinasiz. Bunday muhitning mavjudligi, ularni tarbiyaviy tuzatmaslik jamiyat uchun ayniqsa, yoshlar tarbiyasi uchun o‘ta havfli ekanligi bayon qilingan.
Yolg‘on yo farzandga urar, YO- davlatga. To‘g‘ri so‘z toshni yorar, Egri so‘z – boshni. Chaqimchining joyi – jahannam. Podadan oldin chang ko‘tarma. Tez so‘zlar, tez pushaymon bo‘lar. Shoshgan ishga shayton qo‘shilar. Shoshgan qiz erga yolchimas. Shoshganning ishi o‘ngmas. Mastlik – pastlik. Odam bordir, odamlarning naqshidur, Odam bordir, hayvon undan yaxshidur. Behayolar bel bog‘lasa, Xayolilar uyga kirar. Vijdonsiz- imonsiz. Sharmanda, oxir qolar armonda. Sharmsizlik- sharmandalik nishonasi.
O‘zbek xalqining eng muhim etnik xususiyatlaridan biri yolg‘on gapirishdan or qilishi, o‘zini tabiiy tutishidir. Ular yolg‘on gapirishdan qo‘rqib “yolg‘on yo farzandiga uradi, yo davlatga” deb, yolg‘on gapirmaslikka qat’iy amal qiladilar. Shu bois, to‘g‘ri so‘z toshni yorar, egri so‘z boshni yorar, yoki chaqimchilikning joyi jahannamda, deb biladilar va bu hayotiy qoidaga doimo amal qiladilar. Shuning uchun har ishda ham shoshilmaslik, o‘ylamay gapirib qo‘yish, turli holatlarda aljirash, behayolik, vijdonsizlik, sharmandalik (distruktiv xulq ifodalari) kabi illatlarning odamlar fe’l atvorida uchrab turishi yoshlarimiz tarbiyasi uchun, ularning fe’l atvorini shakllantirishda o‘ta havf solib turadigan holatlardir. Yoshlar tarbiyasi uchun ma’sul kishilar bu holatlardan ogoh bo‘lishlari yoshlarni tarbiyalash jarayonlarida tahlil qilishlari va ularni bartaraf qilishga doimo tayyor bo‘lishlari shart.
Shaxslararo munosabatlarni meyorlashtirish, yashash va turmush farovonligini ta’minlashga (distruktiv xulq sifatlari shakllanishini oldini olish va konstruktiv xulq sifatlarini tarbiyalashga) yo‘nalgan maqollar. O‘zbek xalq maqollari orasidan aksariyat maqollar shaxslararo munosabatlarni meyorlashtirish, yashash va turmush tarzini farovonlashtirishga yo‘naltirilganligi bilan alohida xarakterlanadi. Shu bois, bolalarni yoshligidan boshlab tarbiyasini qattiq nazorat qilish, ba’zi bolalar tarbiyasida yuzaga kelgan kamchilik va nuqsonlarni sezgan zohatiyoq ularni tarbiyasiga alohida e’tibor bilan qarab, ular bilan muntazam ishlashni taqozo etadi. Ayniqsa, shaxslararo munosabatlarda uchrab turadigan kamchiliklarni tarbiyalashda xalq xukmi, jamoat tarbiyasining axamiyati, doimo xalq bilan birga bo‘lish, jamoatchilik orasida belgilab qo‘yilgan qoida va meyorlarga qat’iy amal qilish lozimligi, xalqsevar, vatanparvar bo‘lish alohida o‘qtirilgan. Quyidagi maqollar aynan shular jumlasidandir.
Ursa ham, el yaxshi, So‘ksa ham, el yaxshi. Elga xizmat – oliy himmat. Elga qo‘shilgan moy yutar, Eldan ayrilganning beti yo‘q. O‘z yurtingning qadri O‘zga yurtda bilinar. O‘zga yurtning qozisi bo‘lgandan, O‘z yurtingning tozisi bo‘lgan yaxshi. O‘zga yurtning gulidan, O‘z yurtingning cho‘li yaxshi. Eldan osh yesang, elga osh ber. Yo‘qlikning uyati yo‘q, O‘g‘irlik – uyat.
Quyidagi o‘zbek xalq maqollarida ayni hayot haqiqatlar o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularda to‘g‘ri so‘zlik, haqgo‘ylik, mehnatsevarlik, xalqparvarlik, mehr – oqibatlilik, mehmondo‘stlik, nochor holatlarda birovning ko‘nglini olish, va’dasiga – vafodorlik, yaxshi odam bilan – yomon odamni farqlay olish, ular bilan bo‘lgan munosabatlarda o‘ziga xos yondashish, yaxshilik juda ham noyob – go‘zal hislat ekanligi va ana shu xislat har bir insonda bo‘lishi lozimligi aks etgan.
Haqni aytgan xor bo‘lmas. Bir kishi ariq qazir, Ming kishi suv ichar. Bir kun tuz ichgan joyga, Qirq kun salom ber. Bir ko‘ngil imorati- Ming Makka ziyorati. Bir so‘zlining yuzi –yorug‘ Munofiqning yuzi –choriq. Yomon bahil bo‘lar, Yaxshi – ahil. Yomon bilan yurdim, qoldim uyatga, Yaxshi bilan yurdim, yetdim niyatga. Yomon bilan yursang, yomon bo‘lasan, Yaxshi bilan yursang, omon bo‘lasan. Yomon – o‘z g‘amida, Yaxshi – el g‘amida. Yaxshilarga xizmat qilsang, Ham aytadi, ham qaytadi.
Aslida inson psixologiyasi, uning hayoti davomida egallagan bilimlari, unda qaror topgan sifat va fazilatlar yoki bularning aksi bo‘lgan illatlar insonning tilida, nutqida uning mazmun – mohiyatini bildiradigan fikrlarda namoyon bo‘ladi. Biz ko‘pincha ana shu omillarga qarab insonlarga real va to‘g‘ri baho bera olamiz.
Sevdirgan ham til, Bezdirgan ham til. Til yaxshisi bor etar, Til yomoni xor etar. Shirin so‘z o‘likni ham tiriltirar. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.
O‘zbeklarga xos qadriyatlarning eng muhimlaridan biri do‘stlikdir. Quyidagi maqollarda do‘stlikning inson hayotida tutgan o‘rni, kim bilan do‘stlashish lozimligi, qanday odamlar do‘st bo‘lmaydi, do‘st – birodar bo‘lishning eng avzal va foydali tomonlari yorqin ifodalangan.
Baliq suvsiz yashamas, Inson do‘stsiz. Daraxt – ildizi bilan, Odam – do‘stlari bilan. Do‘st og‘ir kunda bilinar. Chin do‘st tug‘ishganing bilan teng. Qorin go‘sht bo‘lmas, Sipohi – do‘st.
Inson o‘zaro munosabatlarida, har kungi – kundalik munosabatlarda turli – tuman odamlar bilan o‘zaro munosabatlarga kirishadi, ularni fikrini tinglaydi, ularga nisbatan o‘z fikrlarini bildira oladi. Ana shu o‘rinda odamlarning bilimi, aqli, farosati, malaka – mahorati, odamlar bilan munosabatlarga kirisha olish madaniyati, o‘z o‘rnini anglashi va boshqa bir qator sifat va fazilatlarini yoki kamchilik va illatlarini yorqin ifodalanib turganligini ko‘ramiz. Ana shunday holatlarda biz nazarda tutayotgan qahramon o‘zaro munosabatlar qatnashchilarining nozik tomonlarini albatta e’tiborga olishlari lozimligi ko‘zda tutilgan. Agar munosabatlarning ana shunday jihatlariga e’tibor qilinmasa, o‘zaro munosabatlarda muammolar shakllanishi, munosabatlar esa oqibatsiz tugashi o‘zbek xalq maqollarida alohida ogoh etilgan.
Aytguvchi nodon bo‘lsa, tinglovchi dono kerak. Amalga qarama, aqlga qara.
Aqling bo‘lsa, oqilga ergash, aqling bo‘lmasa – naqlga. Axmoq ahmoqni topar.
Aqlliga aytdim, angladi- bildi, aqlsizga aytdim, shaqillab kuldi. Aqllining qadri ahmoqning oldida bilinar. Aqlni beaqldan o‘rgan. Ahmoq boshdan aql chiqmas, Aql chiqsa ham, ma’qul chiqmas. Ahmoq o‘zi bilmas, Bilganning so‘ziga kirmas. Ahmoq o‘zini maqtar, Tentak- qizini. Ahmoqni urma, so‘kma - gapga sol. Ahmoqqa salom berdim, Besh tangga tovon berdim.
Bo‘ying tengi bilan yurma, Aqling tengi bilan yur. Dono bilan yursang, dono bo‘lasan, Ahmoq bilan yursang, rasvo bo‘lasan. Dono so‘ziga bino qo‘yar Nodon – o‘ziga. Dononing so‘zidan ham qolma, Yurgan izidan ham. Ko‘p o‘qigan olim bo‘lsa, Ko‘pni ko‘rgan dono bo‘lar. So‘zlovchi ahmoq bo‘lsa, Tinglovchi dono kerak. Bilagi zo‘r birni yiqar, Bilimi zo‘r – mingni. Bilgan o‘zar, Bilmagan to‘zar.
Quyidagi maqollarda inson mehnatsevar bo‘lishi, o‘z ishini, kasbini sevishi, qilgan ishidan hamma qanoatlanishi lozimligi, mard bo‘lish, do‘st boshiga ish tushsa eng yaqin kishisi sifatida yonida bo‘lish, hatto maslahatni ham mardlardan so‘rash lozimligi haqida so‘z boradi. Shuningdek, bola tarbiyasiga nozik niholga yondoshgandek yondoshish, unga kattalarga qo‘yilgan talablarni qo‘ymaslik, xo‘rlamaslik, lekin tayoq bilan ayiqni ham tarbiyalash mumkinligi haqida so‘z boradi. Ona oqil bo‘lsa – farzandlari ham oqila bo‘lishi bu albatta ona tarbiyasiga bog‘liqligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Yaxshi bilsang ishingni, Yaxshilar silar boshingni. Mard – kurashda, do‘st – tashvishda, Dono g‘azabda sinalar. Maslahatni marddan so‘ra. Tayoq ayiqni ham mulla qilar. Ona qilsa zo‘rlikni, Bola tortar xo‘rlikni. Ota g‘ayratli bo‘lsa, Bola ibratli bo‘lar. Semiz qo‘zining go‘shti yaxshi, Oqil onaning - qizi.
Quyidagi maqollarda o‘zbeklarga xos er – xotin munosabatlari, xotinning eriga itoatkorligi, qiz berishda kuyovning otasiga qarab, kelin tanlashda qizning onasiga qarab tanlash juda ham muhimligi alohida qayd etiladi. Farzandning ota – ona oldidagi, shogirdning ustoz oldidagi burchlari, ular o‘rtasida bo‘ladigan muomala-munosabat odoblari va unga qat’iy amal qilish lozimligi haqida so‘z boradi. Shuningdek, aqlli xotin doimo uy ko‘rki, chiroyli xotin esa ko‘cha ko‘rki ekanligi, ba’zi birovlar pardoz bilan chiroyli ko‘rinadilar – bunday husnlar vaqtincha ekanligidan ogoh etiladi.
Xotin olsang, yoshdan ol, Jilovini boshdan ol. Qiz bersang, otasiga qarab ber, Qiz olsang, onasiga qarab ol. Onangga boshingni ham qil, Otangga gapingni kam qil. Otang bolasi bo‘lma, Odam bolasi bo‘l. Usta boridap qo‘lingni tiy, Ustod borida - tilingni. Aqlli xotin – uy ko‘rki, Chiroyli xotin – ko‘cha ko‘rki. Pardoz qilgan chiroyli, Ammo husni bir oyli.
Inson tirik mavjudodlar o‘rtasida eng murakkab shakllangan oliy va ongli mavjudotdir. U borliqning gultoji bo‘lib, o‘zini o‘rab turgan borliqni, undagi narsa va hodisalarni tinimsiz o‘rganib boradi, ajdodlari tajribalariga tayanadi, shunga asoslanib voqelikni o‘z ehtiyojlariga moslab o‘zgartiradi, yashash uchun zarur va qulay shart – sharoitlar yaratadi, ortirgan tajribalarini avlodlarga o‘tkazib (o‘rgatib) boradi. Shu bois, inson eng oliy qadriyatdir. Shu nuqtai nazardan quyidagi maqollarda atrofimizda yurgan odamlar orasida nafaqat yaxshi odamlar borligi, shu bilan birga yolg‘onchi – firbgar odamlar haqida yoki biror nimani usti yaltiroqligiga qarab arzon olib – keyinchalik undan ko‘p pushaymon qilishimiz, arzonni sho‘rvasi hech qachon tatimasligi shuningdek, boqmasa mol albatta qo‘ldan ketishi (o‘lishi). Ho‘rlasa xotin uydan ketishi haqida gap boradi.
Yoki insonning qadr – qimmati hamma narsadan, hatto mol – dunyo va oltinlardan ham yuqori turishi, shu bois, inson mehnati bilan, kasbiga fidoiyligi, bilimi, aql – idroki, odamlarga bo‘lgan mehr – oqibati, vatanga bo‘lgan sadoqati bilan qadr topishi lozimligi hayotiy misollar bilan ogoh etilgan.
Bo‘sh tegirmon guldirar. Arzon oldim – armon oldim. Yolg‘onchining yonidan o‘tma, Rostgo‘yning yonidan ketma. Arzonning sho‘rvasi tatimas. Mol – dunyo topilar, odam topilmas. Boqmasang moling ketar, Xo‘rlasang – xotining.
It izzatga arzimas, Eshak – tarbiyaga. Qadring qochgan joydan qoch. Mol topguncha, qadr top. Mulla (ziyoli) bo‘lding – tilla bo‘lding. Ona – olam faxridir. El siylagan eshikda o‘tirmas. El qadrini bilmagan, O‘z qadrini bilmas. O‘z qadrini bilmagan, O‘zga qadrini na bilsin. Qadrlasang qadring oshar, Qadrsizdan hamma qochar. Joningni fido qilsang qil, Nomusingni fido qilma. Bolaga ish buyur, Orqasidan o‘zing yugur.
O‘zbek xalqining eng yaxshi fazilatlaridan biri – bu biror ishni qilishdan avval u haqida obdon o‘ylab olish, keng mushohada yuritish, hayotiy misollar bilan taqqoslash, ana shu masala ustida hayot tajribasiga ega-bilimli odamlar bilan kengashib bir qarorga kelgandan so‘nggina ish boshlashidir. Quyidagi maqollarda yoshlarni hayot yo‘lida anchagina muammolar kutib turishi, ular albatta ana shu muammolarga yechim topishda o‘zbek xalq maqollarida aks etgan qoidalarga, hikmatlarga amal qilishi shartligi nazarda tutiladi.
Boshliq bulish oson, boshlamoq qiyin. Omonat ish ovora qilar. Otni sinash oson, Odamni sinash qiyin. Avval kuzat, keyin tuzat. Arqog‘ini ko‘rib buzini ol, Onasini ko‘rib- qizini. Bolam sevsin desang, bolasini sev. Dusting kimligini ayt, Sening kimligingni aytaman. Yovni kichik ko‘rsang, boshing ketar. Yosh yigitning kuzi bilan qiz olma. Kelmaganing ketidan borma. Kiradigan eshigingni qattiq yopma.
O‘zbek xalq maqollarida aynan shu xalqning tarixi, iqtisodiyoti, turmush tarzi va huquq meyorlari, urf – odatlari, qadriyatlari, xalqning e’tiqodi umuman millatning butun hayoti aks etgan. Shu bois maqollar xalqning nodir ma’naviy boyligi bo‘lib, milliylikni saqlashga, millat vakilining o‘z – o‘zini anglashga davlat etuvchi asosiy omillardir.

Yüklə 1,81 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   79




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin