Birinchi bosqich 1991-1994 yillarni o‘z ichiga olib, bu bosqich soliq tizimining tashkil etilishi va soliqlarning fiskal funksiyasi yuqori ahamiyatga ega bo‘lganligi bilan ajralib turadi.
O‘zbekiston soliq tizimini yaratishda 1991 yil 15 fevralda qabul qilingan "Korxonalar, tashkilotlar va birlashmalardan olinadigan soliqlar to‘g‘risida"gi qonun birinchi me’yoriy hujjatlardan bo‘ldi. Mazkur qonunda soliq tizimining tuzilishi va ishlashining umumiy asoslari ko‘rsatildi hamda amaliyotga joriy etilgan soliqlarni hisoblash va undirish tartibi belgilab berildi.
Shu bilan birga, 1991 yil 15 fevralda "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Bu qonunga binoan soliq ob’ekti kengaytirildi, ya’ni ilgari daromad solig‘ini jamoa xo‘jaligi orqali to‘lab bergan jamoa a’zolari to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z daromadlaridan to‘laydigan bo‘ldilar.
1993 yil 7 mayda O‘zbekiston Respublikasining "Mahalliy soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilindi. Bunday soliqlarga jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i, er solig‘i, kurort zonalarida ishlab chiqarish ob’ektlari qurish solig‘i, reklama solig‘i, avtomobil vositalarini qayta sotish solig‘i, transport vositalarini egalaridan soliq va 13 ta har xil yig‘imlar kiritildi.
1991 yil 15 fevralda qabul qilingan "Korxonalar, tashkilotlar va birlashmalardan olinadigan soliqlar to‘g‘risida"gi qonunga 1993 yil 7 mayda o‘zgarishlar kiritilib, chet el valyutasida olinadigan tushumdan ajratma joriy etildi. Respublika valyuta jamg‘armasiga ajratma dastlab 25%, keyinchalik 10% miqdorida belgilandi. Soliq tizimidagi islohotlarning birinchi bosqichida soliqlarning fiskal samaradorligiga erishish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, bevosita soliq tizimiga joriy etildi.
Ikkinchi bosqich 1995-1997 yillarni o‘z ichiga olib, bu bosqich soliqlarni bozor iqtisodiyoti talablariga moslashtirish va korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli hisoblanadi.
Soliq tizimidagi islohotlarning ikkinchi bosqichida soliqlarni korxonalarning ishlab chiqarishini rag‘batlantirishga qaratish maqsadida korxonalar har bir foiz mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirgani hisobiga foyda solig‘i stavkasi 0,3 foizga kamaytirish, qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun foyda solig‘i stavkasi rentabellik darajasidan kelib chiqib, ya’ni rentabellik darajasi 40% gacha bo‘lgan korxonalar uchun 3 foizli stavkada, rentabellik darajasi 40%dan yuqori bo‘lgan korxonalar uchun 20 foizli stavkada undirish tartibi belgilandi.
1995 yildan boshlab soliq tizimi ixchamlashtirilib, bir qator samarasiz soliqlar va yig‘imlar, ya’ni respublika tashqarisiga olib chiqiladigan xomashyo resurslari uchun soliq, hisoblab yozilgan amortizatsiyadan byudjetga 30 foiz ajratma va shu kabilar bekor qilindi. Jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliq shkalasi o‘zgartirildi.
1997 yil 24 aprelda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilindi va 1998 yildan amaliyotga joriy qilindi. Bu hujjat orqali soliq qonunchiligini mustahkamlash bilan birga, milliy mahsulotlar eksportini, import tovarlar o‘rnini bosadigan mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni, nogironlarning ishlab chiqarishdagi ishtirokini, mehr-muruvvat ishlarini rag‘batlantirish vazifasi kuchaytirildi.
Davlat soliq xizmati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash maqsadida 1997 yilning 29 avgustida "Davlat soliq xizmati to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi. Unda, davlat soliq xizmati organlarining asosiy huquqlari, vazifa va funksiyalari belgilanishi bilan birga uchastka davlat soliq inspektori lavozimi joriy etildi.